«Hech kim majburlab o‘qituvchi qilib qo‘ymagan». Tanqidga uchragan telejurnalistdan ochiq xat
Bloger va jurnalist Behzod Qobulovning «Sabablarning sabablari» maqolasida jurnalist o‘qituvchini tanqid nishoniga aylantirganiga e'tibor qaratgan. Maqolada harakatlari tanqid ostiga olingan, o‘zini Sanobar deya tanishtirgan jurnalist sayt tahririyati orqali muallifga ochiq xat yozdi. Quyida uning munosabati keltiriladi.
"Behzodbek, siz qaysi kasb egasi ekaningizni bilmadimu, ammo saytdagi tumtaroq fikrlaringizni o‘qib ajablandim. Donolarimiz "o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir" deyishgan. Ukam, har qancha zo‘r bo‘lsangiz ham sal o‘ylab, mulohaza bilan gapirsangiz bo‘lardi. Mayli, ko‘rsatuv yuzasidan fikringiz bor ekan, ayting, lekin "go‘l", "merov" kabi haqoratli so‘zlar ishlatmang. Bunday so‘zlarni ishlatish qaysi madaniyatli, o‘qimishli kishilarga xos. Yoki sizga shunday huquq berilganmi? O‘zaro hurmat, sizlab gapirish qon-qonimizga singib ketgan qadriyat, insoniy fazilat ekanini o‘rgatishmaganmi? Boz ustiga tanimagan, bilmagan odamni haqorat qilish, masalaning tub mohiyatini bilmasdan "yoqalashish" mentalitetimizga to‘g‘ri keladimi?
Endi siz bizni "qoraga chiqargan" mavzuga keladigan bo‘lsak, muallimning qadrini va hurmatini sizdan yaxshiroq bilamiz, yaxshiroq anglaymiz. O‘rni kelganida ularni ko‘klarga ko‘taramiz ham. Ha, fidoyi o‘qituvchilar ham ko‘p, ammo darsni qo‘l uchida, shunchaki o‘tayotgan, o‘quvchi taqdiriga befarqlar ham yo‘q emas. Bozordagi yoki boshqa biron korxonadagi e'tiborsizliklar unchalik tashvishli emasdir, ammo o‘qituvchining mas'uliyatsizligi inson taqdiri bilan bog‘liq. Muallim bolaga bir, ikki yoki uch kun bilim bermasin, u asta-sekin yalqov, dangasa, befarq bo‘lib boraveradi. Yaqin-yaqingacha avariya holatidagi, tom shuvoq qilingan xonalarda o‘qituvchi o‘quvchiga jon-jahdi bilan bilim bergan. O‘quvchisi bir kun kelmasa, uyigacha izlab borgan, qoloq o‘quvchini a'lochiga aylantirish uchun darsdan keyin qo‘shimcha mashg‘ulot olib borgan. Qani o‘sha fidoyi o‘qituvchilar?
Bugun o‘qituvchi mehnati davlatimiz e'tiborida. Oylik maoshlar yomon emas, qo‘shimcha rag‘batlar ham bor. Yana bir jihati hech kim majburiy ravishda o‘qituvchi qilib qo‘yilmagan, qancha orzu-havaslar bilan yoshlarga bilim berish uchun bor kuchimni sarflayman deb shunday ulug‘ kasbni tanlashgan. Shunday ekan, bu sharafli kasb egalarini faqat mehr-shafqatga munosib ko‘rsatishga ne hojat?! Kamchilik bo‘lganidan keyin aytiladi-da! Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarish ham mardning ishi, uni tuzatishga harakat qilish kerak. Biz fidoyi deb bilgan muallim o‘z nomiga munosib bo‘lsin deymiz. Axir birniki mingga deyishadi.
Ko‘rsatuvda tilga olingan maktab o‘quvchilariga kelsak, o‘sha kuni maktabda siz xonangizda o‘tirib olib taxmin qilgandek, hech qanday bayram bo‘layotgan emasdi. Darsdan keyin qizlar bellashuvi bo‘lishi kerak ekan, sizningcha buning uchun dars o‘tmagan o‘qituvchini ayblamaslik kerakmi?! Axir bir soatlik dars bir umrlik saboq degani hamku?! Qolaversa, hech qanday yig‘ilish ham bo‘layotgan emasdi. Hali boshlanmagan, hech kim kelib ulgurmagan "yig‘ilish"ni deb darsga kirmaslik insofdanmi? Vaholanki, shu kuni kimyo fanidan 5 soat dars qo‘yilgan, lekin o‘qituvchi hech qaysisiga kirmagan. Bu ham yetmagandek, biologiya o‘qituvchisiga yordam beraman deb, adabiyot, fizika o‘qituvchilari ham yig‘ilish, tadbir bor deb darsga kelmasligi, bu sizningcha yaxshimi?
Siz ko‘rsatuvda biz ko‘rganlarning o‘ndan birini ko‘rgansiz, xolos. Hamma gapni ham efirdan aytib, ko‘rsatib bo‘lmaydi. Biz ham kecha yoki bugun jurnalist bo‘lib qolmaganmiz, hayotning past-u balandini ko‘rib kelyapmiz. Men maktabda o‘qigan kezlar Navro‘z yoki boshqa bayramlar shanba yoki yakshanba kunlarida o‘tkazilardi, yoki tadbirlar darslardan keyin tashkil etilardi. Siz aytgandek "qaqqayib" o‘tirmaganman, o‘qituvchining berilib dars berishini tinglaganman.
Bugun har bir sohaga tanqidiy ko‘z bilan qarash, muammo va kamchiliklar haqida aytish, ko‘rsatuv kun tartibiga qo‘yilyaptimi, demak, bu davr talabi. Bundan ta'lim-tarbiya jarayoni aslo mustasno emas, kamchiliklar tilga olingani, bu kimningdir yerga urilishi emas, balki xatoliklarning oldini olish, sergaklikka chorlash. Bitta xato yoki kamchilikning oldi olingani bu yomonlik alomati emas.
Chetdan pisib gap otmasdan, marhamat, oynai jahon orqali chiqib, o‘sha o‘zingiz aytgan sabablarning sababini yoki hayotiy muammolarning ildizini aytib chiqing, biz qoyil qolaylik, UKAM.
«O‘qituvchiga osilmagan sen qoluvding o‘zi!». Jurnalist o‘ziga tupurganda
Mavzuga oid
15:21 / 24.07.2023
Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
07:31 / 14.07.2023
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat majburiy bo‘ladi
18:39 / 27.06.2023
O‘qituvchilarning ta’tili 56 kun etib belgilandi
20:40 / 22.06.2023