Jamiyat | 13:54 / 18.03.2017
17011
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an turklarni ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirdi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropada yashovchi turkiyaliklarni besh nafar farzand ko‘rishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Hurriyet.

Ta'kidlanishicha, bu Turkiyada to‘g‘ri deb hisoblanadigan raqamdan ikkitaga ko‘proq degani. Prezident so‘zlariga ko‘ra, turklar “Yevropaning kelajagi” bo‘lib, shuning uchun ular Yevropa mintaqasida o‘z sonini ko‘paytirishi kerak ekan.

“Men Yevropadagi fuqarolarimiz, o‘z aka-uka va opa-singillarimga uchta emas, balki beshta farzandga ega bo‘ling deyman”, - dedi u.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Yevropa endilikda ularning vatani va ular o‘sha yerda rivojlanishi kerak. “Biznes-loyihalar oching, farzandlaringizni eng yaxshi maktablarga bering, oilangiz eng yaxshi tumanda yashashi uchun harakat qiling, eng yaxshi mashinalarni haydang va eng go‘zal uylarda istiqomat qiling”, - deya qo‘shimcha qildi prezident.

Turkiya prezidentining aniqlik kiritishicha, bularning bari turklar “Yevropaning kelajagi” bo‘lgani uchun qilinishi kerak. “Bu ularning sizga nisbatan adolatsiz munosabatiga eng yaxshi javob bo‘ladi”, - deya ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

Ma'lumot uchun, Erdo‘g‘an Yevropa mamlakatlari, jumladan Germaniya va Niderlandiya bilan, bu davlatlarda Turkiyaning bir necha siyosiy aksiyalari bekor qilingach, diplomatik mojaroga kirishdi. Turkiya rahbari shu sababdan Yevropa davlatlarini “natsistlar” va “fashistlar” ekanida aybladi.

Mavzuga oid