Jahon | 11:22 / 17.02.2017
10652
2 daqiqa o‘qiladi

Gurbanguli Berdimuhamedov qasamyod qabul qildi

Turkmaniston prezidentligiga qayta saylangan Gurbanguli Berdimuhamedovning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. «Turkmaniston: oltin asr» gazetasining yozishicha, u Ruhiyat saroyida «turkman xalqiga va davlatga sadoqat bilan xizmat qilishi»ni aytib qasamyod qilgan.

Mamlakat rahbari o‘ng qo‘lini konstitutsiyaga qo‘yib, «zimmasidagi mas'uliyatli vazifalarni vijdonan bajarish»ga, shuningdek, «Turkmanistonning mustaqilligi va betarafligini himoya qilish»ga, «turkman xalqini birlashtirish va tinch hayotni ta'minlash uchun o‘zining bor kuchini yo‘naltirish»ga qasamyod qilgan.

Shundan so‘ng unga Turkmaniston prezidenti guvohnomasi topshirilgan, davlat madhiyasi yangragan, marosimning barcha ishtirokchilari madhiyani jo‘r bo‘lib ijro etgan.

Turkmanistonda prezidentlik saylovlari 12 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Turkmanistonning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov 97,69 foiz ovoz to‘plab, uchinchi muddatga respublika prezidenti etib saylandi.

Mavzuga oid