O‘zbekiston | 18:47 / 08.02.2017
39581
5 daqiqa o‘qiladi

64 ta davlat rahbaridan intervyu olgan jurnalist Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashish niyatida 

2017 yilning 7-8 fevral kunlari Rossiyaning Moskva shahrida ”Jurnalistika: ijod, kasb, industriya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘qish ishida qatnashayotgan “O‘zbekiston ovozi” gazetasining muxbiri, jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov Rossiya Federatsiyasining “TASS” Axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman bilan uchrashib blits-intervyu oldi.

— Mixail Solomonovich, sizni siyosiy intervyu janrida o‘ziga xos maktab yaratgan jurnalist sifatida bilamiz. Lekin suhbatni boshqa mavzudan boshlasak. Elektron OAVlarining an'anaviy bosma nashrlardan “o‘zib” ketayotganini qanday izohlash mumkin?

— Elektron OAVlari internet, televideniye, radioning birlamchi yutug‘i axborotni tezkor uzatish imkoniyatida. Keling, buni qo‘ya turaylik-da, tezkorlik imkoniyatining “noqulayliklari” haqida gaplashaylik. Elektron OAVlarining qo‘rqinchli tomoni shundaki, ulardagi tezkorlik imkoniyati tufayli biz voqelikning sodir bo‘lish jarayonini kuzatayapmiz. Qanday bo‘lsa shundayiga. Masalan, Amerikadagi 11 sentabr voqealari, Iroqni bombalash jarayoni, kosmodromdan ko‘tarilayotgan raketaning portlab ketishi… Endi o‘ylab ko‘ring, yuz millionlab tomoshabin orasida necha-nechasi yurak hurujiga uchradi, bolalar ruhiyati xastalandi, vujudni qo‘rquv qopladi. Bunday tezkorlik insoniyat tafakkuriga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini ham inobatga olish zarur.

— Ijtimoiy tarmoq, internet jurnalistika OAVning bir ko‘rinishimi?

— Yo‘q-yo‘q. Ijtimoiy tarmoq hech qachon jurnalistika bo‘la olmaydi. U muloqot uslubigina xolos. Albatta, bu mening shaxsiy munosabatim. Xonamda meva sharbati ichib, bo‘shagan stakanni stolga qo‘ygan chog‘imda bir hamkasbim uni suratga olib, “Feysbuk”ka joylashtiribdi. 15-20 daqiqa ichida elektron manzilimga 120 dan ortiq murojaat va sharh keldi. Unda “bo‘shatilgan stakanga tikilgan Gusman nimalar haqida o‘ylamoqda”, deb yozilgandi. Nahotki shu jurnalistika bo‘lsa?!

— Amerikadagi prezidentlik saylov natijalariga xakerlarning kiberhujumi ta'sir ko‘rsatgan, deya da'vo qiladilar…

— Xa, shunday gaplar bor. Bilasizmi, kiberhujumdan hech kim muhofazalanmagan. Dunyoda ikki yuzdan ziyod davlat axborot agentligi bor. Ularga bir kecha-kunduzda 4 mingdan ziyod kiberhujum uyushtirilar ekan. Bu juda xavfli fojia. Amerikaning yirik axborot agentliklaridan biri saytiga kirgan kiberhujumchi uning nomidan Oq uyda portlash yuz bergani, Prezident Obama yarador bo‘lgani haqida axborot tarqatdi. To‘g‘ri uni 16 sekunddayoq payqab, saytdan olib tashladilar. Ammo ana shu 16 sekund ichida “tezkorlik fidoyilari” bo‘lgan o‘nlab internet saytlarda bu soxta xabar tarqalib ulgurgan edi. Endi tushungandirsiz, kiberhujum qanday oqibatlarga olib kelishini.

— Davlat televideniyesiga nisbatan xususiy televideniyalarda tanqid, tahlil, ochiqlik sezilarli darajada ko‘proq uchraydi, deydi mutaxassislar. Siz-chi?

— Har qanday OAV, jumladan, televideniye faoliyatida Vatan manfaati, degan tuyg‘u ustun turadi. U xoh Amerika, xoh Yevropa, xoh Rossiya OAVi bo‘lmasin. Masalan, “Frants press” o‘zini moliyaviy mustaqilman, deydi. Lekin davlat uning obro‘sini tashkil etish yo‘li bilan bu Axborot agentligini qo‘llab quvvatlaydi. Demak, har qanday OAV davlat, u olib borayotgan siyosat bilan qaysidir darajada bog‘liq. Men uchun mansubligi jihatidan davlat yoki xususiy OAV emas, xaqqoniy jurnalistika muhim.

— Aytishlaricha, siz 64 mamlakat prezidenti va davlat rahbarlaridan intervyu olgan ekansiz. Agar sir bo‘lmasa reja, o‘ylaringiz qanday?

— Men, avvalo, Rossiyadagi eng yirik axborot agentligi rahbarlaridan biriman. Prezident, bosh vazirlardan intervyu olish esa ko‘ngil va ilhom ishi. Ochig‘ini ayta qolay, O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib boryapman. Agar rozilik bersa, men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, undan intervyu olgan bo‘lar edim.

Mavzuga oid