Jahon | 11:20 / 03.04.2017
39766
11 daqiqa o‘qiladi

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining kuni bitib bormoqda»

Foto: Total.kz

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yana 10 yilga ham bormay tarqalib ketadi, chunki bu ittifoqqa a'zo mamlakatlar yetakchilari o‘z dunyoqarashlarini o‘zgartirishadi. Rossiya esa alal-oqibatda Yevropa davlati ekanligini borasidagi faktni tan oladi. Gazeta.Ru’ga bergan intervyusida taniqli sovetshunos Zbignev Bjyezinskiy shunday taxminni ilgari surgan.

Amerika siyosatshunosligi piri, geostrateg va "buyuk fitna sochuvchi", AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter ma'muriyatining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan Zbignev Bjyezinskiy Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tez orada tanazzulga yuz tutishidan ogohlantirdi.

"Men Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yana 10–20 yil yashashiga ishonmayman, ayniqsa, uning mavjudligi jarayonida yetakchi rahbarlar o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishsa", — degan Gazeta.Ruga intervyu bergan siyosatshunos. 

Uning o‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning g‘arbiy Yevropa davlatlari bilan munosabatlari me'yorga kelganidan so‘ng, Rossiya tomonidan u Yevroosiyo emas, aynan Yevropa davlati ekanligi tan olinsa, Yevroosiyo ittifoqiga ehtiyoj qolmaydi.

Xohlovchilar ro‘yxati uzaydi

Avvalroq Bojxona ittifoqi, endi Yevroosiyo ittifoqi taqdiri borasida Bjyezinskiy bunday qarorga ilk bor kelayotgani yo‘q. MDH davlatlari Yevroosiyo ittifoqiga qo‘shilishni ko‘p ham istashmasligini Bjyezinskiy 2012 yilning dekabrida, AQSh kongressida chiqish qilganida ham aytib o‘tgan edi.

"Yevroosiyo ittifoqiga kim ham qo‘shilishni istardi? Fikrimcha, bu ro‘yxat unchalik uzun bo‘lmaydi", — degan edi o‘shanda siyosatshunos.

Ehtimolli nomzodlardan biri — Gruziya, lekin Rossiya bilan ittifoq Boku–Jayhon neft quvurining muhimligi nuqtai nazaridan, bu qadam ularning AQSh bilan do‘stona munosabatlariga rahna solishi mumkin".

Bjyezinskiy o‘shanda "Yangi ko‘rinishdagi SSSR"ga qo‘shilish uchun Markaziy Osiyo davlatlarida hammadan ham qamroq rag‘bati borligini taxmin qilgan edi. "Nazarboyev yetakchiligidagi Qozog‘iston? Yo‘q, bu juda shubhali. U Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar o‘rtasida ustalik bilan harakat qiladi. Karimov va O‘zbekiston? Buning ehtimoli o‘ta past — O‘zbekiston davlat mustaqilligi masalalarida juda qat'iy siyosatga ega", — deya bashorat qilgan edi Bjyezinskiy 2012 yilda.

Uning aytganlaridan nimalar amalga oshdi? Gruziya YeOII a'zosiga aylanmadi va bu mavzu ular uchun batamom yopildi. Lekin Yevroosiyo ittifoqiga shu o‘tgan yillar ichida Armaniston va Qirg‘iziston qo‘shildi. 

Moldova hozircha arosatda qolgan. 30 mart kuni mamlakat bosh vaziri Bryusselda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashganida, mamlakat parlamenti Kishinyov va Moskva o‘rtasida Moldovaning YeOIIga hatto kuzatuvchi maqomida a'zo bo‘lishi haqidagi bitimni ratifikatsiya qilmasligi bildirgan edi. Mart oyi o‘rtalarida Moldova prezidenti Igor Dodon esa shunday bitim 3 aprel kuni imzolanajagini bildirib o‘tgan edi.

Sovet imperiyasini qo‘msash

Ukrainaning Yevropa tomon yuz burishi bu tanlovning Rossiya va Ukraina uchun oqibatlari bir chetga surib turilganida ham, Yevroosiyo ittifoqi istiqbollariga qattiq zarba bo‘ldi. Bjyezinskiy 2011 yildayoq bu haqda ham ogohlantirgan edi.

