Jamiyat | 12:16 / 28.02.2017
29006
7 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on nag‘malarning vaqti o‘tdi

– Tavba, bu xabarning turgan-bitgani bo‘hton-ku! – kuyinib gap boshladi Muqimiy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir aka Berdiyev. – Go‘yoki, Muqimiy mavzesida odamlarning uylari, bog‘lari yoppasiga buzilayotganmish. Yolg‘on ham evi bilan-da. Nima, ayrim chet el OAVlari ko‘rmasdan, bilmasdan, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tekshirmasdan duch kelgan gapni yozaveradimi? Nega faqat tirnoq ostidan kir qidirishadi? Tuhmat qilishu yolg‘on to‘qishdan nariga o‘tishmaydi? 

Bahodir akaning ketma-ket berilgan savollaridan o‘ylanib qoldim. Aslida ayrim chet el nashrlarining bunday noxolis “xabar”larini ko‘p eshitganman, o‘qiganman. Lekin bu galgisi hammasidan oshib tushdi va ko‘pchilikning keskin e'tiroziga sabab bo‘ldi. Biz ham Qo‘qonda bo‘lganimizda o‘sha nashrlar tomonidan so‘nggi kunlarda qayta-qayta aylantirilgan bu “xabar”ning faqat yolg‘ondan iborat ekaniga to‘liq ishonch hosil qildik.

– “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Sariqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Qo‘qonboy, Tojik, Qo‘rbozor qishloqlarining bo‘sh turgan toshloq yerlarida tashkil etilyapti, – deydi Uchko‘prik tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Akmaljon Turdiqulov. – Aholi yashaydigan maskanlar, namunali uy-joylar alohida muhofaza hududi bilan ajratib olingan. Faqat hech qanday hujjatsiz, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan ayrim noqonuniy binolargina buzildi. Qurigan daraxtlar, tarqoq bog‘lar belgilangan tartibda kesilib, hudud tartibga keltirildi, xolos.

– 12 yildan buyon mahallaga raislik qilaman, – suhbatimizga qo‘shildi Muqimiy shaharchasidagi “Shikorbegi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘anijon aka Axunov. – Hududimizdagi har bir xonadonni yaxshi bilaman, kattayu kichik – barchani shaxsan taniyman. Lekin bu mavzeda bog‘ yaratib, imorat solgan Baxtiyor aka ismli tadbirkorni ko‘rmaganman, eshitmaganman. Ishonmasangiz, mana, xonadonlarning hujjatlarini ko‘ring. Hayronman, o‘sha nashrdagilar bu “odam”ni qayerdan topishdi, u bilan qanday “suhbatlashishdi”.

– Uylari buzilishiga qarshi chiqayotganlarga huquq-tartibot idoralari va prokuratura tomonidan bosim o‘tkazilyapti, deb yozishibdi...

– Bo‘lmagan gap, – so‘zimni bo‘ldi G‘anijon aka. – Istagan xonadoningizga kirib, so‘rab ko‘ring. Odamlarning o‘zlaridan javob olasiz bu savolingizga. 

Birgalikda bir necha yurtdoshlarimiz bilan ayni mavzu xususida muloqotda bo‘ldik.

–  “Oltin nihol” bog‘dorchilik uyushmasi hududida 6 sotix bog‘imiz bor, – deydi Qo‘qon shahar, “Sarboz” ko‘chasidagi 45-uyning 8-xonadonida yashovchi Ziyodjon Tursunov. – Ko‘rib turibsiz, bog‘imizdagi birorta ham daraxt kesilmagan, binolarimiz buzilgani yo‘q. Aksincha, Gollandiya tajribasi asosida eksportbop gul ko‘chatlari yetishtirishimiz uchun 2,5 gektar yer ajratilyapti. 

– Hududimizda erkin iqtisodiy zona ochilayotgani, avvalo, tadbirkorlarga berilayotgan katta imkoniyat-ku. Qolaversa, qancha odam ishli, daromadli bo‘ladi. Xalqimizni o‘ylab qilinayotgan ish bu, – deydi “Qo‘qon sport lider” sho‘'ba korxonasi rahbari Ma'sudjon Nazirov. – Bu yerda 2 gektar maydonda 5,5 milliard so‘mlik yangi korxona qurib, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarmoqchimiz. Kiritadigan mablag‘imizga qarab 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona to‘lovlarida imtiyozlar berilyapti. Bunday imkoniyatdan foydalanmay bo‘ladimi?

Ayni kungacha 383 gektar maydonni egallagan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida Ma'sudjon kabi tadbirkorlarning 200 ga yaqin loyihasi shakllantirilgan. Meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari va boshqa yo‘nalishlardagi bu zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlariga 840 milliard so‘mdan ortiq investitsiya kiritiladi. 9 mingga yaqin odam doimiy ish bilan ta'minlanadi. Yuzlab oilalarning daromadi ortadi, minglab odamlarning hayoti yaxshilanadi.

Bugun Qo‘qonda asl vaziyat shunday. Biz erkin iqtisodiy zonada ham, Muqimiy shaharchasida ham, shahar hokimiyatida ham uyi yoki bog‘i buzilib, norizo bo‘lib yurgan yurtdoshimizni uchratmadik. Aksincha, qo‘qonliklar bu xayrli ishlar xalqning foydasiga xizmat qilishiga va qurilayotgan yuzlab yangi korxonalar, zavod-fabrikalar shu hududga katta naf keltirishiga ishonishadi.

Savol tug‘ilishi tabiiy. Nima, o‘sha ayrim chet el nashrlaridagilar O‘zbekistondagi bu yutuqlardan, odamlarning og‘irini yengillatish, daromadini ko‘paytirish, turmush sharoitini yaxshilash uchun qilinayotgan ishlardan bexabarmi? Yo‘q, aslo. Ular buni juda yaxshi bilishadi. Nega unda o‘zlarini haqiqatparvar, deb hisoblaydigan o‘sha nashrlar muxbirlari bu haqda xolis, samimiy fikr bildirishmaydi? Sababi oddiy –  ular homiylariga bunday xolis fikrlar yoqmasligidan, o‘zlarining esa tirikchilik tegirmoni aylanmay qolishidan qo‘rqishadi.

Muhimi, shaxsan Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlar zamirida qanchadan qancha insonlar manfaati, qancha mehnat va mablag‘ yotganini sizu biz yaxshi bilamiz. Faqat buni Vatanda bir cho‘p suqib, daraxt ko‘kartirmagan, bir g‘isht qo‘yib, imorat ko‘tarmagan, yolg‘on tegirmoniga suv quyib, tirikchilik o‘tkazayotgan o‘sha nashrlardagi ayrim qalbi so‘qir kimsalargina ko‘ra olmaydi, his qilmaydi. 

Tilga olayotganimiz o‘sha ayrim chet el nashrdaridagi xolislikdan mutlaqo yiroq bo‘lgan muxbirlarga aytadigan xulosamiz shu – keling, ochig‘ini tan oling, endi bunday yolg‘on nag‘malarning vaqti o‘tdi. Bugun O‘zbekistonda hech kim sizning nog‘orangizga o‘ynamaydi!

Muhammadjon Obidov
Azizjon Ermatov 
Qo‘qondan maxsus

Mavzuga oid