Erta botgan quyosh ... (Real voqelikka asoslangan hikoya)
Xolida (ismlar o‘zgartirilgan) uch farzandi bilan beva qoldi. O‘zi shundog‘am kamtarona hayot kechirayotgan oilaning boshiga og‘ir sinovlar tusha boshladi. Erining vafotidan so‘ng, yarim yilcha aka-ukasi, ota-onasining ko‘magi bilan kun o‘tqazdi. Onasi hali yosh ekani, bolalar otasiz o‘smasligini, boshqa turmush qurishini uqtirib, holi-joniga qo‘ymadi. Xolida unamadi, farzandlarini o‘yladi. O‘gay baribir o‘gayda, o‘z bolasidek ko‘rarmidi?! Bolalarini yupun bo‘lishini xohlamay, onasining gapini qat'iy rad etdi.
– Unday bo‘lsa, bola-chaqangni olib yonimga ko‘chib kel, – dedi onasi, – qishloqning bir chetida yolg‘iz boshing bilan turma, gap-so‘z ko‘payadi”. Xolida shundog‘am katakdek hovlida uch kelin, bir quchoq nabiralar bilan yashayotgan onasinikida ortiqcha bo‘lishini o‘ylab, bu taklifni ham rad etdi. Aksiga olib, tayinli joyda o‘qimagan, biror hunari bo‘lmagan Xolida nima qilishini bilmay qoldi. O‘ylay-o‘ylay ish izlab ko‘rishga qaror qildi. Bolalarini bog‘chaga berib, o‘zi ishlasa, kechqurun farzandlari bag‘rida bo‘ladi. Ko‘rayotgan qiyinchiliklarini birov bilmasa, ana, farzandlari biladi. Peshonasiga shu taqdir bitilgan ekan, nimayam qilardi. Shu o‘ylar bilan uyiga yaqin choyxona, restoran, do‘konlarga kirib, ish so‘rab chiqdi. Ofisiant qilib olishsayam kuni o‘tadi, qora qozoni qaynab tursa bas, sekin-sekin oyoqqa turib oladi. Tush vaqtigacha ish qidirdi. Hamma joyda bir xil savol berishardi: ma'lumotingiz, oldin ishlaganmisiz, tajribangiz bormi? Turmushga chiqqandan buyon faqat uyda o‘tirgan Xolida uchun bu savollarga beradigan javobi qoniqarsiz bo‘lardi. Shu sababli, u yana boshqa joyga ish so‘rab borishga majbur edi. Ba'zi joylarda hozir hamma joylar band, bo‘shab qolsa, qo‘ng‘iroq qilamiz, deb raqamini olib qolishdi. Ammo ulardan hadeganda javob kelavermadi.
Mana ikki haftaki, ish izlab, sarsonu sargardon. Xolidaning ko‘ngli buzildi. Eri bo‘lganda edi, shuncha qiyinchilik bo‘lmas edi. Guldek hunari bor edi. Duradgorlik qilib, yomon bo‘lmadi. Ikki yilda yangi uchastka solib, qaynotasinikidan ajralib chiqishdi. Dang‘illama hovli bo‘lmasayam, har holda o‘zlarining uyi. El qatori yashab yurishgandi. O‘sha mudhish avariya bo‘lmaganida edi hozir ham baxtli hayot kechirib yurgan bo‘lardi. Xolidaning xo‘rligi keldi. Yig‘lamoqchi bo‘ldi. Ammo shundoq ham yig‘layverib, ko‘zida yosh qolmagandi.
Ranglari oqarib, avvalgi holatidan asar ham qolmagan Xolida bir ahvolda, tushkun kayfiyatda uyiga keldi. Qo‘shnisi Naziranikidan kichigini olib, uyiga kirdi. Qizlari hali o‘qishdan kelmabdi. Qozonda qolgan kechagi ovqatni isitib, bolasiga berdi. Kattalari ham kelib qoldi. O‘tirib ovqatlanishdi. Xolida biroz yengil tortgandek bo‘ldi. Bahromni quchog‘iga olib, charchaganidan uxlab qoldi.
Ertangi kun yana ish qidirib yo‘lga otlandi. Bu safar omadi keldi. Yo‘lda Karim akani ko‘rib qoldi. Karim aka – otasining yaqin do‘sti. Xolidaning boshiga tushgan ishlardan bexabar ekan. Otasining hurmati unga yordam berdi. Bir to‘yxonaga idish yuvuvchi qilib joylab qo‘ydi.
– Hozircha shu yerda ishlab tur. Biroz tajriba orttirib, ish o‘rgansang, keyin tuzukroq ishga joylab qo‘yaman”, – dedi Karim aka.
