“O‘ztransgaz” gaz ta'minoti bilan bog‘liq qator dolzarb savollarga javob qaytardi
Tahririyatga respublikaning turli chekkalarida istiqomat qilayotgan odamlardan gaz ballonlari bilan bog‘liq muammolar haqida murojaatlar kelib tushdi. Viloyatlarga bo‘lgan safarlar davomida ham mazkur muammolarga shaxsan duch kelindi.
Shu sababdan Kun.uz “O‘ztransgaz” AK boshqaruvi raisiga qator savollar bilan murojaat qildi. Savollardan biri gaz ballonlari yetkazilayotgan hududlarda tabiiy gaz o‘tkazilishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Javob xatida aytilishicha, “bugungi kunda maishiy gaz ballonlar bilan ta'minlangan, tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarga tabiiy gaz yetkazib berilmaydi, ularga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan”.
Bundan tashqari, javob xatiga ko‘ra, suyultirilgan gaz bilan ta'minlanayotgan aholi xonadonlari ehtiyoji uchun maishiy gaz ballonlar hududlardagi gaz ta'minoti korxonalari va ularning tuman (shahar) gazta'minoti filiallari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shartnoma asosida foydalanish uchun yetkazib beriladi. Ushbu ishlar uchun mas'ullik filiallarning suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
Gaz ballonlari barcha fuqarolarga beriladimi yoki faqat kam ta'minlangan oilalargami, degan savolga shunday javob qaytarildi: “Aholi xonadonlariga maishiy gaz ballon vaqtincha foydalanishga berish, birinchi navbatda, tabiiy gaz yetkazib berish tanqis bo‘lgan hududlardagi tabiiy gaz ta'minotidan suyultirilgan gaz ta'minotiga moslashtirilgan xonadonlarga beriladi. Ushbu iste'mochilar ehtiyoji to‘liq qoplangandan so‘ng, boshqa suyultirilgan gaz bilan gazlashgan aholi xonadonlarining talab va ehtiyoji asosida yetkazib beriladi. Maishiy gaz balonni vaqtincha foydalanishga berish shartnoma asosida amalga oshiriladi”.
Aniqlik kiritilishicha, aholi iste'molchilari uchun suyultirilgan gaz narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyatlar moliya boshqarmalari tomonidan belgilangan narxlarda (suyultirilgan gazni ishlab chiqarish zavodlaridan tashib keltirish, gaz ballonlarga to‘ldirish, aholi xonadonlariga yetkazib berishdagi barcha avtotransport va boshqa xarajatlar hisobidan kelib chiqib belgilanadi) amalga oshiriladi. Shu sababli suyultirilgan gaz narxi har bir hududda alohida belgilanadi.
Jumladan, 1 kg. suyultirilgan gaz narxi “Janubgazta'minot” UKda (Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari) 327,6 so‘m, “G‘arbgazta'minot” UKda (Buxoro, Navoiy) 450,0 so‘m, “Markazgazta'minot” UKda (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo) 372,0 so‘m, “Toshkentgazta'minot” UKda (Toshkent viloyati) 606,0 so‘m, “Vodiygazta'minot” UKda (Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari) 644,7 so‘m, “Shimolgazta'minot” UKda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) 720,0 so‘m qilib belgilangan.
Aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash muddati qancha? Murojaatlarga ko‘ra, ayrim viloyatlarda 1-1,5 oyda to‘ldirib berishayotgan bo‘lsa, boshqa joylarda esa 2 oyda. Har safar har xil deb maktub yuborayotgan fuqarolar ham bor. Bunga esa shunday javob qaytarildi: “Kompaniyamiz tomonidan hududlardagi aholi ehtiyojidan kelib chiqib, har yili O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot Vazirligiga talabnoma kiritiladi. Iqtisodiyot vazirligi o‘z navbatida respublikadagi mavjud suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi zavodlarning quvvatlari va mavjud resurslardan kelib chiqib, aholi iste'molchilari uchun arzonlashtirilgan narxda suyultirilgan gaz hajmlarini ajratadi. Kompaniya ushbu ajratilgan suyultirilgan gaz hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar kesimida hududlardagi aholi iste'molchilari sonidan kelib chiqib taqsimlab beradi. Ajratilgan suyultirilgan gaz miqdorlari hududlardagi gaz ta'minot korxonalari va boshqarmalari tomonidan tuman (shahar)lar kesimida taqsimlanadi, tuman (shahar) gaz filiallari ajratilgan miqdorlar doirasida hududlar bo‘yicha tarqatish grafiklarini ishlab chiqadi hamda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan holda aholi xonadonlariga yetkazib berish ishlarini amalga oshiradi”. Bundan tashqari, qayd etilishicha, “O‘ztransgaz” kompaniyasi tomonidan aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz tasdiqlangan jadvallar asosida yetkazib berilishi doimiy nazoratga olingan”.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024