Jahon | 10:05 / 09.02.2017
40673
2 daqiqa o‘qiladi

11 sentabr teraktlari tashkilotchisining Obamaga maktubi e'lon qilindi

Foto: © AP Photo/ Chao Soi Cheong

AQShda 2001 yilning 11 sentabr kungi teraktlarning bosh tashkilotchisi, deb hisoblangan Holid Shayx Muhammadning mamlakat sobiq rahbari Barak Obamaga yo‘llagan maktubi e'lon qilindi.

Miami Herald’ning yozishicha, Muhammad Qo‘shma Shtatlar 11 sentabr kungi teraktlarga dunyodagi “ko‘plab kishilarning hayotiga zomin bo‘lgan” siyosati tufayli o‘zi aybdor. 

“Biz sizlarga qarshi urush boshlamadik. Bu siz va sizlarning yerdagi diktatorlaringiz”, - deya yozgan u.

Nashrning ta'kidlashicha, Muhammad taxminan 2015 yilning yanvar oyida yozgan maktubida Obamaga “ilon boshi” va “zulm va zo‘ravonlik mamlakati”, prezidenti deb murojaat qilgan.

“Men butun umr kamerada Allohga ibodat qilib, o‘z gunohlarimni kechirishini so‘rab o‘tirishdan xursand bo‘laman. Agarda siz meni o‘lim jazosiga mahkum etsangiz, men siz butun dunyo bo‘ylab o‘ldirgan o‘zimning yaxshi do‘stlarim va Usoma bin Lodinni ko‘raman”, - deb yozgan Muhammad.

Ma'lumot uchun, “Al-Qoida” terrorchilari 2001 yilning 11 sentabr kuni bir necha yo‘lovchi samolyotlarini egallab olib, ularni Nyu-Yorkdagi Butunjahon savdo markazi va Pentagonga qarab yo‘naltirishgan. Hujumlar oqibatida qariyb uch ming kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid