O‘zbekiston | 09:48 / 12.03.2017
47999
2 daqiqa o‘qiladi

Hazrati Imom majmuasidagi muzeyga ayollar kalta kiyimda va ro‘molsiz kirmasligi tavsiya qilindi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilish tartibini ishlab chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma'lum qilgan.

Gid va sayyohlar uchun tayyorlangan tavsiyalarga ko‘ra, «Mo‘yi Muborak» madrasasi — muqaddas Qur'oni Karim joylashgan muzeyga bir vaqtning o‘zida 40 nafargacha ziyoratchi kirishi mumkin, ekskursiya vaqti 20 daqiqadan oshmasligi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu muzeyda baland ovozda gapirish, bahslashish, video yoki fotoga olish mumkin emas. Ziyoratchi ayollar boshiga ro‘mol yoki sharf tashlab olishlari, kiyimlar ziyorat talabida – me'yordan ortiq kalta, tor yoki ochiq bo‘lmasligi kerak.

Hazrati Imom majmuasi hududida esa chekish, spirtli ichimliklar iste'mol qilish, maysazorda yurish, gullarni uzish, skeytbord va rolikda uchish, velosiped haydash kabi harakatlar taqiqlanadi.

Madrasa ish vaqti: dushanba-juma kunlari soat 9.00dan soat 17.00gacha, dam olish kunlari – shanba va yakshanba.

Turizm mavsumida 1 martdan 30 iyungacha hamda 1 avgustdan 30 noyabrgacha, dam olish kunlari ham soat 9.00dan soat 16.00gacha ziyoratchilarni qabul qiladi.

Mavzuga oid