«Kreml ko‘tarinki ruhda tark etildi»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni-kecha Moskvaga qilgan davlat tashrifi hamon ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi.
Tashrif tomonidan hukumatlararo, idoralararo 16 milliard AQSh dollariga yaqin 40 dan ortiq shartnoma va bitimlar imzolangani bugun ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportlarida ham vatandoshlarimiz tomonidan qizg‘in muhokama etilayotganining o‘zi ham bu tarixiy tashrifning ahamiyati nechog‘lik yuqori bo‘lgani, strategik sherigimiz va iqtisodiy hamkorimiz bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi bilan boshlanadigan hamkorlikning yangi bosqichidan odamlarning umidi katta ekanligidan dalolat berib turibdi.
Sh.Mirziyeyovning Moskvaga qilgan tashrifi yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet-nashrlar tomonidan daqiqama-daqiqa yoritilib borilganiga guvoh bo‘ldingiz.
Rossiyalik hamkasblarimiz ham o‘z chiqishlarida ushbu tashrifning ahamiyati beqiyos ekanli haqidagi fikrlarni bot-bot takrorlashmoqda. Ana shunday internet-nashrlardan biri, Rossiyaning Lenta.RU nashri prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan, Tatyana Melikyan muallifligida maqola e'lon qilindi. Ushbu maqolada tilga olingan holatlar va fikrlar sizga ham qiziq bo‘lsa kerak, degan umidda uni o‘zbek tiliga o‘girdik. Xo‘sh, ruslar o‘z mamlakatiga ilk bor tashrif buyurgan yangi prezidentimizni qanday tanishdi va qay tomonlarini kashf etishdi ekan? Muzokaralar yakunlari bo‘yicha rus ekspertlarining fikri qanday?
Putin va O‘zbekistonning yangi prezidenti o‘rtasidagi muzokaralar shodon qahqahalar ostida o‘tdi
5 aprel, chorshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu lavozimda ilk bor Kremldagi muzokaralarda ishtirok etdi. Natijalarni prezident "misli ko‘rilmagan", deya baholadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa uning bu kayfiyatiga tamoman sherik edi. Birgalikdagi loyihalar portfeli summasi 15 milliard dollardan oshib ketdi. Bu holatda, respublika Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan birorta alyansda ishtirok etmaydi, biroq Rossiyaning Markaziy Osiyodagi siyosatida muhim rol o‘ynaydi. Rossiya–O‘zbekiston muzokaralari qanday o‘tgani-yu, hujjatlarni imzolash vaqtida nega har ikki delegatsiya ho-holab kulishgani haqida Lenta.ru materiali.
Hammasi oliy darajada
To‘shalgan qizil gilam bo‘ylab bir-biriga peshvoz kelayotgan prezidentlar davlat madhiyalarini tinglash uchun yelkama-yelka bo‘lishdi. Mirziyoyev va butun o‘zbek delegatsiyasi a'zolari madhiyani o‘ng qo‘lini ko‘ksiga bosib eshitishdi. Shundan so‘ng Putin saf tortib turgan Rossiya vazirlari oldiga boshlab, ularni birma-bir shaxsan tanishtirib chiqdi.
Marosimning favqulodda dabdabali tus olganiga sabab, O‘zbekiston prezidenti Rossiyaga davlat tashrifi bilan kelgani bilan tushuntirildi. Davlat tashrifi — xorijiy davlatlar vakillarining rasmiy safarlarining eng oliy darajasi hisoblanadi (rasmiy tashrif, ishchi tashrif kabilar ham bor — tah.) Juda ko‘p hollarda prezidentlar lavozimni egallagan vaqt mobaynida bir davlatga faqat bir marta davlat tashrifi bilan borishadi.
"Albatta, bu holda formal va sof protokolga xos narsalar ko‘proq. Biroq bizning hamkasblarimiz ham faol ish olib borib, hujjatlarning butun bir to‘plamini tayyorlashibdi", — deya deyarli sharqona mehmonnavozligini tushuntirar ekan Putin, gap "qog‘ozlarda emas, unda yozilgan mazmunda" ekanligini alohida ta'kidlab.
Rossiya yetakchisi Mirziyoyevning prezidentlik lavozimini egallaganiga qisqa vaqt bo‘lganiga qaramasdan, allaqachon savdo munosabatlarida o‘sish kuzatilayotganini qayd etdi. "Ba'zi bir pozitsiyalarda o‘sish juda hayratlanarli tarzda", — dedi Putin.
Bunga javoban uning suhbatdoshi yoyilib tabassum qildi. "260 foiz (o‘sish) ham bor!" — dedi u hayrat ma'nosida boshini yengil silkitar ekan.
Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari oldidan delegatsiyalarni tanishtirish
Mirziyoyev gapini ta'ziya bildirishdan boshladi va Sankt-Peterburgda yuz bergan portlashdan "barchamizning jonimiz og‘rigani"ni ta'kidladi. Moskva xiyobonlaridan birida birinchi prezident Islom Karimovga haykal o‘rnatilgani uchun alohida tashakkur bildirdi. "Yaxshi joy", — deya ma'qulladi mehmon. So‘ngra Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlikka alohida e'tibor qaratdi. Mirziyoyev "Rossiya bugungi kunda Afg‘oniston masalasida ilgari surayotgan har bir narsada yordam berishi va qo‘llab-quvvatlashini"ni va'da qildi. O‘zbekiston prezidenti ushbu muammoni harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligi, faqat muzokaralar jarayoni bilan hal qilish mumkinligini ta'kidladi.
Ancha vaqtdan buyon siyosatda
Mirziyoyev 2016 yil 2 sentabrda mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov 78 yoshida insultdan vafot etgach, avvaliga davlat rahbari vazifasini bajaruvchi, so‘ngra umumxalq saylovida g‘olib chiqib, prezident lavozimiga saylangan edi. Mirziyoyev — respublikada yaxshigina mashhur siyosatchi, 13 yil mobaynida mamlakat bosh vaziri bo‘lgan.
Vladimir Putin bilan u so‘nggi marta sentabr oyi boshida Samarqandda — O‘zbekiston prezidenti Karimov xotirasiga hurmat bajo aylash uchun kelganda uchrashgan edi. Mirziyoyev o‘shanda Putinning tashrifini respublika uchun qayg‘uli kunlarda "haqiqiy do‘stning yelkadoshligi", deya baholagan edi. Bunga javoban Putin Islom Abdug‘aniyevich bilan o‘rtalarida so‘nggi yillarda iliq, shaxsiy va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar o‘rnatilgani, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida esa o‘zaro munosabatlarning mustahkam asosi barpo etilganligini ta'kidlagan edi. Rossiya prezidenti Toshkent har qachon eng ishonchli do‘st sifatida Moskvaga ishonishi mumkinligini qayd etgan edi.
Rossiya prezidenti Samarqanddagi Hazrat Xizr masjidi qabristonida Islom Karimov qabriga gul qo‘yish marosimida
Mirziyoyev, shuningdek, Rossiya bilan munosabatlar "strategik sherikchilik va ittifoqchilikka asoslanib kelgani, shunday ekani va shunday bo‘lib qolishi"ni ham ta'kidlab o‘tgan edi. Shunday bo‘lsa-da, yangi prezident o‘zining birinchi davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirdi. 6 mart kuni u Ashxobodga bordi. Ikkinchisini esa — Qozog‘istonga. 22–23 mart kunlarini Mirziyoyev Ostonada o‘tkazdi. Moskva — Mirziyoyev yo‘lidagi faqat uchinchi poytaxt bo‘ldi.
Biroq RFA sharqshunoslik institutining Kavkaz va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi eksperti Stanislav Pritchinning fikricha, Mirziyoyevning faqat Qozog‘istonga tashrifini to‘laqonli davlat tashrifi, deb hisoblash mumkin.
Ekspertning eslatishicha, Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari uning uchun tashqi siyosatdagi bosh ustuvor ekanligini boshdan-bosh ta'kidlab kelgan. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zini faolroq namoyish eta boshlagan. Biroq asosiy savdo hamkorlari — Rossiya va Xitoy bilan uchrashish uchun tayyorlanish va mintaqadagi davlatlar bilan qarashlarni moslashtirib olish ham zarur edi.
O‘zbekiston avvalgidek Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga qo‘shilish uchun tayyor emas. "Bu tashkilotlarga qo‘shilmaslik Toshkentning tashqi siyosatdagi ustuvorligi bo‘lib qolmoqda, — deydi Pritchin. — Biroq bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning mashinasozlik sanoati mahsulotlari YeOII bozoriga chiqishda muammolarga duch keladi — himoyaviy bojxona tariflari xalaqit beradi. Bu nuqtai nazardan Yevroosiyo ittifoqi bilan erkin savdo hududi barpo etish Toshkent uchun manfaatli. Bunday format jiddiy integratsiyani nazarda tutmasa ham, bozorga kirish imkoniyati taqdim etadi".
