Jamiyat | 00:33 / 29.12.2016
26079
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda

Foto: O‘zA

El-yurtini sevgan, uning taraqqiyoti va farovonligi uchun sidqidildan xizmat qilgan farzandlarni tarix ham siylaydi. Xalqimizning tinch, to‘kin va barqaror hayoti, yorug‘ kelajagi yo‘lida kurashgan insonlar nomi haqli ravishda abadiyatga daxldordir.

Bu jihatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 7 dekabrdagi qarori bilan o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli adib, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish borasidagi ezgu ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

28 dekabr kuni o‘zbek adabiyoti, san'ati va ilm-fan sohasi vakillari, adibning muxlislari, yoshlar poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Al-Xorazmiy 1-tor ko‘chasi 7-uyda jam bo‘ldi. Atoqli shoir 1966-2016 yillarda yashab, ijod qilgan bu xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatildi.

Foto: O‘zA

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Badiiy akademiya raisi o‘rinbosari F.Toshmuhamedov, adabiyotshunos olim I.G‘afurov va boshqalar atoqli shoirimizning ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos maktab ekanini ta'kidladi. Erkin Vohidov adabiyotda ham, hayotda ham fenomen – noyob hodisa edi.

– Menga qariyb yarim asr shunday benazir ijodkor bilan qo‘shni yashab, yaqin hamsuhbat bo‘lish baxti nasib etgan, – deydi shoirning do‘sti Abdukarim Usmonxo‘jayev. – Erkin Vohidov o‘zbek mumtoz she'riyatini zamonaviy badiiy usullar asosida yangi bosqichga olib chiqdi, uning ijodi XX asrdayoq katta bir daryoga mengzalgani bejiz emas. Shoir xotirasini abadiylashtirish borasidagi bu ezgu ishlar xalqimiz va davlatimiz o‘zining «oq sutu tuz hurmati»ni oqlagan dilbar farzandini munosib qadrlayotganining go‘zal bir ifodasidir.

Tadbir ishtirokchilari va adibning oila a'zolari atoqli shoir qabrini ziyorat qildi. Shoir qabriga gul qo‘yilib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi, Qur'on tilovat qilindi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarori milliy adabiyotimiz va ma'naviyatimizni yuksaltirish, ijodkorlar mehnatini munosib rag‘batlantirish borasidagi yuksak e'tibor ifodasi ekanini, atoqli shoirimiz ijodi va uning adabiyotimizda tutgan o‘rni, hamisha yosh avlodni yangicha tafakkur bilan yashashga undashdagi ahamiyatini ta'kidladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari I.Mirzaaliyev, «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori O.Musayev va boshqalar istiqlol yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan ma'naviyatni yuksaltirish, adabiyot rivoji va ijodkorlar uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasidagi ezgu sa'y-harakatlar bugun ham izchil davom ettirilayotganini ta'kidladi. Bu ulug‘ ishlar silsilasida Erkin Vohidov ijodi ham nainki milliy ma'naviyat va adabiyotimizdagi jiddiy badiiy-estetik hodisa, balki ijodning bosh maqsadi – inson hayotining ma'nosini anglash-anglatishda o‘ziga xos badiiy-falsafiy maktab sifatida qadr va e'zoz topayotir.

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra atoqli shoirimizning o‘zbek tilida “Saylanma” asarlari, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she'riy to‘plamlari nashr etildi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Erkin Vohidov ijodining ma'naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati” mavzuida ilmiy konferensiya o‘tkazildi, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san'atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil qilindi.

