Toshkent shahar hokimligida «yagona darcha» markazlari faoliyatiga doir seminar bo‘lib o‘tdi
2017 yil 1 fevralda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2750-son qarori qabul qilingan edi. U Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda joylarda xalq bilan bevosita muloqotning samaradorligini ta'minlash maqsadiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror mazmun-mohiyatini vakolatli organlar, “Yagona darcha” markazlari hamda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhlari mas'ul xodimlari e'tiboriga yetkazish maqsadida 16 mart kuni Toshkent shahar hokimligida seminar o‘tkazildi.
Unda, ma'ruzachilar tomonidan, qarorga asosan, tuman va shaharlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan Adliya vazirligiga o‘tkazilganligi, bu esa, o‘z navbatida “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ularning faoliyatini boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda tashkil etib, muammolar yechimiga tizimli yondashuvni belgilash imkoniyatini berishi xususida to‘xtalib o‘tildi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, “yagona darcha” markazi kabi institutlar davlat xizmatlarining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, korrupsiyani oldini olish barobarida, davlat organlarining tadbirkorlik tuzilmalariga o‘z vaqtida ko‘maklashishga doir faoliyati samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
2017 yilning o‘tgan 2 oyi davomida Toshkent shahridagi tumanlar “yagona darcha” markazlari tomonidan 1996 ta yuridik shaxslar va 2943 ta yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga 16 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha 3357 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Mavzuga oid
16:16 / 06.11.2024
Tadbirkorlar uchun «Mening biznesim» moduli ishga tushirildi
18:39 / 30.08.2024
Tadbirkor tovarlarining O‘zbekistonda erkin harakatlanishiga doir huquqi ta’minlanadi
19:45 / 01.06.2024
Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlari jadallashtiriladi
18:21 / 30.05.2024