Never give up! Futbol tarixidagi mo‘'jizakor «kambek»lar
Futbol shunaqa o‘yin. Unda hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Agar bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, kechagi kabi «Barselona» sizni uyaltirib qo‘yishi mumkin. Bunday uchrashuvlar futbol tarixida juda ko‘p kuzatilgan. Tribuna.Uz dramatik ssenariylar asosida kechgan uchrashuvlarni eslab o‘tadi.
9) «Nyukasl» – «Arsenal» 4:4 (0:4)
Angliya premer-ligasi, 2014 yil 5 fevral
«Qarg‘alar» uchrashuvgacha asosiy hujumchisi Endi Kerrolni sotib yuborgan, yana bir hujumchi Shola Ameobi esa jarohati sabab o‘yinga tusha olmagandi. Mezbonlar qandaydir 10 daqiqa ichida uchta to‘p o‘tkazib yuboradi. 26-daqiqaga kelib esa hisob nyukaslliklar uchun qo‘rqinchli ko‘rinish oladi — 4:0. Ammo hammasi tugadi degani emasdi.
«Arsenal» uchun barchasi Abu Diabining qizil kartochka olishidan boshlanadi. O‘zining jirkanch harakatlari bilan mashhur Joui Barton Diabini o‘z xiylasiga o‘ynatadi. O‘n kishi bo‘lib qolgan «Arsenal» esa butunlay o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yuboradi. O‘sha bezori Joui Bartonning o‘zi ikki marta penaltidan gol uradi, shuningdek Leon Best va Sheyx Tiote tomonidan kiritilgan gollar futbol tarixidagi eng esda qolarli o‘yinlardan birining tarixga kirishiga sababchi bo‘ladi.
8) «Fulhem» – «Yuventus» 4:1, umumiy hisob 5:4
Yevropa ligasi, 1/8 final, javob uchrashuvi, 2010 yil, 18 mart
Matematik jihatdan o‘ta murakkab vaziyat. Londonning «Fulhem» jamoasi o‘shanda yevrokuboklarda bor-yo‘g‘i ikkinchi marta ishtirok etayotgandi. Turinda jamoa «Yuventus»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy beradi — 1:3. Londonda esa ikkinchi daqiqadayoq David Trezege tomonidan kiritilgan gol evaziga farq uchta to‘pgacha oshadi. Bir qarashda endi ingliz jamoasi uchun umid qolmagandi.
Ammo barchasi tumanli albionliklar uchun ertakdek yakunlanadi. Avvaliga Bobbi Zamora, keyinchalik Zoltan Geraning sa'yi-harakatlari evaziga «Fulhem» ikkala uchrashuvdagi muvozanatni tiklaydi. O‘yinning so‘nggi qismiga kelib o‘sha paytda «Fulhem» bosh murabbiyi bo‘lgan Roy Hojson himoyachi Kelli o‘rniga Klint Dempsini maydonga tushiradi. Oradan 11 daqiqa o‘tib, amerikalik futbolchi kamtargina «Fulhem» tarixiga zarhal harflar yozilgan natija qayd etilishiga o‘z goli bilan hissa qo‘shadi.
7) Germaniya – Shvetsiya 4:4
JCh-2014 saralash bosqichi (2012 yil)
Futbol tarixiga skandinavlarning qahramonligi sifatida kirgan uchrashuv o‘tgan jahon chempionati saralash bosqichida kuzatilgandi. Uchrashuvning 40-daqiqasiga qadar bundestim 4:0 hisobida oldinga chiqib olishadi. Klozening dubli, Mertezaker va O‘zil tomonidan kiritilgan gollar uchrashuv masalasiga oydinlik kiritib qo‘ygandek edi guyo. Ammo ikkinchi bo‘limda barchasi o‘zgarib ketdi.
Shvetsiya hujum chizig‘i yetakchisi Zlatan Ibrahimovich jamoasining kambekini boshlab bergan, Lyustig va Elmander tomonidan kiritilgan gollar 76-daqiqaga kelib hisobni minimal darajagacha qisqarishiga sabab bo‘lgan. Uchrashuvning 90+3-daqiqasida esa Rasmus Elm tomonidan kiritilgan gol Shvetsiya uchun juda muhim bir ochkoni taqdim etgandi.
6) «Liverpul» – «Borussiya» D 4:3 (umumiy hisob 5:4)
Yevropa Ligasi 1/4 final, 2017 yil 14 aprel
Yevropa Ligasining chorak finalida Yurgen Klopp o‘zining sobiq jamoasiga qarshi ro‘baro‘ keldi. Dortmundda kuchlar teng keldi. «Liverpul» o‘z uyida keyingi bosqich masalasini hal qilishi uchun o‘z uyida to‘p o‘tkazmasa kifoya qilardi. Ammo Klopp jamoasi hech qachon bu yo‘ldan bormagan. Jamoa albatta o‘ziga muammo orttirmasa bo‘lmaydi. Uchrashuvning dastlabki 10 daqiqasida «Borussiya» ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limga kelib hisob mehmonlar foydasiga 3:1 ko‘rinishini oladi. «Liverpul» keyingi bosqichga chiqishi uchun 3ta gol urishi kerak edi. Bunday kambeklarni yaxshi ko‘radigan Klopp jamoasi bu ishni uddaladi. 91-daqiqada Deyan Lovren tomonidan kiritilgan goldan so‘ng dahshatli «Enfild» yana bir dahshatli g‘alabani tantana qilayotgandi.