Atoqli shoirimiz 1961 yili ilk she'riy to‘plami – «Tong nafasi» bilan o‘zbek adabiyotiga yangi nafas olib kirdi, shu bois tezda adabiyotshunoslar va muxlislar tiliga tushdi, dillardan joy oldi. O‘ttiz uch yoshida «Yoshlik» devonini tuzib, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ta'kidlaganidek, «mumtoz adabiyotimizning oltin eshiklari abadiy berkiladi, deb karomat qilingan pallada aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi». Hayot go‘zalligi, inson hayoti ma'nosi, ma'naviy kamolot yo‘llari teran ifodalangan bu she'riyatda buyuk ijodkor ajdodlarimiz asos solgan badiiy yo‘l izchil davom ettirildi, yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqildi.

Erkin Vohidov 1968 yili «O‘zbegim» qasidasini yozib, ona tilimiz xor bo‘lgan, o‘z millati bilan faxrlanish millatchilik sanalgan, tariximiz faqat qorong‘ilikdan iboratdek talqin qilingan, tarixiy asar yozganlarga o‘gay ko‘z bilan qaraladigan pallada o‘z millatini, buyuk tariximizni ulug‘ladi. Shoirning bu jasorati – xalqi boshiga tashvish tushganda, kurashga chiqadigan katta ijodkorlarga xos millatparvarlikning yorqin namunasi edi.

– Erkin Vohidovning istiqlol yillaridagi she'rlari toptalgan milliy qadriyatlarni tiklash, o‘zini topish, o‘zligini tanish yo‘li mashaqqatli bo‘lish bilan birga g‘oyat sharafli ham ekanini yana bir bor tasdiqladi, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatov. – Shoir she'riyatida inson hayotning achchiq haqiqatlaridan, qarama-qarshiliklaridan, hayot dialektikasidan aslo yuz o‘girmaydi, balki shu betinim harakatdagi dialektika ichida hayot oqimi bilan kurashib, borliqqa dadil va faol ta'sir ko‘rsatishga intiladi.

Mustaqillik yillarida Erkin Vohidov davlatimizning ma'naviy asoslarini yaratishda faol ishtirok etdi. Bu jihatlar uning ijodiy va ijtimoiy faoliyatida yorqin namoyon bo‘ldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin, obod va farovon hayotini tarannum etadigan, inson qadr-qimmatini ulug‘laydigan yangi she'riy asarlari, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bag‘ishlangan kitoblari minglab oilalarga, millionlab qalblarga kirib bordi. Vatanimiz atoqli adibning o‘zbek adabiyoti va san'atini rivojlantirishdagi xizmatlarini yuksak taqdirladi: O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvoni berildi, “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi.

– Jurnalimizning birinchi bosh muharriri Erkin Vohidov bo‘lgani bizga g‘urur va mas'uliyat bag‘ishlaydi, – deydi «Yoshlik» jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq. – Ustoz she'riyatidagi tiniqlik va tabiiylik, soddalik va teranlik, musiqiylik va ravonlik, fikr va tuyg‘u muvozanati – ulkan iste'dod, hayotiy tajriba va qattiq toblangan mahorat mahsuliki, bu maqomga faqat havas qilish mumkin. Erkin Vohidovning badiiy maktabi o‘zbek adabiyoti kuch-qudratini dunyoga tanitadigan ijodkorlar uchun ko‘p yillar mahorat beshigi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

...Oradan yillar, asrlar o‘tsa-da, «Vatan, to tanda jonim bor, seningdirman, seningdirman» degan xalqimizning bu otashnafas va dilbar shoiri o‘z asarlari bilan «tirik sayyora» yanglig‘ avlodlarga komillik, tinchlik, vatanparvarlik, adolat, soflik kabi ezgu fazilatlar va go‘zal tuyg‘ulardan saboq beraveradi.

Bu jihatlar O‘zbek Milliy akademik drama teatridagi adabiy-badiiy kechada namoyish etilgan adib hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi hujjatli filmda ham o‘z ifodasini topgan.

Tadbirda Erkin Vohidovning rafiqasi Gulchehra Vohidova atoqli shoir tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish borasidagi yuksak e'zoz-e'tibor uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Marosimda Erkin Vohidov sevgan va uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

Mavzuga oid