O‘zbekiston | 22:14 / 28.03.2017
40549
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev ramziy tugmani bosdi: Navoiyda oltin qazish zavodi qurilishi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi. O‘zA xabariga ko‘ra, bu yerda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi

Mamlakatning barcha sanoat tarmoqlarida bo‘lgani kabi Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Prezident tashabbusi bilan 2017-2026 yillarda kombinatda 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 5-gidrometallurgiya zavodi ularning eng muhimlaridan biridir. Umumiy qiymati 396 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev yangi gidrometallurgiya zavodi ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

Davlat rahbari Auminzo-Amantoy oltin konlarida o‘zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferensiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi. 

Mehnat faxriysi Bahodir Bo‘ronov, Navoiy davlat konchilik instituti talabasi Gulchiroy Jo‘raqulova va boshqalar shunday yirik sanoat korxonasining tashabbuskori bo‘lgani hamda uning qurilishini boshlab bergani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. 

Davlatimiz rahbari shu yerda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limini tashkil etish borasidagi loyihalar bilan tanishdi. 

Prezidentimizning 2017 yil 17 fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida faoliyat boshlaydigan akademiyaning mintaqaviy bo‘limi Navoiy hududini texnologik va ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsiya ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga ixtisoslashgan bo‘lib, uning tarkibida 5 ilmiy laboratoriya ish olib boradi. 

Joriy yilning III choragida ish boshlaydigan ilmiy markaz fan va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishga, Navoiy davlat konchilik institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ulkan hissa qo‘shadi. 

Sanoat rivoji uchun ilm, innovatsiya suv va havodek kerak, dedi Prezidentimiz. Bu yerda Fanlar akademiyasining bo‘limini tashkil etishni hayotning o‘zi taqozo etdi. Bundan maqsad ilmga asoslanib mahsulotlarning tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini oshirishdir. Shu bois tadqiqotlarni zamon talablari asosida tashkil etish, laboratoriya ishlarini takomillashtirish zarur. Barcha izlanishlar istiqbolga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. 

Shavkat Mirziyoyev yaqin yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladigan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. 

2017-2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Pistali konini o‘zlashtirish va 6-gidrometallurgiya zavodini qurish, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-navbati, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi qurilishi va boshqa loyihalar ham namoyish etildi. 

Mavzuga oid