Jahon | 18:07 / 13.01.2017
32505
6 daqiqa o‘qiladi

13 yanvar, juma - XXI asr “Titanik”ining fojiasiga 5 yil bo‘ldi

5 yil avval, xuddi shu yildagidek – 13-yanvar, juma kuni katta dengiz halokati ro‘y berdi, bu fojia OAVda “XXI asr “Titanik”ining qulashi”, deya  ta'riflandi. 15 palubali Costa Concordia sayohat layneri 3216 yo‘lovchisi va 1013 ekipaj a'zosi bilan Toskan arxipelagidagi kichik Jilo oroli yaqinidagi qoyaga urildi va mo‘'jiza tufayligina dengiz tubiga cho‘kib ketmadi. Natijada 32 kishi halok bo‘ldi, 150 nafardan ortig‘i jarohat oldi. TASS bugun ushbu voqeani xotirladi.

Mahalliy vaqt bilan soat 21:45da suv osti qoyasi layner tubini yorib o‘tishi natijasida 70 metrli darcha hosil bo‘ldi.

Fojiaviy sana xotirasiga 13 dekabr kuni Jiloda motam marosimlari bo‘lib o‘tadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, orolga Atrof-muhit, quruqlik va dengiz mudofaa vaziri Jan Luki Gallettining kelishi kutilmoqda.

 

Layner taqdiri

Italiyaning Fincantieri  kompaniyasi tomonidan qurilgan va 2006 yilda suvga tushirilgan dong‘i ketgan laynerdan bugunga kelib deyarli hech narsa qolmagan. Kemaning 80 foiz materiali qayta ishlashga topshirildi va ikkilamchi ishlab chiqarishda qo‘landi, chunki 500 million yevroga yaqin pul sarflangan laynerning o‘zini qayta tiklab bo‘lmasdi.

Utilizatsiyaga qadar kema ikki yil davomida Jilo qirg‘oqlaridagi qoyalar orasida turdi. 2014 yilning iyulida Amerikaning Titan salvage va Italiyaning Micoperi kompaniyalari hamkorligida hamda janubiy afriklik mutaxassis  Nik Sloun yordamida amalga oshirilgan ajoyib muhandislik amaliyoti natijasida Concordia qoyalardan chiqarib olindi.

 

 

Yo‘lovchilarning taqdiri

Fojiaviy reysning barcha yo‘lovchilariga pulli kompensatsiyalar to‘landi. Kemalarga egalik qiluvchi Costa srociere kompaniyasi jabrlanuvchilarning har biriga 11 ming yevro miqdorida kompensatsiya to‘lanishini ma'lum qilgan. Halok bo‘lganlarning oilalariga to‘langan kompensatsiya miqdori esa 1 million yevrodan ziyodni tashkil qildi. Natijada barcha to‘lovlarning umumiy miqdori 84 million yevro bo‘ldi.

Uch mingdan ortiq yo‘lovchilarning 108 nafari rossiyalik bo‘lgan, shuningdek ekipajning 3 nafar a'zosi Rossiya fuqarolari edi. Ularning birortasi jabrlanmagan. Bunda Rossiya diplomatik vakolatxonalari xodimlarining xizmati ham katta bo‘ldi.

 

Kompaniya haqida

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, kema halokati Costa crociere kompaniyasiga 600 million yevroga tushgan. Bu hali laynerni hisobga olmaganda, chunki u sug‘urtalangan bo‘lgan.

Barcha noxushliklarga qaramay, bir asrlik tarixga ega kompaniya (1850 yilda tashkil etilgan) bir kun ham o‘z faoliyatini to‘xtatmagan. Fojia uning birjadagi nufuziga qisqa muddatli ta'sir o‘tkazdi, xolos. Halokatdan keyin, tez orada yana 15 dengiz kemasiga ega kompaniya daromad keltira boshladi.

 

“Dengiz bo‘risi” kapitan Skettino

Sodir bo‘lgan baxtsizlik uchun asosiy javobgarlik Costa Soncordia kapitani Franchesko Skettino zimmasiga yuklangan. Dastlabki sud hukmiga ko‘ra, unga 16 yillik qamoq jazosi belgilangan bo‘lsa-da, u bir kunini ham panjara ortida o‘tkazmagan. Appelyatsion sud ishining yakuniy xulosasi aprel oyining oxirida o‘qiladi.

Ayblovchi tomon Skettinoni 27 yilga ozodlikdan mahrum qilishni talab qilmoqda, uning huquq himoyachilari esa kapitanni to‘liq oqlash harakatida. Kapitan Skettini beixtiyor odam o‘ldirish, kemaga va atrof-muhitga zarar yetkazish, shuningdek yo‘lovchilarning evakuatsiyasi oxiriga yetmasdan laynerni tark etganlikda ayblanmoqda.

Fojia ro‘y bergan paytda Skettino 52 yoshda bo‘lgan va eng tajribali professional hisoblangan. Biroq “dengiz bo‘risi” Jilo oroliga haddan tashqari yaqin kelib, tavakkal qilgan. Tergov natijasiga ko‘ra, halokatga kapitanning loqaydligi sabab bo‘lgan.

Shunday bo‘lsa-da, kema dengiz tubiga g‘arq bo‘lmasligida aynan kapitanning xizmati katta – layner cho‘ka boshlaganda kapitan uni qoya tomon yo‘naltirgan va buning natijasida kema suv tubiga cho‘kib ketmagan va ko‘plab yo‘lovchilarning hayoti saqlanib qolingan. 

 

Jilo oroli medali

Ba'zi yo‘lovchilar sohilga o‘zlari suzib kelishgan. Orolda qishki mavsumda bir necha yuz kishigina yashaydi. Mahalliy aholi jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatgan – o‘z uylariga qo‘yib, mehmonxonalar, restoranlar ochgan, kiyim-kechak va adyollar bilan ta'minlagan. O‘sha tundan boshlab Jiloni dunyo taniy boshladi.

Hozir u yerda hayot o‘z iziga qaytgan. Fojia haqida deyarli hech kim eslamaydi. Zero Toskan arxipelagiga kiruvchi Tirren dengizi suvi o‘zining tozaligi hamda ajoyib dengiz flora va faunasi bilan ajralib turadi. 

Jilo meri Serjo Ortellining so‘zlariga ko‘ra, halokatga qadar mavsum ayni avjida bo‘lgan avgust oyida sayohatchilar soni 9-10 ming kishiga yetgan. Costa Concordia foijiasidan keyin esa sayyohlar soni 15 foizga kamaygan.

Shuningdek mer orol hech qaysi Yevropa fondidan yordam olmaganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy kompensatsiya miqdori ham juda oshirib yuborilgan. “Hozircha biz hech narsa olmadik. Orolga yetkazilgan zarar OAVda 80-200 million yevroga tenglashtirilgan bo‘lsa-da, uni taxminan 20 million yevroga baholash mumkin”, - deydi Ortelli. Jilo orolining aholisi fojiada ko‘rsatgan yordami uchun orol davlat mukofoti – “Fuqarolik xizmatlari uchun” oltin medali bilan taqdirlangan.

 

Mavzuga oid