Hujjatlar to‘plami
Delegatsiyalar muzokaralari shunchalik shiddat bilan yakunlandiki, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yetakchilar qo‘shma bayonot bilan chiqish qilayotgan Malaxit foyeda o‘z o‘rnini egallashga ham ulgurmadi. Jurnalistlar surila-surila Lavrovni o‘z qatorlariga o‘tqazib olishdi. Bu esa uning uchun o‘ziga xos "qopqon" bo‘ldi va u jurnalistlarning AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning Moskvaga kelishi borasidagi savollariga javob berishga majbur bo‘ldi.
Bu orada tomonlar uzoq va tantanali ravishda qirqdan ortiq hujjatlarga imzo chekishdi. Kreml diktori ruscha talaffuz qilinishi qiyin bo‘lgan ism-familiyalarga shunchalik diqqat-eʼtibor bilan berilib ketdiki, alal-oqibat oddiy ruscha familiyada xatoga yo‘l qo‘ydi.
"Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Aleksandrovich Ka... — gapi uzilib qoldi diktorning, — Vladimir Aleksandrovich Ka..." — ikkinchi bor tutilib qoldi u keyingi jumlalar uning qalbidan otilib chiqdi: "Tfu, kechirasizlar!"
Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot uchun bayonot
Umuman olganda, o‘z bayonotlarida prezidentlar keng tarkibda o‘tkazilgan muzokaralarda aytilgan so‘zlarni takrorlashdi. Tomonlar o‘zbek tomonining qayd etishicha 5 foizga, Rossiya tomonining ma'lumotlariga ko‘ra 4 foizga — 2,7 milliard dollargacha pasaygan tovar aylanmasini qayta jonlantirish borasida kelishib olishdi.
Toshkent texnologik uskunalarning importidan manfaatdor, yetkazib berish hajmi oshishi uchun Rossiyaning ba'zi bir mahsulotlariga aksiz solig‘idan ham voz kechmoqchi. Moskva esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlari va oziq-ovqatlari uchun "Yashil bojxona yo‘lagi" ochmoqchi.
Mamlakatlar avvalgidek energetika sohasida hamjihatlikni davom ettirishadi. Umumiy investitsiyalari hajmi 5 milliard dolardan oshgan "Lukoyl" — O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy sarmoyador hisoblanadi. Bundan tashqari, Moskva va Toshkent 12 milliard dollarlik yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida bitimlar to‘plami va 3,8 milliard dollarlik savdo shartnomalari imzolashdi, — deya e'lon qildi O‘zbekiston prezidenti.
"O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishni yanada jadallashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish haqida kelishib oldik: faqatgina so‘nggi yilda ularni Rossiya hududiga olib kirish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshgan. Bu 148,2 ming tonnani tashkil etadi", — deya raqamlarni tilga oldi Putin.
"Vladimir Vladimirovich, bunaqasi hech qachon bo‘lgan emas! Bu birgalikda amalga oshirilgan ishlarning yaqqol natijasi", — deya muzokaralardan qoniqish hosil qilganini bildirdi Mirziyoyev va "hududlarimiz uchrashish, savdo qilish, bir-birlari bilan bordi-keldi qilishni istashmoqda", deya qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Kremlni ko‘tarinki ruhda tark etmoqda.
Ekspertlar haqiqatan ham tashrif yakunlarini olg‘a qadam bosish, deya baholashmoqda. "O‘zbekistonda, birinchi navbatda, "Lukoyl" va "Gazprom" kabi yirik o‘yinchilar ishlab kelayotgan edi. Rossiyadan kichikroq investorlar ilgari ko‘zga tashlanmayotgan, endi esa ular ham respublikaga kela boshlashdi", — deya ta'kidladi Pritchin. Davlat dumasi tomonidan yaqinda ratifikatsiya qilingan harbiy hamkorlik haqidagi bitim ham O‘zbekiston qurolli kuchlari foydalanyotgan texnikani modernizatsiya qilish borasida bir qator qiziq loyihalarni nazarda tutadi. Parallel ravishda Pushkin nomidagi davlat muzeyida "Nukus xazinasi" ko‘rgazmasi ochilib, unda ilgari keng rus jamoatchiligiga yaxshi tanish bo‘lmagan rus avangardi kolleksiyasi taqdim etildi.
"Putin va Karimovning iliq shaxsiy munosabatlari ikki tomonlama pragmatik hamkorlikka aylanmagan edi. Endi esa biz vazirliklar va idoralar darajasida intensiv muloqot guvohi bo‘lyapmiz, — deya o‘z gaplarini xulosalaydi Pritchin. — Bu juda qiziqarli tashrif bo‘ldi va barcha tomonlar muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘zlariga katta plyus qo‘yishsa bo‘laveradi".
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024