Xolida o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. Xudoga shukur, endi bolalari och qolmaydi. Ishxonasi ham yaqingina, uyidan ikki ko‘cha narida ekan. Nega shu vaqtgacha bu yerga kelmadim ekan, deb o‘zidan hayron bo‘ldi. Ish boshqaruvchidan ertadan ish boshlashi mumkinligini eshitib, darhol bog‘chaga o‘tdi. U yerdan Bahromni joylashtirish uchun zarur hujjatlarni to‘g‘irlab, uyiga qaytdi. Bugungi kun Xolida uchun o‘zgacha bo‘ldi. Endi hamma ishlari joyida bo‘lishini o‘ylab, yengil tortdi. Xursand bo‘lganidan bolalarini quchoqlab, shirin hayollar surdi. Kun bo‘yi tik oyoqda yurib, qattiq charchagani endi sezila boshladi. Ko‘zlarini yumib, shirin tin oldi.
Xolida tabiatan kirishimli bo‘lgani uchun bir haftada hamkasblari bilan yaqin bo‘lib ketdi. O‘tkaziladigan shohona tadbirlardan so‘ng, ul-bul orttirib, uyiga olib kela boshladi. To‘y mavsumi bo‘lganligi sababli ish ko‘p, oladigan maoshi ham shunga yarasha edi. Ko‘pincha sherigi uchun ham ikki karra ishlar, natijada, o‘sha kungi daromadi ham ko‘payardi.
Bir yilda Xolida o‘zini ancha tiklab oldi. Karim aka gapida turib, uni bosh ofitsiant qilib qo‘ydi. Maoshi ham ikki karra oshib, qo‘lida bir qancha ishchilari bor, ishni o‘zi taqsimlab, o‘zi nazorat qilar edi.
Xolida pul yig‘ib, chala bitgan uchastkasini ko‘tarib olishga tirishdi. Keyinchalik, oshxona qurishni ham rejalashtirib qo‘ydi. Endi Xolidaning ishi yanada ko‘paygan, bir tomondan to‘yxonadagi tashvishlar, bir tomondan uyiga usta qo‘ygan, yana bir tomondan farzandlar tarbiyasi bilan bosh ko‘tarishga vaqt topolmay qoldi.
Yil oxiriga borib, ishlari biroz yengillashgandek bo‘ldi, imoratni oxiriga yetkazib, yangi xonaga ko‘chib o‘tdi. Uchastka shahardan chetroqda, yangi qurilayotgan uylar qatorida bo‘lganligi sabab hali gazlashtirilmagan edi. Shu sabab, Xolida jiyanlarini chaqirtirib, o‘tin g‘amlatib qo‘ydi.
To‘yxonadan ham uncha-muncha o‘tin olib keldi, qolganiga bir arava ko‘mir sotib oldi. Shunday qilib Xolida qishki issiqlikni ta'minlab qo‘ygandek ko‘ngli to‘q bo‘ldi.
Qish kunlari boshlandi. Ayozli kunlarda bolalari shamollab qolmasligi uchun, uyni issiq tutishga harakat qildi. Cho‘yan pechga oldin o‘tinni tiqar, yaxshi olov bo‘lgach, bir nechta ko‘mir bo‘laklari tashlab qo‘yardi. Shunda ko‘mir yaxshi cho‘g‘lanib, uy ertalabgacha issiq bo‘lardi.
Ertalab Xolida shoshgancha bolalarini ovqatlantirar, ishga kech qolayotgan edi. Birdan eshik taqillab qoldi. Xolida eshikni ochib, militsiya kiyimida turgan yosh yigitni ko‘rdi.
– Yong‘in xavfsizligi xizmatidan katta leytenant Bekmatov, – deya o‘zini tanishtirdi militsioner. – Yong‘in xavfsizligi oyligida targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz, sovuq kunlarda pechdan foydalanishda ehtiyot bo‘ling, mo‘rilarni tozaligiga ahamiyat bering, o‘tin va ko‘mirni yaxshi yonmasligi is gazini ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Is gazi esa nafas organlarini ishdan chiqarib, hattoki o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin. Uyda bolalarni nazoratsiz qoldirmang, nosoz va qo‘lbola elektr isitish pechlaridan foydalanmang...
Shundoq ham ishdan kech qolayotgan Xolida uchun bu gaplar ortiqcha edi.
– Bizda hammasi joyida, – gapni bo‘ldi Xolida, – ishga shoshayotgandim, boshqa gapingiz bo‘lmasa ketishim kerak.
– Axir bu sizning xavfsizligingiz uchun ...
– Bo‘ldi, tushunarli, faqat shoshilyapman.
Xodimning gapi og‘zida qoldi. Xolida uyni qulflab, bolalarini olib ishga shoshildi.
– Bundaylar faqat vaqtingni oladi, arzirli gapi yo‘q. Undan ko‘ra, nafaqa olishimga yordam bersin, o‘zi yosh bola aql o‘rgatishinichi, - deya ensasi qotgandek bo‘ldi...