O‘sha yillari bergan intervyularidan birida siyosatshunos Yevroosiyo ittifoqi reallik bilan uyg‘unlashmagan bir sog‘inch istagi ekanligini ta'kidlab, "yangi Rossiya imperiyasini yaratish borasidagi har qanday sa'y-harakat qattiq qarshilikka duchor bo‘lishi"ni aytib o‘tgan edi. 

"Na qozoqlar, na beloruslar va na ukrainlar qayta tiklanayotgan imperiyaning tarkibiy qismi bo‘lishni istamasligini "ro‘yobga chiqqan fakt" sifatida qabul qilmoq kerak", degan edi u o‘shanda. "Sobiq sovet respublikalari va birinchi navbatda milliy elitalar yagona yetakchi hukmronligi ostidagi yangi hokimiyatga bo‘ysunishni istashmaydi", degan edi u. Uning bu bashorati Ukraina misolida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Rossiya borasida ham ekspert hech qanday xushxabarlarni bashorat qilmagan. 2011 yilda Rossiya haqida u mana bunday degan edi: "Bunday qarama-qarshilik Rossiyaning zamonaviy, muvaffaqiyatli, demokratik, keyinchalik Yevropa davlati bo‘lishiga mudom zarar yetkazib kelaveradi". Bjyezinskiy Rossiyani hamon Yevropaning bir qismi hisoblaydi. Yevropa bilan o‘zaro munosabatlarning sovuqlashishi Rossiyaning foydasiga ishlamasligi, hattoki mamlakatning barbod bo‘lishiga olib kelishidan ogohlantiradi.

Muqaddas mustaqillik 

SSSRning tarqalib ketishini Bjyezinskiy ushbu hodisa ro‘y berishidan ikki yil avval, 1989 yilda bashorat qilgan edi. 1991 yilda Belovejsk o‘rmonida SSR ittifoqi "Xalqaro huquq sub'yekti" sifatida tugatilganligi haqidagi bitim imzolandi. 

Ikki yildan so‘ng Yevroosiyo mintaqasida nimalar ro‘y berishini kim biladi? Hech kim! Biroq, Bjyezinskiy darajasidagi klassiklarni sinchiklab o‘qish lozim. Mana, Bjyezinskiy "yetakchilar dunyoqarashini o‘zgartiradi", demoqda. Bir qaraganda, bu fikr absurddek tuyuladi. Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev 1994 yilda Moskva davlat universitetida ma'ruza o‘qir ekan, Yevroosiyo davlatlari ittifoqi tuzishni taklif etgan edi. Ya'ni, Nazarboyev Yevroosiyo ittifoqining asoschisi hisoblanadi, aynan u postsovet hududi vayronalarida yangi intagratsiya uyushmasini tuzishni taklif etgan. Nega endi bugunga kelib u dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak?

Biroq, Nazarboyevni YeOII a'zosi sifatida Qozog‘iston suverenitetining bir qismini yo‘qotayotgani tashvishga solmoqda. Bojxona ittifoqida qatnashishdan ham, 2013 farovon yilga solishtirilsa, Ostona plyuslardan ko‘ra minuslarga ko‘proq ega bo‘lmoqda. Qozog‘iston prezidenti Rossiya bozoriga qozoq oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini ilgari surishdagi muammolar, Rossiya elektr energiyasi bozoriga erkin ijozat yo‘qligi, elektr energiyasini tranzit qilish imkoniyatlari cheklanganligi borasidagi qiyinchiliklarni sanab o‘tgan.

Yevroosiyo ittifoqi zaruriyati borasidagi ikkilanishlarga Xitoy ham o‘z dalillari bilan ulush qo‘shgan. "Xitoy Rossiyadan ko‘ra Qozog‘istonga ko‘proq investitsiya kiritmoqda", — deydi Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy-tadqiqot instituti xalqaro iqtisodiyot va siyosat fakulteti professori Aleksey Portanskiy. Bu nuqtai nazardan, Rossiya va Qozog‘iston aslo hamkorlar emas, balki raqobatchilar hisoblanadi.