5) «Deportivo» – «Milan» 4:0 (birinchi uchrashuv: 1:4, umumiy hisob, 5:4)
YeChL, 1/4 final, 2004 yil, 7 aprel
Amaldagi Chempionlar ligasi g‘olibi Ispaniyada uchta to‘p farqidagi ustunlik bilan yetib keladi. Bu uchrashuvdan 2-3 oy oldin «Monako»da 3:8 hisobida mag‘lubiyatga uchragan «Deportivo»ni bu uchrashuvga biror karomat ko‘rsatishini hech kim kutmagandi. Ammo... La-korunyaliklar mo‘'jiza ko‘rsatishni uddasidan chiqadi. Jamoa «Riasor»ga yig‘ilgan 29 ming muxlis qarshisida birinchi bo‘limning o‘zida ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirib olishning uddasidan chiqadi.
Jamoaning o‘sha davrlaridagi afsonalari Valter Pandiani, Huan Karlos Valeron va Albert Luke tomonidan kiritilgan gollarga qo‘shimcha ravishda Fran ikkinchi bo‘limda yana bitta to‘p kiritib, «Milan» uchun sharmandali natijani yuzaga keltiradi. Ma'lum muddat bu og‘riq bilan yashagan Milan, bir yil o‘tib bu natija aslida holva ekaniga guvoh bo‘ldi. Bu haqda keyinroq.
4) «Manchester Siti» – «KPR» 3:2
Angliya premer-ligasi (2012 yil, 2 may)
«Manchester Siti» uy stadioniga tashrif buyursangiz, albatta «93:20» deb nomlangan muzey-burchakni ko‘rib qaytishingiz kerak. Jamoa uchun fantastik uchrashuv tarixidan so‘zlovchi maxsus joy uchrashuvning yorqin lahzalari bilan to‘ldirilgan. Bu voqeani «shaharliklar» muxlislari uzoq vaqt unutmasligi aniq. Jamoa 44 yillik tanaffusdan keyin ilk chempionlik unvonini qo‘lga kiritish shunchaki «KPR»ni mag‘lubiyatga uchratishi kifoya qilardi.
Ammo Roberto Manchini shogirdlari uchun barchasi ular kutganidek boshlanmadi. Jamoa 90-daqiqaga kelib 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgandi. Durang ham jamoani chempionlikdan mahrum qilib qo‘yishi tayin edi. Hakam esa asosiy vaqtga 4 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Ko‘pchilik bunga ishonmayotgan bo‘lsa ham, «Siti» futbolchilari bunga ishonishdi. Avvaliga Edin Djyeko hisobni tenglashtirdi. Qolgan uch daqiqada «Siti» bitta gol kiritishi yetarli bo‘lardi. Aynan 93 daqiqaning 20 soniyasi o‘tib borayotgan paytda Serxio Aguero katta sahnaga chiqdi. Balotelli tomonidan yetkazib berilgan to‘p bilan jarima maydonchasiga kirib borgan argentinalik hujumchi darvozabon tomon zarba berdi. Goool. «Etihad» larzaga keldi. «Old Trafford»da g‘alaba qozonib, hamshaharlari natijasini kutib turgan ser Aleks natijani eshitboq futbolchilarni yechinish xonasi tomon boshladi. Manchesterning bir qismida sokinlik cho‘mgan bo‘lsa, bir qismida aqlbovar qilmas darajada bayram boshlanib ketgandi. Muxlislar aqldan ozayotgandi.
3) Manchester Yunayted – Bavariya 2:1
YeChL, final, 1999 yil
Futbol tarixidagi eng mashhur kambeklardan biri. «Kamp Nou» guvohlik qilgan ushbu super to‘qnashuvga tez orada 20 yil to‘lsada, u hamon muxlislar va mutaxassislar tomonidan eslab turiladi.
Yevropa chempionlar ligasining final uchrashuvining katta qismi myunxenliklar ustunligi ostida o‘tdi. Mario Basler jarima zarbasidan hisobni ochdi. Shundan so‘ng, «Manchester» o‘yinida inqiroz kuzatila boshladi. Nemislar ko‘rsatayotgan futbol oldida Fergyuson shogirdlari ancha kuchsiz ko‘rinishardi. Ammo ser Aleks mana shunday vaziyatda ham o‘yinga burilish yasay oldi.