Kunlar o‘tdi. Xolidaning ishi yurishgandan yurishdi. Qish kunlari bo‘lsa ham to‘ylar ko‘p, ish ham shunga yarasha. Ertaga naqd ikkita to‘y. Tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Xolida ishchilarga zarur ko‘rsatmalarni berib, ertaga ishni ertaroq boshlash zarurligini tushuntirdi, so‘ng, ish vaqtini ertalabki ikkiga belgiladi. Ishchilar bu judayam erta ekanligini bilishsa-da, Xolidaning urishib berishidan qo‘rqib, indashmadi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Xolida uyiga yetib keldi. Farzandlarini bag‘riga quchgan edi bor tashvishlari unutilgandek bo‘ldi. Keyin soat uyg‘otgichini ertalabki ikkiga to‘g‘irlab qo‘ydi. Ko‘zi ilindi. Soat jiringladi. Birpasda vaqt bo‘libdi. Shirin uyqu o‘ziga tortsa ham bugungi daromadini o‘ylab issiq joyidan turdi. Uy bir oz sovibdi. Darhol pechga to‘rt-beshta o‘tinni tashlab, ustidan ko‘mirni qalashtirdi. Ertalabgacha olov o‘chib qolmasin deb, pechga o‘tinni to‘ldirdi. Soatga qaradi ikki yarim bo‘libdi, Xolida kech qolayotgan edi. Darhol sumkasini ko‘tarib, issiq kiyimlarini kiydi, eshikni qulflab, ishga shoshdi.
Tong otgach, ishlari sal kamaygach, Xolida bolalarini ovqatlantirib, bog‘chaga tashlash uchun uyiga shoshdi. Ko‘chasiga yaqinlashar ekan, o‘z uyi tomondan chiqayotgan tutunni ko‘rdi. Yuragi shuv etib ketdi. Uyiga chopdi. Qarasa, ertalab qulflab ketilgan eshik buzib ochilgan, ichkarida yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari qoldiqlarini o‘chirish bilan band edi.
- Bolalarim ... – qichqirdi Xolida, – bolalarim qani ??!
Qo‘shnilar uni o‘rab olishdi.
- O‘zingni bos, Xolida, ko‘rgulik ekan.
– Nima ??! Nimalar deyapsizlar, mening bolalarim qani, qani ular?!
Nazira tashqarini ko‘rsatdi. Xolida jon holatda tashqariga otildi. Tez tibbiy yordam mashinasida farzandlarini ko‘rdi. Yugurdi. Shoxruxni qo‘liga olib, yuzidan o‘pdi. Boshdan oyoq ko‘zdan kechirdi.
– Hayriyat kuymabdi. Hech narsa qilmabdi bolamga. Unda nega yuzlari muzdek, nega gapirmayapti?!
Keyin qizlarini quchdi. Tutun hidi kelayotan, qora kuya yopishgan kiyimlarini yechdi, havo sovuq, sovqotib qolishmasin, deb yana kiyintirdi. Ustiga adyol yopdi. Xuddi, hozir ular shirin uyquda, uyg‘onishni istashmayotganga o‘xshardi.
– Shoxrux, bolam tur, tong otdi. Tur o‘g‘lim, o‘zim seni bog‘chaga olib borib qo‘yaman. Birga ovqatlanamiz, ishga ketishimni xohlamaysanku, to‘g‘rimi, endi hech qayoqqa ketmayman, bolam, doim yoningda bo‘laman. Ko‘zingni ochsang bo‘ldi bolam !
Xolidaning atrofida qo‘ni-qo‘shnilar to‘planishgan, ammo ular jim edi. Nima deyishni ham bilishmas, Xolidaning holiga hammaning rahmi kelardi. U telba bo‘lib qolganga o‘xshardi. Qo‘llari sekin harakatlanar, ko‘zlari hamon umid bilan bolalariga boqardi...
Kunlar o‘tdi... Xolida jigarbandlarini yerga topshirganiga bir haftacha bo‘ldi. Onasining uyida turar ekan, hayolan o‘z aybini qidirardi. Taqdir shunchalik ham beshafqat bo‘ladimi?! Avval umr yo‘ldoshi, so‘ng uchala jigarbandini bir vaqtning o‘zida oldi. Endi hayotida mazmun qolmadi? Xolidaning hayolini televizorning ovozi bo‘ldi.
Suxandon bir maromda va qat'iy gapirardi: “Yong‘in xavfsizligi xizmati ogohlantiradi: is gazidan ehtiyot bo‘ling, bolalarni nazoratsiz qoldirmang, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qiling...”.
Tanish so‘zlar, Xolida qayerdadir eshitgan edi bu so‘zlarni, bir marta emas. Qayerda? Eslashga urindi. Uzoq o‘ylab, eshigini taqillatgan militsionerni esladi. U ham shu gapni aytgan edi. Ha, o‘sha mash'um voqeadan bir necha kun oldin uning eshigini taqillatgan odam, bunday mudhish holatdan uni ogohlantirgan edi. U esa uni gapini oxirigacha ham eshitmasdan ishga shoshgandi.
Xolida o‘z aybini bilib, ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi. Ammo endi juda kech, botgan quyoshni ortga qaytarib bo‘lmasdi...
Farrux Abduraxmanov
Jizzax viloyati IIB YoXB