O‘zbekiston | 03:51 / 16.01.2017
121587
4 daqiqa o‘qiladi

Faqat qamchi yoki qilich bilan ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi yoxud Mirziyoyev Moliya vazirligini ayab o‘tirmadi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

"Davlat byudjyeti o‘lchovsiz emas, mablag‘larni qattiq tejash, belgilangan maqsad uchun va oqilona ishlatishni ta'minlash zarur. Bu hammaga ravshan va rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. Unda nima uchun G‘aznachilik va nazorat-taftish boshqarmasining apparatlari haddan tashqari kengayib ketgan? Ularda jami 4 ming xodim ishlaydi va bu xodimlarga yiliga 90 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Ushbu tuzilmalar rahbarlari va xodimlarining chuqur tushunchasiga ko‘ra, ularning vazifasi faqatgina nazorat qilish va boshqalarni jazolashdan iborat, lekin faqat qamchi va qilich bilan ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu nafaqat xato fikr, balki borib turgan kaltabinlik, deb hisoblayman. Bu borada profilaktika ishlarini kim samarali olib boradi?

O‘tgan yilning o‘zida 22 mingta tashkilotda jami 200 milliard so‘mni o‘zlashtirish va mablag‘larni boshqa maqsadlar uchun sarflash holatlari aniqlandi. Ularning asosiy qismi ijtimoiy tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.

Ana shu kamchiliklarni bartaraf etish tegishli vazirlik rahbarlari bilan birga yaqinda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan J.Qo‘chqorovning faol ish yo‘nalishi bo‘lib qolishi kerak.

Respublika hukumatining aksariyat topshiriqlari belgilangan muddatlarni qo‘pol ravishda buzgan holda bajarilmoqda. Ish sifati ham ko‘pgina hollarda oqsamoqda. Shunday bo‘lsa ham, ularning o‘ziga ishonchi osmon darajada baland.

Nima uchun boshqa idoralar rahbarlari davlatning aniq muammolarini hal etish bo‘yicha malakali tavsiya olish o‘rniga doim qog‘ozbozlik va sansolarlik holatlari, shuningdek ayrim vazir o‘rinbosarlarining balanddimog‘ligi va qaysarliklari bilan to‘qnashishlari kerak? Nima sababdan inson qadr-qimmati ba'zan yerga uriladi? Bunga kim huquq bergan?

Nima uchun Vazirlar Mahkamasining tarmoq departamenti mudiri jiddiy muammolar bo‘yicha yuzaki taqdimot o‘tkazishni kunlab va haftalab kutadi, keyin esa hujjat qayta ishlashga qaytariladi? Nima uchun bu jarayonlarning barchasini shtatdagi yordamchi emas, balki chalasavod va beandisha qabulxona inspektori belgilaydi?

O‘ylaymanki, ana shunday oddiy bo‘lmagan va muhim savollarga aniq va ravshan javob topish vaqti keldi. Shu munosabat bilan bosh vazir A.Aripovga va yangi vazir B.Xodjayevga bir oy muddatda Moliya vazirligining tashkiliy tuzilmasi, uning vazifa va funksiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshiriladi".

Mavzuga oid