Rossiya bilan g‘oyaviy yaqin mamlakat hisoblanmish Belorussiya yetakchisi Aleksandr Lukashenko dunyoqarashi bo‘lmasa ham, kayfiyati o‘zgarayotganini bot-bot namoyish qilib turibdi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilinishidan avval u "Men ruslar bilan do‘stlik borasida savdolashmayman", degan edi. Endi esa yuzini G‘arb tomon burib, rus gazi bahosi uchun savdo uyushtirmoqda. Belorussiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, hozircha Rossiya undan 15 milliard dollar qarzdor. U yagona bojxona kodeksini imzolashdan bosh tortib, kodeksdan ko‘ra mustaqillik ko‘proq kerak ekanligini bildirib qo‘ydi. "Erkinlik va mustaqillik juda rentabelli, — degan Lukashenko. — Buni hech qanday pul va raqamlarda o‘lchab bo‘lmaydi".

Bu esa 2013 yilda Bojxona ittifoqida qo‘shimcha vakolatlarni milliylikdan yuqori darajaga berib qo‘yishdan aslo cho‘chimaslik kerak, degan o‘sha Lukashenkoning gaplari. "Mustaqillik — muqaddas emas. Hamma narsaning o‘z bahosi bor. Agar yaxshi yashashni istar ekanmiz, nimalardandir voz kechish, qurbon qilish kerak bo‘ladi. Asosiysi — insonlarning farovon yashashi", degan edi u. Aftidan, beloruslarning farovonligi Lukashenko uchun endi butun hayoti masalasi emasga o‘xshaydi.

Xitoydan yuz burish

Bularni kuzatar ekansiz, Bjyezinskiyning Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlari me'yorlashuvida yuksalish ro‘y berishi haqidagi izohlari ehtimoldan uzoq narsa bo‘lib tuyulmaydi. Bu yerda gap yevroosiyo oilasidagi davlatlar yetakchilarning nuqtai nazarlarida yuz berayotgan o‘zgarishlardagina emas.

2014 yil Qrimda referendum o‘tkazilgach va G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy etgach, ma'lumki, Kreml o‘z siyosatini sharqqa qaratishini e'lon qilgan edi. Oradan bir yil ham o‘tmadiki, avvaliga rus biznesi, keyin boshqaruvdagi elita Xitoy Yevropa o‘rnini bosa olmasligi va "Ipak yo‘li" loyihasi Xitoyga Rossiyani Yevropa bozorlaridan itqitib tashlash uchungina kerakligini anglab yetdi. 

"Xitoyliklarlar bilan muzokara olib borish o‘ta og‘ir", — deya yozg‘irgan edi hukumat amaldorlaridan biri. Uzoq reklama qilingan "Sharqqa yuz burish" AQSh va Yevropadagidek na arzon kreditlar, xom ashyolar hisobga olinmasa, na rus eksportining o‘sishiga olib keldi.

Rossiya fanlar akademiyasi akademigi va prezident maslahatchisi Sergey Glazevning mutlaqo teskari nuqtai nazari ham bor. Glazev Rossiya kelajagini AQSh bilan munosabatlar tig‘iz bo‘lib turganda, Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirish va Xitoy davlat boshqaruvi algoritmlarini faol o‘zlashtirishda ko‘radi. Aks holda, deya aniq ishonadi Glazev, Rossiya Yevropa ittifoqi chetiga chiqib qoladi. Yoki undan ham yomonroq vaziyat yuzaga keladi: tarqoq anklavlar yig‘indisiga aylanadi.

Bjyezinskiy esa, aksincha, Rossiyaga Xitoyni xavfli raqobatchi sifatida ko‘rishni tavsiya etadi. "Xitoyning Yevropaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo yo‘lini maqsad qilib Markaziy Osiyoga strategik kirib kelishi sobiq sovet ittifoqining sharqiy qismida Rossiyaning iqtisodiy hukmronligining susayishiga olib keladi" — bu Bjyezinskiyning Huffington Post’dagi maqolasidan iqtibos. 

Uning bu bayonoti borasida bahslashish va Bjyezinskiyni ruslarni yomon ko‘rishda ayblash mumkin. Balkim shundaydir. Lekin biror kishi Bjyezinskiyning voqealarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatini shubha ostiga ololadimi?