Jamiyat | 07:22 / 16.02.2017
15636
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Tulasida 5 kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlikka berilgan jazo o‘z kuchida qoldi

Foto: RIA

Rossiyaning Tula shahrida 5 kishini, jumladan 3 nafar bolani o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosiga chiqarilgan umrbod qamoq jazosi hukmi o‘z kuchida qoldirildi, deb ma'lum qildi Tula viloyati prokuraturasi.

Sud 2016 yil 17 noyabrda 30 yoshli Sirojiddin Sheraliyevni sodir etgan qotilliklari uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilgandi. 

"Bugun 2017 yil 15 fevralda Rossiya Oliy sudining jinoiy ishlar bo‘yicha sud hay'ati Tula viloyati sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Sud hukmi qonuniy kuchga kirgan", deyilgan xabarda. Ta'kidlanishicha, Sheraliyevdan sud tomonidan jabrlanuvchining davolanishi uchun ketgan 20 309 rubl undirilgan hamda 3,5 mln rubl miqdorida ma'naviy zarar to‘lash da'vosi qondirilgan. 

Rossiya tergov qo‘mitasining viloyat boshqarmasida ta'kidlanishicha, tergov davomida 100 dan ortiq guvoh so‘roq qilingan, 40 dan ko‘proq sud ekspertizasi o‘tkazilgan. Ishning barcha tafsilotlarini o‘rnatish uchun tergovchilar nafaqat Rossiya, balki O‘zbekistonda ham tergov-tezkor tadbirlar o‘tkazganlar.

2015 yil 30 may ertalab Tuladagi Kosaya Gora posyolkasidagi xonadonlardan birida ikki nafar pichoqlangan ayol va uch nafar bola jasadi topilgan. 10 va 11 yoshli ikki qiz va ularning 5 yoshli ukasi, bolalarning 29 yoshli onasi va 49 yoshli buvisi halok bo‘lganlar. Halok bo‘lgan bolalarning 8 yoshli ukasi hamda ayollardan biri bilan yashagan 38 yoshli erkak shifoxonaga yetkazilganlar. Qotillikda gumon qilinib, Rossiyada noqonuniy yashagan o‘zbekistonlik qo‘lga olingandi. Ta'kidlanishicha, qotil bolalarning onasi bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgan. 

Jinoiy ish bir nechta moddalar bo‘yicha olib borilgan.

Mavzuga oid