O‘zbekiston | 23:39 / 14.12.2016
55050
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi o‘zgarishlarga izoh berdi

O‘zbekiston Prezidenti sifatida oldinda turgan vazifalar haqida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligiga e'tibor kuchaytirilishi haqida gapirdi. Prezident nutqi televideniyeda uzatildi.

"Iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish va aholining ularga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, jumladan, maqbul narxlar bo‘yicha keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan xalqimizni to‘liq ta'minlash oldimizda turgan muhim vazifalar qatoriga kiradi. 

Biz uchun bebaho boylik bo‘lgan inson salomatligini asrash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning birlamchi bo‘g‘inidagi bo‘linmalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, tez tibbiy yordam va yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatadigan, ixtisoslashgan maxsus markazlarni yanada rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish Hukumatning e'tibor markazida bo‘lishi darkor", deydi davlat rahbari. 

"Bu masalada kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi rahbar kadrlar to‘liq yangilandi va aytish mumkinki, ularning tarkibi kuchaytirildi. 

Barchangizning xabaringiz bor, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keyingi paytda aniq choralar ko‘rilmoqda va biz bu ishlarni qat'iy davom ettiramiz. 

Bu boradagi islohotlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori vositalari bilan ta'minlash sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega", deya davom etgan Shavkat Mirziyoyev. 

12 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri almashtirildi. 2012 yilning yozidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Anvar Valiyevich Alimovning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov tayinlandi. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Bositxonova Elmira Irkinovna Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan.

Prezident bu o‘zgarishlarga izoh bera turib, "zaxiradagi eng kuchli kadrlar muhim o‘rinlarga qo‘yilgani"ga urg‘u qaratgan. U sohadagi avvalgi mas'ullarni mas'uliyatsizlikda aybladi.

Shuningdek, prezident nutqida eslatib o‘tilishicha, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan 15ta maqsadli dasturning ayrimlari qabul qilinib, ularning ijrosiga kirishildi va yaqin vaqt ichida shu yo‘nalishdagi boshqa dasturlarning barchasini tasdiqlash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanadi. 

Mazkur dasturlarning barchasini yagona maqsad birlashtirib turadi. Ya'ni, ular yaqin 5 yilda aholi punktlarini, ayniqsa, qishloq joylar, tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini shakllantirishga doir bir qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratiladi.

Mavzuga oid