Jahon | 18:44 / 27.01.2017
18929
3 daqiqa o‘qiladi

Mish-mish: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqchi

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Rossiyaga qarshi kiritilgan cheklov choralarini bekor qilish haqida hujjat tayyorladi. Bu haqda Atlantik kengashi xodimi Fabris Pote payshanba, 26 yanvar kuni o‘z Twitter’ida xabar bergan.

«Vashingtondagi manbalar Tramp ma'muriyati Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni bekor qilish haqida buyruq tayyorlagani haqida xabar berdi. AQSh prezidenti GFR kansleri Angela Merkel, shundan so‘ng Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan shanba kuni suhbatlashadi», - deya ta'kidlab o‘tdi Pote.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda ushbu ma'lumot tasdiqlansa, bu «G‘arbning shuncha yillar davomida Rossiyaga qarshi harakatlariga katta zarba bo‘ladi».

Potening ta'kidlashicha, Kongress, shuningdek, Yevropa tomonining bunga munosabatini kutish kerak.

Reuters 27 yanvar kuni manbaga tayangan holda shanba kuni Tramp va Merkel o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tishi mumkinligini xabar bergandi. Agentlik suhbatdoshining bildirishicha, suhbat asosan Rossiya mavzusida bo‘ladi. Manba Amerikaning Moskvaga kiritgan sanksiyalari bekor qilinishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.

Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Tramp 28 kuni telefon orqali suhbatlashishini tasdiqladi.

Ma'lumot uchun, AQSh, Yevropa Ittifoqi va bir qator boshqa mamlakatlar tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi fonida, shuningdek, Ukraina janubi-sharqida 2014 yildagi mojaro sabab kiritilgandi. Shundan so‘ng ular asta-sekin kengaytirib borilgan. Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida bir necha bor Rossiya prezidentiga ijobiy munosabatda ekaniga sha'ma qilgan hamda Moskva bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga va'da bergandi. U shuningdek saylovlarda g‘alaba qozonsa, Qrimni Rossiyaning hududi deb tan olishi masalasini qayta ko‘rib chiqishi haqida ham gapirgan.

Atlantik kengashi (Atlantic Council) — Vashingtonda joylashgan va katta nufuzga ega tahlil markazi.

Mavzuga oid