Jahon | 08:19 / 27.12.2016
31676
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon qurol-yarog‘lar savdosi bo‘yicha 2015 yil reytingi tuzib chiqildi

2015 yilda AQSh xorijiy mamlakatlarga qurol-yarog‘, jangovar texnikalar, o‘q-dorilar sotish bo‘yicha dunyo yetakchiligini saqlab qoldi. U umumiy miqdorda 40 mlrd dollarlik shartnomalar imzolagan, deb yozmoqda The New York Times nashri. Gazeta Kongress tadqiqot xizmati hisobotining qisqartirilgan shaklini keltirgan. 

Nashrning yozishicha, AQShning bu bozordagi izdosh raqobatchisi Fransiyadir. Biroq, bu mamlakat bir yil davomida 15 mlrd dollarlik qurol sotishning uddasidan chiqqan. 

Aniqlik kiritilishicha, 2015 yilda eng ko‘p qurol-yarog‘ xarid qilgan mamlakat esa Qatar bo‘lgan. Ushbu davlat 17 mlrd dollardan ko‘proq miqdorda qurol xarid qilgan. Misr shu maqsadda 12 mlrd dollarning bahridan o‘tgan. Saudiya Arabistoni 8 mlrd dollarlik bitim imzolab, mijozlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda bo‘lgan. 

The New York Times nashriga ko‘ra, butun dunyodagi qurol-yarog‘ savdosi hajmi 2014 yilgiga nisbatan 9 mlrd dollarga qisqargan va 89 mlrd dollardan 80 mlrd dollarga tushgan. Ammo, Fransiya va AQSh bu boradagi savdo hajmini oshirishning uddasidan chiqqan hamda tegishli ravishda 9 va 4 mlrd dollar ko‘paytira olgan. 

Bundan tashqari, ro‘yxatning uchinchi o‘rnida bo‘lgan Rossiyaning 2015 yilgi qurollar savdosidan daromadi 2014 yil bilan qiyoslaganda bir oz tushgan va 11,2 mlrd dollar o‘rniga 11,1 mlrd dollarni tashkil etgan.

 

Mavzuga oid