Jahon | 10:31 / 24.01.2017
29193
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy Rossiya bilan chegaraga yaqin hududda qit'alararo raketalarini joylashtirdi

Xitoy Rossiya bilan chegarada joylashgan Xeyluntszyan shimoli-sharqiy viloyatida o‘zi ishlab chiqargan DF-41 qit'alararo ballistik raketalarni joylashtirdi. Bu haqda Global Times gazetasi xabar berdi.

Nashrning ta'kidlashicha, yangi raketa majmualari fotosurati internetda paydo bo‘lgan.

"Taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, suratlar Xeyluntszyan viloyatida olingan. Harbiy tahlilchilar bu DF-41 strategik raketa brigadasi bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surishdi. U Xitoy shimoli-sharqida joylashtirilgan", - ta'kidlaydi gazeta.

Global Times’ning yozishicha, bir qator OAV suratlarning e'lon qilinishi AQSh prezidenti Donald Tramp inauguratsiya bilan bog‘liq ekanini ma'lum qilgan. "Ularning fikricha, bu Pekinning Tramp tomonidan Xitoy haqidagi ig‘vo bayonotlariga javobi bo‘lishi mumkin", - yozdi nashr.

Nashr fikricha, "AQSh XXR qurolli kuchlariga yetarli darajada hurmat bilan qaramagan", ko‘plab yuqori lavozimli amerikalik harbiylar esa "o‘z mushaklari  haqida kekkayib maqtanishgan". "Xitoyning yadro salohiyati shunchalik kuchli bo‘lishi kerakki, dunyodagi istalgan mamlakat u bilan harbiy to‘qnashuvdan cho‘chib turishi lozim", - qo‘shimcha qilgan gazeta.

"Xitoyning DF-41 bo‘lgan paytdagi obrazi tashqi dunyo nigohida o‘zgacha ko‘rinadi. DF-41’ning vazifasi ham shunda", - ta'kidlaydi gazeta. "U (raketa kompleksi – tah.) "Xitoy tahdidi nazariyasi"ning paydo bo‘lishiga olib kelmaydi. U faqatgina Xitoy xalq-ozodlik armiyasi nufuzini yanada oshiradi", - deya xulosa qildi Global Times.

DF-41 Xitoy raketa-tashuvchi texnologiyalari akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Taxminlarga ko‘ra, u o‘ziga 10-12 individual qaratilgan yadro bloklari joylashtirilgan ajraluvchi bosh qismi bilan jihozlangan. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga qaraganda, DF-41’ning maksimal parvoz masofasi 14 ming kilometrga teng.

Mavzuga oid