Hujumni kuchaytirish uchun u avvaliga uchinchi hujumchi Teddi Sheringemni, keyinroq esa Endi Koul o‘rniga kuchga to‘la Ole Gunnar Sulsherni maydonga tushirdi. Shunga qaramay, myunxenliklarning hujumlari xavfli ko‘rinish olardi. Karsten Yankerning o‘zi kamida bitta haqiqiy golga tortadigan vaziyatdan foydalanib, uchrashuvga nuqta qo‘yishi mumkin edi. Biroq jamoa bu ishni uddalay olmadi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa barchasi o‘zgarib ketdi. Qo‘shib berilgan birinchi daqiqada Devid Bekhem tomonidan yetkazib berilgan to‘pni Teddi Sheringem darvozaga aniq yo‘llab hisobni tenglashtirdi. G‘alabaga tayyor turgan «Bavariya» endi qo‘shimcha daqiqalarni kutishga majburdek ko‘ringandi. Ammo bu hali o‘sha kechaning yakuni emasdi. 93-daqiqada «Yunayted» yana burchak to‘pi ishladi. Bekhem tomonidan yetkazib berilgan to‘p yo‘nalishini Sheringem o‘zgartirdi. Unga birinchi bo‘lib yetib kelgan «sehrli tayoqcha» Sulsher yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qildi — 1:2. Fantastika! Fergyuson o‘zining 15 yilga yaqin faoliyati davomidagi eng muhim sovrinni xuddi shunaqa buyuk uchrashuvdagi g‘alaba evaziga qo‘lga kiritgandi.
2) Liverpul – Milan 3:3, (penaltilar seriyasi bo‘yicha — 3:2)
YeChL, Final, 2005 yil, may
Unutilmas Istanbul trilleri, bugungi kungacha ko‘pchilik tomonidan Yevropa chempionlar ligasi finallari tarixidagi eng mashhur uchrashuv sifatida ko‘rib kelinardi. Milanliklar uchrashuvning birinchi daqiqasidayoq Maldinining goli evaziga hisobni ochishadi. Ernan Kresponing dubli evaziga birinchi bo‘lim so‘nggiga kelib tabloda 3:0 hisobi porlab turardi. Deyarli hech kim «Milan»ning YeChL kubogini 7-marta qo‘lga kiritishiga shubha qilmayotgandi.
Bir yil oldingi (biz yuqorida eslagan) xaraktersiz «Milan»ni hech kim eslamagandi. Lekin Stiven Jyerrard va Ko oxiriga qadar kurash olib bordi. U dastlabki javob to‘pini kiritganda qo‘llarini balandga ko‘tarib, jamoani ruhlantirardi. Hozirgacha aynan uning mana shu «jyest»i futbol tarixidagi eng mashhurlaridan hisoblanadi. Vladimir Shmitser va Shabi Alonso tomonidan kiritilgan gollar uchtalik farqni butunlay yo‘qqa chiqardi. O‘yin penaltilar seriyasiga qadar yetib bordi. Psixologik tomondan ustun bo‘lgan Benites shogirdlari futbol lotoreyasida muvaffaqiyat qozonib, beshinchi bor nufuzli sovrin sohibiga aylandi. O‘yin qahramoni bo‘lishi kutilgan Andrey Shevchenko so‘nggi penaltini noaniq bajarib, antiqahramonga aylandi. Butun o‘yin davomida «You will never walk alone!» deb kuylagan tribunalar o‘z sevimlilari ijrosidagi super tomoshadan chinakamiga bahra olishdi.
Uchrashuvdan keyin ba'zi ma'lumotlar tarqaldi. Unga ko‘ra, «Milan futbolchilari birinchi bo‘limdan keyin «Biz chempionmiz» yozuvi tushirilgan futbolkalarni ichlaridan kiyib olgan holda maydonga chiqishgan. Shu bosidan ham uchrashuv nihoyasiga yetgach, ularning birortasi ham o‘z futbolkalarini raqib bilan almashishni istashmagandi.
1) «Barselona» – «PSJ» 6:1 (umumiy hisob 6:5)
YeChL, 1/8 final, 2017 yil, 8 mart
Agar siz ushbu maqolani shu yergacha o‘qib chiqqan bo‘lsangiz, bu o‘yinga ortiqcha ta'rifni eshitib o‘tirishingiz shart emas. Chunki siz bu o‘yinning tirik guvohi bo‘lgan eng baxtli insonlardansiz. «Barselona» ko‘rsatgan mo‘'jiza futbolda hech qachon biror narsani oldindan aytib bo‘lmasligini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Har qanday holatda ham maqsadga erishish uchun astoydil intilsa bunga erishish mumkinligini isbotladi. Futbol misolida «Barselona» maqsad sari intilayotgan hammaga namuna ko‘rsatib bera oldi. Ustoz jurnalistlarimizdan biri aytganidek «Kechagi o‘yin faqat «Barselona» yoki futbol muxlislari uchun emasdi».
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024