O‘zbekiston | 18:45 / 02.01.2017
40189
5 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatning Bosh archasi Toshkent markazida katta tirbandlikni keltirib chiqardi

Foto: Sputnik

O‘zbekiston bosh archasining Mustaqillik maydonidan Anhor-Lokomotiv bog‘i yoniga ko‘chirilishi haqidagi qaror puxta o‘ylangan va to‘g‘ri ishdek taassurot uyg‘otgan edi, deb xabar bermoqda Sputnik.

Ammo tomoshalarning ilk kunlaridanoq bu xom tasavvur ekanligini isbotlandi. Archa nafaqat shu atrofda yashovchi poytaxt aholisi, balki, Yangi yil malikasini tomosha qilishga kelguvchilar uchun ham bir qator tashvishlar keltirdi. Ilgarilari Yangi yil archasi ma'muriy kvartal deb atalmish — Mustaqillik maydonida qad rostlar edi. Militsiya xodimlari archa yonidan o‘tadigan asosiy trassani yopar, MXX binosi yonidan vaqtinchalik yo‘l ochilar edi va tirbandlik masalasi shu bilan qisman bo‘lsa-da, hal etilardi.

Endi nima holat yuz berdi. Archani aholi eng zich joylashgan va olib keluvchi hamda undan olib chiquvchi yo‘llar sanoqli bo‘lgan tumanda o‘rnatishdi. Bundan tashqari, hudud yonidan shaharni bir nechta tumanlar bilan bog‘lovchi gavjum trassalar ham o‘tgan. YHXBB xodimlarining puxtalik bilan tashkillashtirilmagan ishi bilan hamohang bu holat tumanda doimiy tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Haydovchilar va fuqarolar o‘zlarining ilk noroziliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bildirishdi. 

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining biri bosh archa atrofidagi holatga quyidagicha izoh qoldirgan: "Labzakda tartibsizlik avjida. Tirbandlik shu darajadaki Abu-Saxiy dam oladi. Melisalar son-sanoqsiz, ammo bu aholi eng zich joylashgan kvartallardan biri bo‘lgani sabab, ular ham buning uddasidan chiqa olmayaptilar".

“Archani har doimgidek Mustaqillik maydonida o‘rnatish kerak edi. Ammo rahbariyat to‘g‘ri qaror qilgan bo‘lsa kerak, balki shunday qilish kerak bo‘lgandir, biroq bunday tumanda shunday darajadagi tadbirni o‘tkazishdi va mana, hatto DAN xodimlari ham eplay olmayapti”, — deya fikr bildirgan internet foydalanuvchilaridan yana biri. 

"Deyarli barcha avtomobilda kelishini hisobga olsak, archa uchun joy unchalik yaxshi tanlanmagan. U yerga bir-ikki soatga borishni xohlaymiz, biroq tirbandlikda qolib ketishdan odam cho‘chiydi”, - deya yozgan yana bir foydalanuvchi.

Ushbu holat bilan yaqindan tanishish maqsadida Sputnik muxbirlari voqea joyiga borishdi. Haqiqat internetda aytilgan gaplarga mos tushdi. Xiyobonga kelish uchun 30 daqiqacha tirbandlikda turishga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, xiyobon yonida avtoturargoh ham tashkil etilmaganligi oydinlashdi - mashinalar yo‘llar chetida, yo‘laklarda, avtobus bekatlarida qoldirib ketilgan va bu bilan shundoq ham murakkab vaziyatni yanada chigallashtirgan edi. Muxbirlar shu yon-atrofda turgan uylarning birining hovlisiga o‘z mashinalarini qo‘yishga majbur bo‘ldilar.

Aytish joizki, YHXBB xodimlari haqiqatdan ham yuzaga kelayotgan tartibsizlik bilan qanday kurashishni bilmasdilar. "Ko‘z oldimizda yo‘lni tartibga solib turuvchi DAN xodimlaridan biri holatni yaxshi tomonga o‘zgartira olmay, hammasiga qo‘l siltadi va vaziyatni boshqarishni haydovchilarning o‘zlariga qo‘yib berdi", — deydi muxbir.

"Tomoshabinlarga noqulaylik tug‘dirgan holatlarning yana biri — bu boqqa kiraverishda "metalloiskatel", ya'ni temirni aniqlaydigan maxsus uskunaning o‘rnatilgani bo‘ldi. Bu yerda ayollar alohida, erkaklar alohida tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Hech kim bu to‘g‘ri ish ekanligiga shubha bildirmoqchi emas, albatta. Ammo odamlar gavjum bo‘lishini inobatga olgan holda bunday uskunalar soni ikki barobarga ko‘paytirilishi kerak edi. Axir, boqqa kiraverishda hosil bo‘lgan navbat tufayli yana vaqt yo‘qotishga to‘g‘ri keldi.

Xullas, yuqorida aytib o‘tilgan to‘siqlarni yengib, ichkariga kirsangiz, bosh archa nega bu hududga ko‘chirilganini tushunib yetasiz. Hududning bepoyonligini ko‘rib dilingiz yayrasa, attraksionlar va tomoshalar soni Mustaqillik maydonidagidan ko‘pligini ko‘rib, quvonchingizga quvonch qo‘shiladi. Mustaqillik maydoni buncha odamni o‘z bag‘riga olomasligi ham haqiqatdek bo‘lib ko‘rinadi. Qisqasi, agar tirbandlikni yengib, avtoturargohlar yuqligiga ham tan berib, kiraverishdagi navbatlarga ham rozi bo‘lib, bosh archa o‘rnatilgan xiyobonni tomosha qilish istagingiz bo‘lsa, marhamat! Barcha to‘siqlarni yengib o‘tgach, tomoshalar va attraksionlargacha yetib borasiz, degan umiddamiz", deya yakunlangan maqola.

Mavzuga oid