O‘zbekiston | 16:17 / 26.01.2017
37962
2 daqiqa o‘qiladi

Ramatov Turkmaniston Prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Ochilboy Ramatov Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Ashxobodga turkman-o‘zbek savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha navbatdagi Qo‘shma yig‘ilishda ishtirok etish uchun tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmaniston O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali davlatlararo muloqotni kengaytirishga tayyor ekanini ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuv doirasida bir qator muhim yo‘nalishlar, jumladan yoqilg‘i-energetika va transport-kommunikatsiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalardagi ko‘p yillik samarali sheriklikning hozirgi holati va istiqbollari haqida fikrlar almashildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishdan manfaatdor ekanini tasdiqlashdi. Shu bilan bir qatorda, hukumatlararo komissiyaning turli darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdagi faoliyati ijobiy baholandi.

Ta'kidlanishicha, har ikki mamlakat mintaqadagi umumiy muammolarni hal etish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga katta e'tibor bermoqda. Ulardan biri – Orolni qutqarish va suv resurslaridan oqilona foydalanishdir.

Mavzuga oid