O‘zbekiston | 11:36 / 16.01.2017
26716
4 daqiqa o‘qiladi

2017 yil makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish borasida shaxsan javobgar amaldorlar ma'lum qilindi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

“Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlarini saqlab qolish, jumladan, Davlat byudjyeti barcha darajada mutanosib, milliy valyuta va ichki bozordagi narx darajasi barqaror bo‘lishini ta'minlash – eng muhim ustuvor vazifamizdir.

Bosh vazirning barcha o‘rinbosarlari, iqtisodiyot vaziri G.Saidova, moliya vaziri B.Xo‘jayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriyni 2017 yil uchun belgilangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish borasida shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida yana bir bor ogohlantiraman.

Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov, iqtisodiyot vaziri G.Saidova va moliya vaziri B.Xo‘jayevning joriy yil yakuni bo‘yicha Davlat byudjyeti defitsiti prognoziga doir takliflariga qo‘shilib bo‘lmaslikni alohida ta'kidlamoqchiman.

Bu borada faqat byudjyet profitsiti haqida so‘z borishi mumkin va zarur. Bu muhokama qilishni emas, balki so‘zsiz bajarishni talab etadigan strategik vazifadir.

Buning uchun joylarga chiqish, har bir xonadonning tadbirkorlik borasidagi imkoniyatini o‘rganish, moliyalashtirishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish, tadbirkorlarni ishontirish va ularga amaliy yordam berish – butun Makroiqtisodiyot kompleksi faoliyatidagi kundalik qoidaga aylanishi kerak.

Faqat shundagina natijaga erisha olamiz. Shu munosabat bilan hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari o‘z ish uslubi va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishi shart.

Har bir tuman va shaharda, respublika ahamiyatiga molik yirik korxonalar hissasini e'tiborga olmagan holda, soliqqa tortish bazasini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining barcha tumanlarini subventsiyadan chiqarishni so‘zsiz ta'minlash kerak.

Bu yil boshqa hokimliklar va tegishli organlar uchun ham subventsiyadan qutilish masalasida sinov yili bo‘ladi. Buning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibidagi vazirlik va idoralar har kuni, har haftada samarali va tinimsiz ish olib borishi kerak. Busiz natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shuning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov iqtisodiyotni boshqarish bo‘yicha hozirgi zamonaviy yangi tizimlar samaradorligiga quyi bo‘g‘indagi rahbarlarni ishontirishi, ularni shu asosda ishlashga o‘rgatishi, bu boradagi natija uchun javob berishi va uni kafolatlashi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid