Jamiyat | 20:58 / 21.01.2017
21907
3 daqiqa o‘qiladi

Bir qultum suv va uni chiqarib tashlashga arzimaydigan mol-mulk uchun o‘zini tahlikaga otish aqlli odamga yarashmaydi

Qur'oni karimning bir necha surasida Parvardigor Yerga aniq bir o‘lchovda yog‘in yog‘dirishini zikr etgan. Agar Alloh taolo bir yilgina Yerga umuman qor-yomg‘ir yog‘dirmay qo‘ysa yoki keragidan ortiqcha yog‘dirsa, buning oqibati nima bilan tugashini hatto tasavvur qilish qiyin. Buning o‘lchovi, miqdori Parvardigorning yolg‘iz o‘ziga ayon. Qur'oni karim oyatlarida suv, uning foyda va samaralari haqida oltmishdan ziyod o‘rinda zikr etilgan. Bu oyati karimalardan Alloh taoloning Yer yuzida unib-o‘sishga, hayot kechirishga qobiliyati bo‘lgan insonlar, hayvonlar va nabotot olamini obihayot — suvdan yaratgani ma'lum bo‘ladi.

Shuning uchun ham atrof-muhitni va uning muhim zaxiralarini, jumladan, eng muhim ilohiy ne'matlardan biri — suvni ehtiyot qilish, asrab-avaylash alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

RIVOYaT

Kunlarning birida Horun ar-Rashid harbiy safarga chiqdi. Yonida dono vazirlaridan Ibn Sammok bor edi. Yo‘lda juda chanqagan hukmdor betoqatlik bilan suv so‘radi. «Xudo haqqi, biroz sabr qiling», dedi Ibn Sammok. Keyin ko‘zada suv uzata turib qaytib oldi va: «Faraz qiling, ushbu suvdan man qilindingiz, uni ichish uchun nimangizni berardingiz?», deb so‘radi.

-  Mulkimning yarmini bergan bo‘lardim.

Hukmdorning tashnaligi qonganidan keyin dono vazir yana so‘radi:

-  Mana, suvni ham ichdingiz. Endi Rasululloh(s.a.v)ga yaqinligingiz hurmati, ayting, o‘sha suv vujudingizdan qaytib chiqmadi, ya'ni peshobingiz tutilib qoldi deylik. Uning qaytib chiqishi uchun nima qilardingiz?

-  Mulkimning qolgan yarmini berardim.

Shunda Ibn Sammok: «Bir qultum suv va uni chiqarib tashlashga ham arzimaydigan mol-mulk uchun o‘zini tahlikaga otish, talashib-tortishish, unga ega bo‘lib quvonish aqlli odamga yarashmaydi», dedi. Bu so‘zlardan Horun ar-Rashid qattiq ta'sirlanib, harbiy yurishni bekor qildi. 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid