Jamiyat | 00:26 / 10.03.2017
30665
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar sayyoramizdagi eng aniq va o‘tkir ko‘zli yirtqichning nomini ma'lum qilishdi

Foto: Sam Fabian

Olimlar sayyoramizdagi eng aniq va o‘tkir ko‘zli yirtqichning nomini ma'lum qilishdi. Aniqlanishicha, ular burgutlar emas, balki ikki qanotli hasharotlar oilasiga mansub Asilidae turidagi yirtqich pashsha-ktirlar ekan. Bu turdagi pashshalar o‘ljasini katta masofadan turib "nishonga olib", uni deyarli 100 foizlik kafolat bilan tuta oladi. Bu haqda Current Biology nashrida ma'lum qilindi.  

"Biz ktirlar boshqa pashshalarga nisbatan juda yaxshi ko‘rish qobiliyatiga egaligini bilardik, biroq ular bu borada o‘zlaridan 10 marta katta bo‘lgan ninachilar bilan tenglasha olishlarini bilmagandik. Xuddi shuningdek, bu pashshalar o‘ljasini jangovar samolyot kabi nishonga olishini ham kutmagandik, biroq ular parvozlari yo‘nalishini o‘ljasiniki bilan sinxronlashtirishini taxmin qilgandik", deb aytdi Kembrij universiteti olimasi Paloma Gonsales-Bellido.

Gonsales-Bellidoning aytishicha, hasharotlarning ko‘rish o‘tkirligi ularning o‘lchamlariga kuchli bog‘langan. Qoidaga ko‘ra, hasharot qancha katta bo‘lsa, uning ko‘rish qobiliyati shunchalik yaxshi bo‘ladi. Shu qoidaga ko‘ra, ayni vaqtgacha eng o‘tkir ko‘zga ninachilar egalar deb hisoblab kelinardi.

Olima va uning hamkasblarining aytishicha, ktirning ko‘zlari unga o‘ljasini 50 santimetrdan ko‘rishga va uni soniyaning bir necha ulushlarida nishonga olishga imkon beradi. Bu esa inson bir necha millimetr o‘lchamdagi buyumni 300 metr masofadan ko‘rishi bilan barobardir.   

Pashsha o‘ljasini ko‘rganda noyob ov "dasturini" ishga tushiradi. Avval pashsha o‘zining harakat yo‘nalishini o‘lja bilan uchrashadigan yo‘nalishga o‘zgartiradi va u bilan deyarli parallel ravishda uchadi. O‘lja bilan bunday yaqinlashish usulini ko‘plab yirtqich qushlar va sut emizuvchi jonzotlar qo‘llaydilar, biroq bu usul hasharotlar orasida kam uchraydigan usuldir.

Ktir pashshasi o‘ljasiga 28-30 santimetrlik masofaga yaqinlashganda unda ovning boshqa yana bir noyob "dasturi" ishga tushadi. Olimlar bu dasturni samolyotlarning nishonga olish tizimi ishiga qiyoslashmoqda. Shu payt pashsha yo‘nalishini emas, balki tezligini to‘g‘rilaydi: u o‘ljasidan sal tezroq uchadi va faol ravishda manyovrlarni amalga oshiradi. Bu esa o‘ljasiga yaqinlashib, uni juda katta ehtimollik bilan tutib olishiga imkon beradi.