Tanqid va tahlil: ilmiy maqolalarning soni emas, sifati zarur
Bugungi kunda O‘zbekiston Respulikasi Prezidentining ilm-fan sohasini jadal rivojlantirish, modernizatsiyalashtirish va yuqori malakali ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilgan qaror va farmonlari (2017 yil 16 fevraldagi PF-4958 sonli farmoni va 2017 yil 17 fevraldagi PQ-2789-sonli qarori) mamlakatimizda oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishida asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu sohadagi yangilanishlar O‘zbekistonda oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimini isloh qilish, yanada takomillashtirish hamda turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy markazlari faoliyat yurituvchi rivojlangan davlatlarning oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimlari bilan integratsiyalashtirishni nazarda tutadi. Shu o‘rinda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlarga mos bo‘lgan ikki bosqichli (PhD va fan doktorligi) tizimini yaratilishi biz yosh olimlarlar tomonidan iliq kutib olindi.
Biror ilmiy darajaga da'vogarlik qilishda dissertatsiya ishining ilmiy jurnal va konferensiyalarda yoritilishi asosiy talablardan biri sifatida ko‘riladi. Shuning uchun bir qator horijiy ilmiy markazlar va davlatlarda PhD darajasi berilishida ilmiy maqolalarning chop etilishi bo‘yicha talablari solishtirma tarzda o‘rganib chiqildi va ular quyidagi jadvalda keltirilgan (berilgan ma'lumotlar jadval ostida ko‘rsatilgan havolalar orqali tekshirilishi mumkin):
Xorijiy davlat yoki xorijiy ta'lim markazlari | PhD darajasi uchun dissertantga xalqaro nashrlarda ilmiy maqolalar bo‘yicha qo‘yiladigan talablar |
Sent Lyuis Vashington Universiteti (AQSh) | Dissertantning ilmiy maqolasi bo‘lishligi shart qilib ko‘rsatilmagan |
Konnektikut Universiteti (AQSh) | Maqola ko‘rinishidagi, tahrir qilingan, konferensiya materiallarida chop qilinadigan (yoki qabul qilingan) kamida 3 ta publikatsiya |
Gyottingen neyrotadqiqot, biofi-zika va molekulyar biotadqiqot oliy maktabi (Germaniya) | Ilmiy maqolalar bo‘yicha qat'iy talablar yo‘q |
Kataloniya Politexnika Universiteti (Ispaniya) | Chop etilgan ilmiy maqola shart emas, lekin tavsiya qilinadi |
Oslo Universiteti (Norvegiya) | Kerakli fan sohasida ilmiy ma'lumotning bir qismi sifatida chop qilingan ilmiy nashr |
KULLyuven katolik universiteti (Belgiya) | Tahrir qilinadigan jurnalda chop etib bo‘lingan yoki chop etishga qabul qilingan kamida bitta ilmiy maqola yoki tezis yoki patent... |
Bratislavadagi Slovakiya Texnologiya Universiteti | Ilmiy maqola bo‘lishligi shart (soni keltirilmagan) |
Tallin Texnologiya Universiteti | Belgilangan ro‘yxat bo‘yicha ilmiy jurnallarda va/yoki konferensiyalarda chop qilingan 3 ta publikatsiya |
Polsha | Tasdiqlangan ro‘yxatdagi jurnallarda kamida bitta maqola |
Rossiya Federatsiyasi | San'atshunoslik va madaniyatshunoslik, ijtimoiy-iqtisodiy, jamiyatshunoslikka oid va gumanitar sohalarda 3 tadan kam bo‘lmagan; boshqa sohalarda 2 tadan kam bo‘lmagan chop etilgan ishlar |
Qozog‘iston | Belgilangan talablar bo‘yicha 3 tadan kam bo‘lmagan ilmiy maqolalar (umumiy 7 ta chop qilingan ish, minimal tarzda 3 ta maqola va 4 ta tezis) |
Olingan natijalardan ilmiy jurnal maqolalari zarurati borasida (konferensiya to‘plamlaridagi tezis va/yoki maqola ko‘rinishidagi publikatsiya emas) Rossiya va Qozog‘istondagi talablar Yevropa va Amerika ilmiy markazlaridan ko‘proq ekanligi ko‘rinadi. Shu bilan birga keltirilgan ma'lumotlardan Estoniya, Polsha, Rossiya va Qozog‘istonda tegishli jurnallarning ro‘yxati mavjud ekanligi xaqida ham xulosa qilish mumkin.
O‘zbekistonda ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar RO‘YXATI deb ataluvchi ro‘yxat tashkil etilgan bo‘lib, bu ro‘yxat ko‘pchilik ilm bilan shug‘ullanayotganlar uchun jiddiy muammolarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Shu muammolar xaqida fikr yuritib ko‘raylik.
1. Hamma mutaxassislik yo‘nalishlaridan ham xorijiy maqola talab qilishimiz qay darajada to‘g‘ri bo‘ladi? O‘zbek filologiyasi bo‘yicha ilmiy ish olib borgan ilmiy xodimning maqola mavzusi xorijiy jurnallarning birortasiga va impakt faktorga ega xorijiy jurnallarga umuman to‘g‘ri kelmasa, bu vaziyatda qanday yechim topiladi (OAK raisiga FA tizimi Yosh olimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda berilgan savollardan). Tabiiyki bunda maqola o‘zbek tilida yoziladi.
