Ostonaga tashrif yakunlari. O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv chog‘ida Toshkent va Ostona munosabatlarida yangi sahifa boshlanganini ta'kidladi.
Tor doirada va kengaytirilgan tarkibda o‘tgan uchrashuvlar davomida Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev «do‘stlik va hamkorlik ko‘priklari» ikki xalq o‘rtasida O‘zbekistonning birinchi prezidenti davridayoq o‘rnatila boshlanganini tilga olib o‘tishdi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta'kidladi.
«O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanining tasdig‘idir», – dedi prezident.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning izchil davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta'kidladi.
«Sizning tashrifingiz Navro‘z bayrami kunlariga to‘g‘ri kelgani qadamingiz qutlug‘ ekanidan dalolatdir. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari har doim do‘stona va samarali bo‘lgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mening qadrdon do‘stim Islom Karimov ulkan hissa qo‘shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi oylarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sgani, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig‘idir. Tashrifingiz doirasida o‘tgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi», – dedi Qozog‘iston Prezidenti.
Mamlakatlar hamkorligi 1998 yilda Toshkentda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013 yilda poytaxtimizda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro siyosiy masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqin hisoblanadi.
Prezidentlar muzokaralari yakunida qator hujjatlar imzolandi
Mamlakatlarimiz mintaqadagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida bir xil pozitsiyaga ega ekani yana bir bor tasdiqlandi.
Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Orol muammosini muhokama qildi
Transport kommunikatsiyalari sohasi o‘zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.
Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poyezdi va ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilgani transport kommunikatsiyasini yanada kengaytiradi, hududlararo aloqalar, savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.
Muzokarada transport sohasida ikki tomonlama, uzoq muddatli tarif imtiyozlari berilishi mamlakatlarimiz transport koridorlari raqobatdoshligini, samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. Savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini saqlab qolgan holda uni diversifikatsiya qilish, eksport-import hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat va tadbirkorlik sub'yektlari kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegara yaqinida maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etadi
Muzokaralar yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Parlamentarizm, soliq, transport, mudofaa, savdo-sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar ham imzolandi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda avtomobillar yig‘ishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ular orasida alohida ahamiyatga ega.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlariga xos o‘zaro hurmat va samimiyat ruhida o‘tgani, barcha strategik masalalar bo‘yicha tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlaganini alohida ta'kidladilar. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida tarixiy ahamiyat kasb etishi, imzolangan hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.
Nazarboyev: O‘zbekistonning yangi rahbariyati to‘siqlarni olib tashladi
Tashrif doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Biznes-forumda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari ishtirok etdi. Ularning yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiyaviy bitimlar imzolandi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston chegara punktlari ish rejimi o‘zgaradi
Mavzuga oid
18:58 / 17.08.2024
Ostona aeroporti samolyotning favqulodda qo‘nishidan keyin yopildi
14:00 / 04.07.2024
Shavkat Mirziyoyev ShHT davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi
17:01 / 19.06.2024
Toshkentdan Ostonaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
13:23 / 05.06.2024