Sport | 17:55 / 15.01.2017
44332
3 daqiqa o‘qiladi

Shahram G‘iyosovdan intervyu: Shavkat Mirziyoyev bizga har safar jangdan keyin qo‘ng‘iroq qilardi

Foto: Pixland

2016 yilgi Rio Olimpiadasida kumush medal sovrindori bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschidan UPL nashri muxbiri intervyu oldi.

- "O'zbekiston iftixori" ordeni bilan taqdirlanganingizdan keyin hayotingiz qanchalik o‘zgardi?

 - Mas'uliyat ortdi. Axir men bu mukofotni prezidentning shaxsan o‘zidan qabul qildim. Menimcha, bunday mukofotni, tag‘in davlat rahbari qo‘lidan olishni barcha orzu qiladi. Men bunga erishganimdan juda mamnunman. Biz bu voqeani oilamiz va do‘stlarimiz bilan nishonladik. Butun Buxoro bilan bayram qildik. Bu men uchun katta sharaf.

 - Siz Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston hisobiga ilk kumush medalni olib berganingizda nimalarni his qilgan edingiz?

 - Men buni so‘z bilan ta'riflashga ojizman. Bu Olimpiadadagi ilk ishtirokim edi. O‘ylaymanki, ilk olimpiadadayoq kumush medal olish -  barcha uchun katta xursandchilik va quvonch keltiradi. Barcha sportchilar Olimpiadada hech bo‘lmasa bir bor ishtirok etishni orzu qilishadi. Qanday medal qo‘lga kiritilishining farqi yo‘q: bronza, kumush yoki oltin. Medal o‘z nomi bilan medal. Men O‘zbekiston medallar jamg‘armasiga kumush medalim bilan hissamni qo‘shganimdan juda xursand bo‘lganman. Bundan tomoshabinlar, muxlislar va xalqimiz mamnun bo‘lishdi.

 - Sizda yana orzular bormi?

 - Ha-da. Albatta, orzu bor. Barchada ham orzu bo‘lsa kerak. Busiz yashash qiyin. Agar orzuingiz bo‘lsa, uni amalga oshirish uchun intilasiz. Men olimpiya chempioni bo‘lishni orzu qilaman. Buning uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Mehnat qilaman intilaman, mashg‘ulotlar o‘tkazaman va O‘zbekiston uchun oltin medal olib kelishga harakat qilaman.

 - Bolalikda kim bo‘lishni istagandingiz?

 - Rostini aytsam, bolaligimda diplomat bo‘lishni orzu qilganman. Ammo taqdir kuchliroq chiqdi va men  sport yo‘lidan ketdim. Lekin bu tanlovim uchun hech qachon afsuslanmayman... 

 - Hukumat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelishidan keyin ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga qanday qaraysiz?

 - Men Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan juda xursandman. Biz uni avvaldan taniymiz. O‘tgan vaqt davomida biz ko‘p marta uchrashganmiz. Olimpiada arafasida ham u bizga shaxsan omad va muvaffaqiyat tilagandi. Rio-de-Janeyrodagi janglarimizdan keyin har safar u bizga qo‘ng‘iroq qilar va tabriklar edi. U bizning eng yaxshi prezidentimiz bo‘ladi. Men unga sog‘liq va baxtiyorlik tilayman. Biz sportchilar uni juda sevamiz va hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.

Mavzuga oid