Jahon | 07:30 / 15.12.2016
4726
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzodi qo‘yilgan Exxon Mobil rahbari iste'foga ketmoqda

Foto: © AP

AQShning yangi prezidenti etib saylangan Donald Tramp tomonidan AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzodi taklif qilingan, AQShning Exxon Mobil neft-gaz kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Reks Tillerson yil oxirida iste'foga ketmoqda, deb ma'lum qildi Exxon kompaniyasi. 

Uning kompaniyadagi o‘rnini 2017 yil 1 yanvardan kompaniya prezidenti Darren Vuds egallaydi.

Tramp Tillersonni AQSh davlat kotibi lavozimiga taklif qilgandi. Tillerson nomzodi kongress senati tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Tillerson kompaniyadagi faoliyatini 1975 yilda muhandis-texnolog sifatida boshlagan. U korporatsiyada 41 yil ishlagan va 2017 yil mart oyida 65 yoshga to‘lganda, shundoq ham iste'foga ketishi kerak edi. Aynan shu yoshda kompaniyaning barcha ishchilari pensiyaga ketishlari shart qilib qo‘yilgan. Biroq Tillerson AQSh davlat kotibi lavozimiga tasdiqlash jarayoniga qo‘yiladigan bir qator talablar sababli muddatdan vaqtliroq iste'foga ketishga qaror qildi.

Ma'lum qilinishicha, kompaniya direktorlar kengashi Tillersonni yangi lavozimga nomzodi qo‘yilishi bilan tabriklagan.

 

Mavzuga oid