Jamiyat | 08:19 / 01.12.2016
17372
2 daqiqa o‘qiladi

Chechenistonda spirtli ichimliklar sotiluvchi barcha do‘konlar yopildi

Chechenistonda ro‘y bergan yirik YTHdan so‘ng spirtli ichimliklar sotiluvchi barcha savdo nuqtalari yopildi, deb xabar qildi Checheniston parlamenti raisi, YTHni oldini olish tezkor shtabi rahbari Magomed Daudov.

“Kavkaz” trassasida yuz bergan so‘nggi avtohalokatdan so‘ng alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan ishbilarmonlar o‘z faoliyatidan ixtiyoriy ravishda voz kechishdi”, - dedi Daudov respublika rahbari Ramzan Qodirov bilan yig‘ilish chog‘ida.

Parlament spikerining so‘zlariga ko‘ra, Chechenistonda spirtli ichimliklarni sotishga mo‘ljallangan 20 ta savdo nuqtasi bo‘lgan. “Endi hududda alkogol sotiluvchi bironta do‘kon yo‘q”, - dedi Daudov. 

Qodirovning ta'kidlashicha, mast holatda rulga o‘tirgan haydovchi eng qattiq jazoga tortilishi lozim. 

Eslatib o‘tamiz, respublika rahbarining o‘zi noyabr oxirlarida ro‘y bergan mudhish YTH haqida xabar berdi. Ma'lum bo‘lishicha, Chechenistondagi “Kavkaz” federal trassasida mast holda bo‘lgan Ford haydovchisi qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, Lada Priora bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda yetti kishi, jumladan ikki nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan, yana ikki kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan.
 

Mavzuga oid