O‘zbekiston | 22:47 / 05.01.2017
43292
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qishloq vrachlik punktlari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi

Foto: UzA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 5 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda hukumat a'zolari, senatorlar, viloyat hokimlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari rektorlari, sog‘liqni saqlash tizimi mas'ul xodimlari ishtirok etdi. 

«Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e'tibor qaratilayotganini qayd etib o‘tgan. 

«Bugun zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg‘or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o‘zlashtirmog‘i zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir. 

2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e'lon qilinganida ham katta ma'no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi», degan prezident. 

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etgandi.

Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarning 7 mingdan ziyodi aynan tibbiyot sohasiga tegishli ekani ham mazkur sohada muayyan muammolar yig‘ilib qolganligini ko‘rsatmoqda. Aholining murojaatlari, fikr-mulohazalari va takliflari sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda. 

Shundan so‘ng u tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha to‘xtalgan. 

«Qishloq vrachlik punktlari faoliyatiga oid quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar yetarli darajada emas. Ba'zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelayotganini ham inkor eta olmaymiz. 

Ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilmoqda. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar yetishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko‘pligini anglatadi», deb fikrini davom ettirdi Prezident. 

Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlamog‘i zarurligi, buning uchun punkt yonidan shu joyda ishlaydigan vrachga uy qurib berish lozimligi qayd etilgan. 

«Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Lekin bugun xalqimiz bu xizmat sifatidan rozi, deya olmaymiz. Tizimni mutlaqo o‘zgartirish – davr talabi», degan davlat rahbari. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. 

«Ayollarimiz iboli, hayoli. Ba'zi masalalarda shifokorga borib dardini bemalol aytavermaydi. Shu bois xotin-qizlar uchun alohida poliklinika tashkil qilishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. Toki ular borib o‘zini qiynayotgan masalada bemalol fikrlashsin. Chunki ertangi kunimizning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollarimizning salomatligiga bog‘liq», deya qayd etgan prezident. 

«Sog‘liqni saqlash sohasi haqida gapirganda bir haqiqatni esimizdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak», deb ta'kidlagan Shavkat Mirziyoyev. 

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi ta'kidlangan.

«Mavjud markazlarning hammasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu, ayniqsa, qishloq aholisiga muayyan noqulayliklar tug‘dirayotir. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari joylarga chiqib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmog‘i, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmog‘i lozim», degan prezident. 

Tadbirda mamlakat sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta'lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid