Jahon | 20:48 / 11.03.2017
6956
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Airbus’dan ilk uzoq magistral samolyotni oldi

Foto:IRNA

Eron Yevropaning aviasozlik konserni Airbus bilan shartnoma bo‘yicha undan ilk uzoq magistral samolyot A-330-200’ni oldi. Eron televideniyesining ma'lum qilishicha, samolyot 11 mart kuni Tehrondagi Mehrobod aeroportiga qo‘ngan va Eron fuqarolik havo flotining tarkibiga kiritilgan. 

Eron 20 martgacha yana bitta shunday samolyot olishi kutilmoqda. Eronga samolyotlarning yetkazilishi 2 oy avval – 11 yanvarda sanksiyalar bekor qilingandan keyin boshlangan va Fransiyaning Tuluza shahrida Iran Air aviakompaniyasiga o‘rta masofalarga mo‘ljallangan A321 samolyoti topshirilgan. 

Kelishuvga ko‘ra, Eron umumiy hisobda 100 ta yangi samolyot: A320 oilasiga kiruvchi 46 ta, A330 oilasiga kiruvchi 38 ta va 16 ta keng fyuzelyajli A350 XWB samolyoti olishi kerak. Bu haqdagi kelishuv 2016 yil yanvarida Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning Parijga safari vaqtida erishilgan. Shartnoma qiymati 20 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. 

Eron unga qarshi xalqaro sanksiyalar amal qilgan vaqtda yangi aviatexnika xarid qilish imkoniyatidan mahrum etilgandi. Eronlik mutaxassislarning baholashlaricha, Eron yaqin o‘n yil ichida taxminan 500 ta yo‘lovchi samolyoti xarid qilishi kerak.

Mavzuga oid