O‘zbekiston | 20:05 / 22.01.2017
137820
6 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Rustam Azimovga uchta muhim topshiriq berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgani haqida avval xabar qilingan edi. Davlat rahbari tashrifi doirasida respublika xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi. Unda qator dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi, oshkora fikr almashildi, kerakli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslar bo‘yicha rahbarlarining mazkur mintaqani o‘rganish bo‘yicha axborotlari tinglandi. Xususan, Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov(Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti kompleksiga mas'ul)ning

ma'lum qilishicha, Prezidentning saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bildirgan taklif va ko‘rsatmalaridan kelib chiqqan holda, mutasaddi vazirlik va idoralar,  xo‘jalik birlashmalari, Markaziy bank va tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘iston respublikasining har bir shahar va tumanlarida ahvolni o‘rganib,  ikki yillik dastur ishlab chiqilgan. 

Azimovga ko‘ra, 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan ushbu dastur doirasida 2 trln 417 mlrd so‘mlik  3 255ta loyihani amalga oshirish, banklar tomonidan mazkur loyihalar uchun 1 trln so‘m kredit ajratish belgilangan. Shundan 2017 yilning o‘zida jami 2 197ta  loyihani amalga oshirish tasdiqlangan, deb qayd etgan Rustam Azimov. Bu loyihalarning umumiy qiymati 1 trln 257 mlrd so‘mni tashkil etsa, 780 mlrd so‘mi bank kreditlari hisoblanadi. 

“Biz mutaxassislar va ekspertlar bilan kelib, tadbirkorlar, mahalliy xalq bilan uchrashganimizda, aniq xulosa qildikki, hamma ish pastda. Mana shu dasturda ham, dastlabki hisob-kitob 400 mlrd (so‘m) edi. Ammo, bank vakillari, xodimlar kelib, xonadonma-xonadon yurilgandan so‘ng, 400 mlrd so‘mlik dastur 1 trln 257 mlrd so‘mga aylandi. Bu degani, dastur qiymati 3 baravar oshdi”, - degan Bosh vazir o‘rinbosari.

Shu o‘rinda, Prezident Shavkat Mirziyoyev, o‘z fikrini bildirar ekan, Rustam Azimovga maxsus topshiriq bergan. Unga ko‘ra, qishloqda yashagan hamma xonadon, umuman, respublika bo‘yicha va Qoraqalpog‘istonda har bir oila kamida 100ta tovuq boqishni yo‘lga qo‘yishi kerak. Shu bilan birga, shoshmasdan, xalqni tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish va ishontirish lozim. 

“Albatta, bankirlar yurayapti uyga kirib, lekin hamma odamni hali o‘rgata olmayapmiz. Nomiga kirib chiqqanlar juda ko‘p. Yuzta tovuq boqsang qancha bo‘ladi?, echkichilik qilsang qancha bo‘ladi?, boshqa narsa..., hamma yo‘li bo‘yicha televizorda reklama qilish kerak, rolik qilish kerak. Odamlarni ishontirish kerak, ishontirish oson emas”, - degan Davlatimiz rahbari. U o‘z fikrini davom ettirar ekan, odamlarning o‘zlari ham  yaxshi yashashni xohlashi kerakligini, hukumat buni kafolatlashi lozimligini uqdirgan. Mirziyoyevning aytishicha, har oyda ma'lum bir foiz fuqarolarni yangicha ishlashga o‘rgatib olinsa, bir yilda kamida 50 foiz aholini ishontirib olsa bo‘ladi, mana shu aytilgan masalalar bajarilmasa, hech qachon o‘zgarish bo‘lmaydi. 

“Bu yil kelajakka juda katta zamin qo‘yadigan yilimiz. Shuning uchun, Qoraqalpog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali farmatsevtika, elektrotexnika, pardozlash va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun, ularni 5 yil muddatga mol-mulk, yer, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmalar soliqlaridan hamda respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod etadigan qaror chiqaramiz. Bu Qoraqalpog‘iston tadbirkori uchun juda katta madad bo‘ladi”, - degan Mirziyoyev. 

Bundan tashqari, “Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan va o‘zlari ishlab chiqqan mahsulotlarni eksport qiluvchi korxonalar eksportdan tushgan valyutaning 50 foizini majburiy sotishdan ozod qilinadi, bu juda katta imkoniyatdir”, - deya ta'kidlagan Davlatimiz rahbari. 

Uning aytishicha, bugungi kunda, davlatdan katta mablag‘ olinib, tadbirkorlarga berilayapti, ammo, aholi tadbirkorlikka o‘rgatilsa, 5-6 yildan so‘ng, tadbirkorning o‘zi beradi. 

“Tadbirkor xalqni boqib olsa bo‘ldi, bizga. Biz pulni bankda nima uchun yig‘amiz o‘zi?”, - deya savol bilan murojaat qilgan Mirziyoyev.

Prezidentimiz uchinchi masalaga ham to‘xtalib, “Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan korxona o‘z mahsulotini eksport qilishda respublikadagi transport korxonalari orqali davlat chegarasigacha yetkazishda to‘lovlarni respublika tariflari asosida amalga oshirish”ga ruxsat berish transport xarajatlari 70 foizga arzonlashishini ta'minlashi, bu esa, tadbirkorga juda katta amaliy yordam bo‘lishini ta'kidlagan. 

Shunga binoan, Davlat rahbari Rustam Azimovga yuqoridagi uchta masala yuzasidan qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan. 

 

Mavzuga oid