2. O‘zbekiston Universitetlarining axborotnomalarida fanning turli sohalariga oid maqolalar chop qilinadi. Bu axborotnomalar esa ba'zi fan sohalaridagina ro‘yxatga kiritilgan. Misol uchun, ba'zi jurnallar kimyo fanlari ro‘yxatiga kiritilgan va biologiya fanlari ro‘yxatida uchramaydi yoki buning aksicha. Axir universitetlar hamma fan sohalariga umumlashgan oliy o‘quv yurti emasmi?
3. Fanlar bo‘yicha ro‘yxat tuzish qay darajada tugal o‘ylangan, yechimli jarayon. Kimyo sohasi (misol tariqasida) biologiya, fizika, meditsina, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sohalari bilan chambarchas bog‘liq va bundan kelib chiqib anorganik, bioorganik, analitik, fizik, kolloid, farmatsevtik, biokimyo, gaz kimyosi, neft kimyosi va boshqa mutaxassislik sohalariga bo‘linadi. Ilmiy ishi yo‘nalishidan kelib chiqib kimyo yo‘nalishidagi mutaxassis biologiya fanlari ro‘yxatidagi jurnalda maqola chop qildirib ertaga biror muammoga duch kelmasligiga kim kafolat bera oladi. Nima uchun har bir mutaxassislik sohasi bo‘yicha jurnallar ro‘yxati ixtisoslashgan ilmiy kengashlar tomonidan emas, OAK tomonidan belgilanishi kerak? Axir ixtisoslashgan kengash a'zolarining soni OAK sidagi kam sondagi mutaxassilardan ko‘proqni tashkil qiladi va tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha ularning kerakli fan sohasini qamrab olish imkoniyatlari kengroq emasmi?
4. Xorijiy ilmiy nashrlarda chop qilingan ilmiy maqolalarni hech bo‘lmaganda PhD talabgorlaridan talab qilmaslik masalasi ko‘rib chiqilishi kerakdek. Sabablar:
a) xorijiy ilmiy maqolalar chop qilinishi uchun O‘zbekistondan xorijiy nashrlarga kapital mablag‘ sarf qilinadi. Ya'ni bir yilda 500 ta ilmiy xodimning o‘rtacha 200 dollar mablag‘ sarflab maqola chop ettirishi O‘zbekistondan tashqariga yuz ming dollar chiqib ketishiga olib keladi (o‘ylab ko‘rishga arzigulik mablag‘). Buning o‘rniga shu sarflanadigan mablag‘larni o‘zimizda fan yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli jurnallarni tashkil qilishga, ularni onlayn tarzda mavjud bo‘lishini ta'minlashga, maqolalarimiz va jurnallarimiz nufuzinioshirishga sarf qilishimiz eng to‘g‘ri yo‘l emasmi?
b) xorijiy nashrlar ro‘yxati xozirgacha bir to‘xtamga kelmagan. Avvaliga ro‘yxatga kiritilgan jurnallar keyinchalik olib tashlandi (bu o‘rinda kimlarningdirsarflangan vaqt va mablag‘larining bekor qilinishiga kim aybdor).
v) Universal Impact Factor (UIF) veb sahifasi faoliyat ko‘rsatmayotganigako‘p vaqt bo‘lmoqda, biroq, shunga qaramay ro‘yxatning so‘nggi nashridaUniversal Impact Factor 43 impakt faktor nashriyoti/ma'lumotlar ba'zasi sifatida kiritilgan. Ertaga biror tadqiqotchining ilmiy maqolasi UIF ga ega bo‘lgan jurnalda chiqishi bilan yangi ro‘yxatdan uning olib tashlanishi sodir bo‘lsa, bu muammo ham himoya jarayonining yanada kechikishiga olib keladiku.
g) bir necha yillardan bo‘yon yangi sonlari chiqarilmayotgan onlayn jurnallarning haligacha mavjudligi tavsiya qilingan jurnallar ro‘yxatini “Ro‘yxat” tarzida yozilishiga olib kelmasmikin?
Xulosa o‘rinida
1) PhD va fan doktorligi uchun talab qilinadigan ilmiy maqolalarning soniga emas, balki ularning sifatiga e'tibor qaratishimiz kerak.
2) dissertantlarni ularning ilmiy ishlari natijalarini xorijiy nashrlarda chop ettirishga majburlashdan ko‘ra, avval o‘zimizning ilmiy jurnallarimizni nufuzli xalqaro ilmiy nashrlar standartlariga tenglashtirish xaqida ko‘proq bosh qotirish kerak (maqolalarni taxrir qilish, onlayn tarzda mavjudligini ta'minlash, zarur deb topilsa ingliz tilida chop qilish).
3) PhD va fan doktorligi dissertatsiyasi uchun talab qilinadigan ilmiy ishlar sonini va ularni chop etiladigan ilmiy nashr ro‘yxatini belgilash vakolatini har bir mutaxassislik ilmiy kengashlarining o‘ziga berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Mansur Xalmuratov
Mavzuga oid
09:11 / 21.03.2024
IIV departamenti tuzilmasida Strategik tahlil markazi tashkil etiladi
08:22 / 14.09.2021
O‘zbekistonda endi jinoyatlarning sodir etilishi sabablari tahlil qilinadi
10:32 / 16.02.2021
1 santimetr unumdor tuproq hosil bo‘lishiga yuz yildan ortiq vaqt ketadi - Tuproq tarkibini o‘rganish korxonasi faoliyati bilan tanishuv
21:55 / 28.07.2020