Jahon | 08:46 / 28.03.2017
13626
5 daqiqa o‘qiladi

Gruziyaliklar yevropaliklarga aylandi

28 mart kunidan Gruziya fuqarolari vizasiz Yevropa ittifoqi davlatlariga qisqa muddatga biometrik pasportlar bilan borishi mumkin.

Vizasiz rejim Shengen hududida erkin harakatlanish imkonini beradi, hudud o‘z ichiga YeIning 22 a'zo-davlati va 4ta a'zo bo‘lmagan mamlakat (Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveytsariya), shuningdek Shengenga to‘rtta nomzod davlatni (Bolgariya, Kipr, Ruminiya, Xorvatiya) qamrab oladi.

Shengen hududi mamlakatlarida yarim yil davomida 90 kundan ortiq qolish mumkin emas, shu bilan birga, ruxsat etilgan kunlardan taqsimlagan holda ham foydalanish mumkin. Vizasiz rejim Yevropa ittifoqi mamlakatlarida ishlash uchun ruxsat bermaydi. Qisqa muddatli tashrif maqsadi turizm, biznes-uchrashuvlar, treninglar, madaniy tadbirlarda qatnashish, yaqinlar va do‘stlarning oldiga borish kabilar bo‘lishi mumkin. Gruziya fuqarosi ishlash uchun yoki uzoq muddatga bormoqchi bo‘lsa, tegishli davlat konsulligida viza olishi kerak bo‘ladi.

Immigratsiya xizmati xodimi Shengen hududi chegarasida quyidagi hujjatlarni so‘rashga huquqi bor: moliyaviy ta'minot isboti – bankdan ma'lumotnoma, ishdan ma'lumotnoma va asosiysi – tashrif maqsadining tasdiqlanishi: ortga chipta, yo‘lovchi sug‘urtasi va mehmonxonadan xona band qilingani haqidagi hujjat, agarda sayyohlar qarindoshlarnikiga ketishayotgan bo‘lsa, ulardan taklifnoma talab etiladi. Moliyaviy ta'minot summasi bir kunda kamida 50 yevroni tashkil etishi kerak, bu mehmonxonada yashash uchun xarajatdan tashqari belgilangan.

"Asosiysi – Gruziya fuqarosi lozim bo‘lganda chegara nazoratida o‘zining qisqa muddatli tashrifi maqsadi, qayerga ketayotgani, nimaga ketayotgani va qachon qaytishi haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishi", - deya ma'lum qildi Gruziya TIV rahbari Mixail Janelidze.

Vizasiz rejim kuchga kirishi bilan xalqaro aeroportlardagi Gruziya davlat chegarasida yo‘lovchilarda Shengen hududiga kirish uchun talab etiluvchi barcha hujjatlar borligi tekshiriladi.

Shu bilan birga, vizasiz rejimni to‘xtatish mexanizmi ham kuchga kiradi. Bunday mexanizm bo‘yicha kelishuv YeI Kengashi tomonidan Ukraina va Gruziya fuqarolari uchun vizalarni bekor qilishda o‘ziga xos talab sifatida qo‘yilgan.

Tahlilchilar fikricha, Gruziyadagi ish o‘rinlarining yetishmasligi bu davlatlarga bormoqchi bo‘lgan noqonuniy muhojirlar soni ortishiga olib kelishi mumkin.

Mamlakat hukumati bunday holatlar oldini olish uchun chegara nazoratida o‘z fuqarolarining Yevropada qolish muddatini nazoratga oluvchi maxsus mexanizm ishlab chiqdi.

Gruziya fuqarosi YeI davlatlarida uch oydan ortiq qolib ketsa, Gruziya IIV va Adliya vazirligi bundan xabardor etiladi hamda qoidabuzarni qidirishga tushadilar. Bu jarayonning boshlang‘ich bosqichida barcha xarajatlar hukumat tomonidan qoplanadi, biroq bir qancha vaqtdan so‘ng qoidabuzarning bo‘yniga qo‘yiladi.

Gruziya poytaxti va qator yirik shaharlarida vizasiz rejim kuchga kirishi bo‘yicha tantanali marosimlar yakshanba kuni boshlandi. Tbilisida teleminora YeI bayrog‘i – ko‘k rangda yonib turibdi, markazda gala-konsert hamda ko‘ngilochar shou bo‘lib o‘tdi.

Vizasiz rejim kuchga kirganidan so‘ng YeIga birinchi bo‘lib mamlakat bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili boradi – u seshanba kuni hokimiyat vakillari, talabalar, milliy ozchilik vakillari, olimlar hamda tadqiqotchilar bilan Afina, keyin esa Bryusselga yo‘l oladi.

"Zamonaviy Gruziya uchun tarixiy kun keldi. YeIning Gruziya fuqarolari uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi qarori kuchga kirmoqda. Yevroparlament bunday qarorni 2 fevral kuni qabul qildi hamda yigirma sakkizinchidan boshlab bu haqiqatga aylandi. Bu qaror Gruziyadagi islohotlar va harakatlar samarasi", - deya ma'lum qildi parlamentning yevrointegratsiya bo‘yicha qo‘mitasi raisi Tamara Xulordava brifingda.

Gruziya aholisiga vizasiz rejim talablari haqida tushuntirish ishlariga oid axborot kampaniyasi bir oy davomida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid