Jamiyat | 13:52 / 12.01.2017
25591
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari Farg‘ona vodiysida eng yirik qasr-shaharni topishdi

O‘zbekiston va Xitoy arxeologlaridan iborat guruh Farg‘ona vodiysining janubi-sharqida joylashgan Mingtepa qadimiy shahri qoldiqlarini qazish vaqtida ahamiyatli kashfiyot qilishdi. Bu haqida Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) arxeologlari forumida ma'lum qilindi. Sinxua nashri shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, ikki mamlakat arxeologlari bu yerda 2012 yildan buyon besh marta qazish ishlarini olib borishgani tufayli qazilma ishlari olib borilgan maydon 500x800 metrdan 2100x1300 metrga kengaygan. Qazilma natijalari shundan dalolat beradiki, 2000 yildan ziyod vaqt avval Mingtepa ko‘chmanchilarning vaqtinchalik qal'asi emas, to‘laqonli qasr-shahar bo‘lgan. Shuningdek u Farg‘ona vodiysidagi eng yirik qasr hamdir. 

Qazilma ishlari olib borilgan paytda ustaxonalar xarobalari, ichki shahar g‘arbiy darvozalarining qolgan qismi va tashqi shahar sharqiy devori yonidagi qabriston topilgan.

XIFA qoshidagi Arxeologiya instituti vakili Chju Yanshining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek arxeologlari shaharchaning yer ustidagi tadqiqotlar bilan yaxshi tanish bo‘lsa, xitoylik arxeologlar uning yer osti qismidagi qazilmalar borasida kuchlidir. Shu bois tomonlar ana shunday qoniqarli natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Minggepa hozirgi Andijon shahri yaqinida bo‘lib, O‘zbekistonning janubi-sharqida joylashgan. U o‘z vaqtida O‘rta Osiyodagi qadimiy Dovon (Parkon) davlati hududiga kirgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, Mingtepa tadqiqoti uzoq muddatli loyiha hisoblanadi. Arxeologlarning oldinda turgan vazifasi - qazilma paytidagi kashfiyotlar va o‘lchov ma'lumotlari asosida Minggepa solnomasini tuzish.

Hozirga kelib, xitoylik arxeologlar Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan bir qator mamlakatlar, shu jumladan Vetnam, Kambodja, Laos, Mo‘g‘uliston, Bangladesh va Pokistondagi qo‘shma loyihalarga qo‘shilishgan.

 

Mavzuga oid