Sh.Mirziyoyev: "Sog‘lom avlod, sog‘lom bola deymiz - ichimlik suvini ta'minlab berolmasak, qanday sog‘liq to‘g‘risida gapirish mumkin?"
O‘tgan davrda dasturlarimizda belgilangan bir qator masalalar o‘z yechimini topdi. Jumladan, joriy yilning 17 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Dasturda aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimini rivojlantirish, arzon uy-joylar qurish, transport, muhandislik, kommunikatsiya infratuzilmasi va avtomobil yo‘llarini qurish, aholini ijtimoiy himoyalash, eng katta masala - ish o‘rinlarini yaratish, ta'lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan.
Ushbu dasturda Xorazm viloyatida qiymati 2,7 trillion so‘m bo‘lgan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan va maxsus fond ham tashkil etilgan:
1. Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash. Viloyatdagi mavjud ichimlik suvi tarmoqlarining 1,2 ming kilometrining 25 foizi ta'mirtalab holatga kelib qolgan. Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun 253 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Natijada 2021 yilga borib, viloyat aholisining ichimlik suvi, hozirgi 53 foizdan 77,4 foizga ko‘tariladi.
Oddiy ichimlik suvini ta'mirlab bermasak, "davlat rahbariyatining mas'uliyati va javobgarligi qayerda?" degan savol ko‘ndalang turibdi. Sog‘lom avlod, sog‘lom bola deymiz - agar ichimlik suvini ta'minlab berolmasak, qanday sog‘liq to‘g‘risida gapirish mumkin? 77,4 foizga ko‘tarish uchun qaysi mahallada, kim, qachon, qaysi pul hisobidan - barchasi dasturda yozilgan. Nega desangiz, bergan pulni talon-taroj qilayotganlar ko‘p - 50 foizi o‘g‘irlanyapti. Jamoatchilikning ishi yo‘q. Viloyatdagi 19 ta eng muhtoj aholi punktlari sho‘r suvni tozalovchi asbob-uskunalar bilan ta'minlanadi. Aholining sanitar-gigiyenik sharoitlarini yaxshilash maqsadida 10 ta qattiq maishiy chiqindilar poligoni maxsus texnika vositalari bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.
2. Suv resurslarini boshqarish va tuproq unumdorligini oshirish, kanal va gidrotexnik inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 1,2 trillion so‘mlik oltita loyiha amalga oshiriladi.
3. Sog‘liqni saqlash va aholi genfondini muhofaza qilishni yaxshilash masalasi jiddiy e'tibor talab qiladi. Hozirgi paytda viloyatning tibbiy tizimiga aholining e'tirozi juda katta desak, adolatdan bo‘ladi.
Viloyatda katta niyatlar bilan tashkil etilgan 160 ta qishloq vrachlik punktlari 86 tasi achinarli holatda. Ular mutlaqo ta'minlanmagan. Qishloq vrachlik punktini qoldiradigan bo‘lsak, eng uzoq qishloqlarda qoldiramiz. O‘sha joyda vrach uchun uy-joy qurib beramiz. Qishloq vrachlik punktini 24 soat ishlaydigan qilib beramiz. U yerda tibbiyot mashinasi, dorixonasi bo‘ladi, shu bilan birga xizmat uyi bo‘ladi. Mashinasini ham beramiz - 20 yillik kredit bilan, lekin u qishloq vrachlik punktidan ishdan ketsa, imtiyozlar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Qishloq vrachlik punktidagi shifokorlarimiz chaqaloqlarimizning sog‘lom tug‘ilishi uchun uyma-uy yurib, patronaj qilishi kerak. Eng katta topshiriq shu!
Dori-darmonlarning narx-navosidan odamlar norozi. Malakali mutaxassislar yetishmaydi. Aholining kasallanish darajasi bir yil ichida olti foizga oshgan. Onalar o‘limi ko‘paygan. Viloyatdagi bunday salbiy holatlarni bartaraf etish sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish uchun qabul qilingan dasturda jami 124 milliard so‘mlik tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollarga 17,6 milliard so‘mlik bepul vitamin mineral komplekslari ajratiladi.
Tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida 19 ta tez yordam stansiyalarining moddiy texnika bazasi yanada yaxshilanadi va umumiy amaliyot shifokorlari uchun qishloq tibbiy punktlarida uy-joylar quriladi. Biz bu yilning o‘zida 1200ta tibbiyot mashinasini xarid qilish to‘g‘risida qaror qabul qildik", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
16:48
Xitoyda ayol bir sutkada olti marta plastik operatsiya qilinganidan so‘ng vafot etdi
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:19 / 13.11.2024
Ularni har kuni yutamiz: havoni ifloslantiruvchi 10 ta eng zararli modda
12:53 / 10.11.2024