O‘zbekiston | 00:01 / 10.02.2017
130223
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda shov-shuv bo‘lgan «eshak biznesi» bo‘yicha sud ishi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida o‘tgan yil oxirida shov-shuv bo‘lgan «eshaklar qabristoni» ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu ish bo‘yicha ayblangan 5 kishi sudga tortilgan. Bu haqda samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida yozgan.

Aynan shu jurnalist o‘tgan yili «Suv havzasida eshaklar go‘ristonini kim yuzaga keltirdi?» va «Samarqanddagi suv havzasida eshaklar go‘ristoni qay tariqa paydo bo‘ldi?» nomi ostidagi jurnalistik tekshiruvlari bilan jamoatchilikni hodisadan voqif etgandi.

U ikkinchi maqolasida Samarqand shahri tashqarisidagi Xishrav qo‘rg‘oni hududida joylashgan markaziy chiqindixona yaqinidagi suv havzasida ko‘p miqdorda eshak jasadlari, suyaklari aniqlanganini ma'lum qilgandi. Jurnalist ikkinchi maqolasida Samarqand viloyati IIB ushbu holatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida surishtiruv ishlari boshlagani haqida yozgandi.

26 yanvar kuni Samarqand tumani IIB polkovnigi Otabek Jalilov bu holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari yakunlangani haqida ma'lum qilgan. U jurnalistning shu boradagi murojaatiga yo‘llagan javobida eshaklar go‘shti biror-bir maqsadda ishlatilmagani aytilgan. Xatda ushbu ish Samarqand tumani jinoiy ishlar sudiga oshirilgani aytilgan.

«Menimcha, ular eshak go‘shti jamoat ovqatlanish oshxonalariga yetkazilmaganiga alohida urg‘u qaratmoqchi bo‘lishgan», deya yozgan maqola muallifi.

Shundan so‘ng jurnalist Samarqand tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudiga murojaat qilib, ushbu ish materiallari bilan tanishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, «eshak biznesi»ga Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi 5 kishi jalb etilgan. Aniqlanishicha, ulardan biri, Shohrux Alibekov ismli shaxs Malayziyada Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Azizbek Rahmonov bilan tanishib qolgan. Shohruh Alibekovning yangi tanishi unga muayyan miqdordagi mablag‘ evaziga eshaklar terisini yetkazib berishni taklif qilgan. Rahmonov esa bu taklifga rozilik bildirgan.

Shohruh Alibekov bu ishni amalga oshirish uchun o‘ziga yordamchilar yollab, guruh tuzadi. U ishga o‘z tanishlari Davron Rabbimov, Elbek Ibragimov, Ulug‘bek To‘xtashev va Dilshod To‘xtamishevni tortadi.

Sud ishida qayd etilishicha, Sh. Alibekov D. Rabbimovga 3 marta ikki million so‘mdan pul bergan. Rabbimov bu pullarga Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridan eshaklarni xarid qilgan va E. Ibragimovning yuk mashinasida jonivorlarni Samarqand tumani Do‘stlik mahallasiga olib borgan. Ibragimov va Rabbimov eshaklarni so‘yib, terisini shilgan, go‘shtni va boshqa qoldiqlarni dara va suv havzasiga olib borib tashlashgan.

To‘xtamishev eshak go‘shtini suv havzasida yetishtirilayotgan baliqlar uchun ozuqa sifatida foydalangan. Eshak suyaklarini esa maydalab, shu hududda joylashgan yerto‘laga va suv havzasiga tashlagan yoki tovuqlarga yedirgan. Hujjatga ko‘ra, Alibekov va uning jinoiy sheriklari bu biznes bilan bir oy davomida shug‘ullangan.

Samarqand IIBB tergov bo‘limi tergovchisi M. Safarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-Protsessual kodeksining 23 moddasi (Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi) asosida ushbu guruhning faoliyatida jinoyat tarkibi yo‘qligi tufayli ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘ashdan bosh tortgan.

24 yanvar kuni Samarqand tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida sudya Bobirjon Abduvohidov raisligida sud majlisi bo‘lib o‘tgan.

Sh. Alibekov, D. Rabbimov, E. Ibragimov, U. To‘xtashev, va D. To‘xtamishev sud qilingan.

Sud guruh a'zolarini O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi asosida (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) «ma'muriy jinoyat sodir etish va hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish»da aybdor deb topib, sudlanuvchilarga eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solgan.

 

Mavzuga oid