Iqtisodiyot | 17:52 / 20.01.2017
15090
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2022 yilgacha 7,7 milliard AQSh dollarilik kreditlar jalb etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston hukumati 2022 yilgacha xalqaro moliya institutlaridan 7,7 milliard AQSh dollari miqdorida kreditlar jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzdaily.uz xabar berdi.

Mablag‘lar O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha harakatlar Strategiyasi doirasida jalb etiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida muhokama uchun e'lon qilindi. 

Farmon loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Xususan, O‘zbekiston 2016-2020 yillarda Jahon bankining 3 milliard AQSh dollarini 27ta loyihani amalga oshirish uchun jalb qilmoqchi.

Kutilishicha, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 2016-2018 yillarda 25ta loyihani amalga oshirish uchun 3,7 milliard AQSh dollarilik kreditlar ajratadi.

O‘zbekiston 2017-2019 yillarda Islom taraqqiyot bankining 1 milliard dollarini ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati 2022 yilgacha Xitoyning Eksimbanki, Janubiy Koreyaning Eksimbanki, JICA, KOISA, GIZ, Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqa tashkilotlarning grantlari hamda kreditlarini jalb etish ustida ishlaydi.

Mavzuga oid