O‘zbekiston | 20:14 / 09.01.2017
18402
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Birlamchi tibbiy yordam muassasalari faoliyati bugungi kun talablariga javob bermaydi

Foto: UzA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 5 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashdi. Tadbir videokonferensiya shaklida tashkillashtirilib, respublikaning barcha hududlari bilan bog‘langan holda o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz ijtimoiy hayotida bu soha qanchalik muhim o‘rin tutishi, sog‘lom avlod kelajagi aynan shu sohaning samarali faoliyatiga chambarchas bog‘liqligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. 

"Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishidir. Mustaqillik yillarida bu sohada bir qator ishlar olib borildi. Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich tibbiyotga juda katta mablag‘lar ajratdilar, markazlar tuzdilar, qishloq vrachlik punktlarini tashkil qildilar. Shunga qaramay, sog‘liqni saqlash tizimida o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar yuzaga kelgan. Bu, o‘z navbatida, aholi salomatligini mustahakamlash, yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish masalalariga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili virtual qabulxonaga kelib tushgan qariyb 7000dan ko‘proq murojaatlar sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli. Ularda fuqarolarimizning tibbiyot xodimlaridan noroziligi, ularning o‘z vazifalariga befarqlik va loqaydlik bilan yondashganliklari, bemorlarga xizmat ko‘rsatishda sansolarlik, rasmiyatchilik, ta'magirlik kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganiligi bayon etilgan. Murojaatlarning 56 foizi tibbiy yordam ko‘rsatishdan norozi bo‘lib yozilgan arizalar, 10 foizi shifoxonalarning moddiy texnika bazasi holatiga oid murojaatlar, 6 foizdan ko‘prog‘i hududlarda sanitariya-epidimiologiya vaziyatlaridan norozi bo‘lib yozilgan shikoyat va talablardir", - dedi Sh. Mirziyoyev. 

"Ko‘rib turibsiz, sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab muammo va kamchiliklar yig‘ilib qolgan. Aholi ularni o‘z murojaatlarida aniq va ravshan qilib ko‘rsatib bergan. Shuning uchun bugun Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbariyati, markazlar rahbarlari hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarma boshliqlari va boshqa mutasaddilar bilan barcha masalalar bo‘yicha ochiq-oydin gaplashib olish uchun taklif qildik", - deya o‘z so‘zida davom etdi davlat rahbari. 

Shavkat Mirziyoyev sohaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha aniq muammolarga to‘xtalib o‘tdi.  

"Birlamchi tibbiyot yordam muassasalari, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati bugungi kun talablariga umuman javob bermaydi. Umumiy amaliyot shifokorlari oilalarga kirmayapti, ularning muammolari bilan yashamayapti, aholini patronaj xizmat bilan qamrab olishni 70 foiz darajasi qolib ketmoqda. Profilaktik tibbiy ko‘riklar nomiga o‘tkazilyapti. Shu sababdan hamma kasalliklar, surunkali davrga o‘tganda aniqlanib, bolalar orasida nogironlik ko‘rsatkichlari oshmoqda. 

Bugungi kunda 47ta qishloq vrachlik punktida shifokor yo‘q. U bo‘lmasa, aholiga malakali tibbiy yordam kim tomonidan ko‘rsatiladi? Rahbarlar har kuni ertalab turib, har bir qishloq vrachlik punkti bilan gaplashishi kerak. "Vaziyat qanday? Qanday muammolar bor? Aholining kayfiyati qanday?" Bundan buyon ana shunday ish tutish kerak. 

Eng achinarlisi, sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati tomonidan yosh mutaxassislarni qishloq vrachlik punktlariga jalb qilish uchun yetarli e'tibor berilmagani, samarali mexanizmlar qo‘llanilmagani natijasida kadrlar bilan ta'minlash ko‘rsatkichlari yildan yilga pasayib bormoqda", - dedi prezident. 

 

Mavzuga oid