Jahon | 00:03 / 20.12.2016
12278
2 daqiqa o‘qiladi

BMT, AQSh va YeIda Rossiyaning elchisi o‘ldirilishi qoralandi

Foto: Reuters

BMTda Rossiyaning Anqaradagi elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi qoralandi. Bu haqda BMT bosh kotibining vakili Stefan Dyujarrik ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.  

"Diplomatga yoki elchiga hujum qilinishini oqlab bo‘lmaydi. Umid qilamizki, aybdorlar javobgarlikka tortiladi", deb aytgan Dyujarrik.

Qotillikka AQSh Davlat departamenti ham munosabat bildirdi. "Biz bu zo‘ravonlik aktini uni kim amalga oshirganidan qat'iy nazar qoralaymiz", deb aytgan departament matbuot kotibi Jon Kirbi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili  Federika Mogerini Turkiya hukumati bilan aloqada ekanligini ma'lum qilgan. "Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovga elchi Karlovning o‘ldirilishi tufayli YeIning hamdardligini bildirdik", deb yozgan Mogerini tvitterda.

Karlovga suiqasd Anqaradagi zamonaviy san'at galereyasida sodir etilgan. Elchi bu yerga "Rossiya turklar nigohida" fotoko‘rgazmasining ochilishiga kelgan bo‘lgan. U o‘z nutqini yakunlayotgan vaqtda qurollangan kimsa uning orqasidan o‘q uzgan. Elchi olingan jarohatlardan halok bo‘lgan. Qotil turk kuchlari tomonidan yo‘q qilingan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, qotil Anqara politsiyasi xodimi bo‘lgan. U galereyaga kirishda politsiyachi guvohnomasini ko‘rsatgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, guvohnoma qalbaki bo‘lishi mumkin. 

 

Mavzuga oid