Fuqarolar, valyutani topshiring!
Teraktlar va siyosiy beqarorlik turk lirasini yangi minimumlarga tushirib yuboradi. Yil boshidan buyon lira dollarga nisbatan 10 foizga qadrsizlandi - bu asosiy valyutalar orasidagi eng yomon natija.
Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an fuqarolarni xorijiy valyutalardan xalos bo‘lishga chaqirib, milliy mobilizatsiyani e'lon qildi.
Hafta yakunlariga ko‘ra, lira 4,7 foizga qadrsizlandi - bu so‘nggi sakkiz oydagi eng past haftalik ko‘rsatkich (hozir 1 dollar 3,7 liraga teng). O‘tgan yilning iyulida davlat to‘ntaruv harakati boshlanganidan buyon lira o‘z qiymatining bir chorakdan ko‘pini yo‘qotdi.
Hozircha Turkiya Markaziy bankining (MB) bu borada ko‘rayotgan chora-tadbirlari ish bermayapti. Dastlab milliy valyuta qiymati pasayishini foiz stavkalarni oshirish (7,5dan 8 foizga) yo‘li bilan to‘xtatishga harakat qilindi, bir kunlik foiz stavkasi esa 2014 yildan beri birinchi marta 8,25dan 8,5 foizga ko‘tarildi. 13 yanvar, juma kuni MB yana bir chorani qo‘lladi: 16 yanvardan banklararo qarz limitlarini 11 milliard liragacha (2,93 milliard dollar) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Tahlilchilarning fikricha, bu ham yetarli emas, Milliy bank yaqin orada yana jarayonga aralashishiga to‘g‘ri keladi. "Prezident Erdo‘g‘an yagona foiz stavkasi ko‘tarilishi kutilmayotganini aytgan bo‘lsa-da, o‘ylashimcha, oxir-oqibat shunday qilishiga to‘g‘ri keladi: hozirga kelib, lira AQSh dollariga nisbatan kuniga 1-2 foizdan yo‘qotmoqda va bu - fojia", - dedi ekspert Ketlin Bruks Britaniyaning The Daily Star nashriga bergan intervyusida.
Ketma-ket ro‘y berayotgan teraktlar vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda. O‘tgan yili Turkiya hududida 20dan ortiq portlash sodir bo‘ldi. Hatto Yangi yil ham mamlakat uchun 39 kishining hayotiga zomin bo‘lgan terakt bilan boshlandi. Shuningdek 5 yanvarda Izmir shahrida portlagan mashina ikki kishining o‘limiga sabab bo‘ldi.
Payshanba kuni Erdo‘g‘an o‘z nutqida terrorchilar va valyutaga ega fuqarolarni tenglashtirib, biroz qizishib ketdi: "Qurol va bombali terrorchi bilan dollar va yevroli terrorchi o‘rtasida farq yo‘q".
Juma kuni esa, u bu borada biroz yumshadi: "Men o‘z xalqimni valyutani yostiq ostida saqlamaslikka, uni turk lirasiga almashtirishga chaqiraman".
Xalqaro valyuta fondi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda mamlakatning iqtisodiy o‘sishi 2,9 foizga qisqardi, biroq 2017 yilda, uning baholariga ko‘ra, undan-da past ko‘rsatkich qayd etilishi mumkin.
"O‘tgan yili Turkiya qiyin davrni boshdan kechirdi, - deya vaziyatga izoh berdi Unicredit'ning Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha bosh iqtisodchisi Lyubomir Mitov. - Bu mamlakatdagi ko‘plab siyosiy hodisalarga bog‘liq bo‘ldi: urib tushirilgan samolyot halokatidan keyin Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi, iyul oyidagi davlat to‘ntaruv harakati va ketma-ket sodir etilayotgan terrorchilik aktlari", - dedi u.
Turk iqtisodiyoti uchun turizm katta ahamiyatga ega, biroq Rossiya qiruvchisi voqeasidan keyin Moskva Turkiyaga amalga oshiriladigan charter reyslarni to‘xtatdi. Bu esa mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini keskin kamaytirdi.
"2001 yildan 2014 yilga qadar Turkiyaning turizm sohasidagi daromadlari 34,3 milliard dollarga yetgandi. Istanbul sayyohlar orasida eng mashhur yo‘nalish edi. Sayyohlik biznesi sohasida 1 millionga yaqin kishi faoliyat yuritardi, bu mamlakatdagi mehnatga layoqatli aholining 7 foizi demakdir", - deya xabar beradi The Wall Street Journal.
Dunyodagi eng yirik TUI Group turoperatori va Nemis Turizm Assotsiatsiyasining ta'kidlashicha, 2016 yilgi sayohlar soni 2015 yilga nisbatan 40 foizga tushgan.
WSJ'da yozilishicha, yuzlab mehmonxonalar sotuvga qo‘yilgan.
Valyutaning keskin tushishi konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritish bo‘yicha parlament muzokaralari boshlanishiga to‘g‘ri kelayotgani invsetorlarni xavotirga solmoqda. Mamlakatning hukmron partiyasi 2017 yilning aprelida referendum o‘tkazish imkonini ko‘rib chiqmoqda.
Turkiya bosh vazir o‘rinbosari Mehmet Shimshekning ishonch bildirishicha, ijrochi hukumat islohoti mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. The Financial Times'da yozilishicha, hukumat parlament boshqaruv tizimidan prezidentlik tizimiga o‘tib, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning vakolatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari islohotlardan tashqari, shuningdek Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy munosabatlarning muhimligini ta'kidladi.
Referendumda xalq qo‘llab-quvvatlagan taqdirda, davlat rahbari, shubhasiz, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlaydi va 2019 yilgi prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzodga aylanadi. Biroq bu turk valyutasi qadri oshishiga yordam beradimi yoki yo‘q - noma'lum. "Lira uchun ijobiy ssenariy o‘ylab topish qiyin", - deyiladi CNBC BofA Merrill Lynch's Vamvakidis'da.
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:42 / 20.12.2024