Light | 14:07 / 16.02.2017
53964
3 daqiqa o‘qiladi

Google'ga ish so‘rab murojaat qilgan 7 yoshli qiz kutilmagan javobni oldi

Buyuk Britaniyadagi Hereford shahrida yashovchi 7 yoshli maktab o‘quvchisi Xloya Brijuoter Google'da karera qurishga qaror qildi va otasi bilan birga kompaniya "boss"lariga uni ishga olish so‘ralgan maktubni yo‘lladi. Bir necha kundan keyin qizchaga Google bosh direktoridan javob xati keldi. Unda kompaniya rahbari qizchaga minnatdorchilik bildirib, maktabni tugatganidan so‘ng rezyume yo‘llashni taklif qildi. Business Insider shu haqida xabar berdi. 

Xloyaning otasi Endi Brijuoterning so‘zlariga ko‘ra, hammasi ota-bolaning ishlash uchun eng "mukammal joy" haqidagi suhbatidan boshlangan. Ota qiziga Google haqida so‘zlab bergan va idoraning bir necha suratini ko‘rsatgan. Qizchani Kremniy vodiysidagi kompaniya kampusining intereri (qop-kreslolar, karting uchun trassa va arg‘imchoqlar) o‘ziga jalb qilgan.

Shundan keyin qizcha ham otasiga kompaniyada ishlash istagini bildirgan. U otasi yordamida Google "bosslari"ga ishga qabul qilish so‘ralgan ariza yozgan va unda "qop-kreslolarda o‘tirish, arg‘imchoq va kartalarda uchish" istagini bayon qilgan. 

Qizcha maktubida avval boshdanoq hozir emas, biroz ulg‘aygach ishga joylashishni istashini ta'kidlagan. Xloya maktabda o‘qituvchilari uni maqtashi, o‘zi esa kompyuter va robotlarni yaxshi ko‘rishini  qayd etgan. 

Qizcha Google'ga muqobil ish joyi sifatida shokolad fabrikasi va Olimpiya o‘yinlarida suzuvchi bo‘lish istagini bildirgan. 

12 fevralda Brijuoter o‘zining LinkedIn'dagi sahifasida unga Google bosh direktori Sundara Pichaidan javob maktubi kelganini ma'lum qildi. Rahbar qizchaga maktub uchun minnatdorchilik bildirib, uning kelajakda albatta o‘z maqsadlariga erishishiga ishonch bildirgan. Google'da maktubning haqiqiyligi tasdiqlandi. 

Otaning so‘zlariga ko‘ra, qizcha Pichaining javobidan juda xursand bo‘lgan. Maktub Google'da ishlashni istovchi qizchani yanada yaxshi o‘qishga ruhlantirgan.

Brijuoter Google bosh direktoridek band kishining 7 yoshli qizchaga javob maktubi yozgani va "uning orzusini yaqinlashtirgani"dan ajablangan. 

Mavzuga oid