Light | 12:10 / 17.04.2017
83226
8 daqiqa o‘qiladi

Tashxis: Sil kasalligi!

O‘tmishda sil kasalligiga yo‘liqqan inson moliyaviy ahvoli va yoshiga qaramay, hayotdan ko‘z yumardi. Bugun esa bu kasallik o‘tmishdagi kabi qo‘rqinchli emas. Tibbiyot sohasida erishilayotgan barcha yutuqlarga qaramay, uni sezmay qolish mumkin, yo‘qotish qiyin, unutishning esa iloji yo‘q. "Layfxaker" sil kasalligi haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Sil - nima?

Sil kasalligi — bu havo-tomchi infeksiyasi. U ko‘pincha o‘pkaga ziyon yetkazadi, lekin boshqa organlar: suyaklar, teri, ichakka ham "hujum" qilishi mumkin. Kasallikning yuzaga kelishiga Mycobacterium tuberculosis bakteriyalari sababchidir. Ular muayyan sohalarda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, natijada to‘qimalarda tugunlar va nekroz o‘choqlari (ya'ni o‘lik to‘qimalar) hosil bo‘ladi. Ular tufayli organlar normal ishlay olmaydi, organizm esa umumiy intoksikatsiya bilan javob qaytaradi.

Agar immunitet yoki dori-darmonlar kasallikni vaqtida to‘xtatmasa, inson hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, sil kasalligi butun dunyoda keng tarqalgan o‘lim sabablari o‘nligiga kiradi.

Sil kasalligi qanday va qayerda yuqishi mumkin?

Infektsiyaning asosiy o‘chog‘i — bemor kishilar. Shunday bo‘lsa-da, kasallikning jonivorlardan yuqish ehtimoli ham mavjud.

Atrofda kasallar qancha ko‘p bo‘lsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi.

Yirik shaharlarda jamoat joylarida bunday bemorlarga to‘qnash kelish hech gap emas.

Bemorlarning aksariyatida kasallikning yopiq shakli uchraydi, ya'ni bakteriyalar organizmni kemirib boradi, lekin atrof-muhitga ajralmaydi.

Silning ochiq shakli esa atrofdagilar uchun (bemorlarning o‘zi uchun ham) juda xavfli hisoblanadi, shuning uchun uni shifoxonada davolash zarur. Silning ochiq shaklidan aziyat chekuvchi kishilar bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish - katta xavf.

Sil kasalligiga duchor bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan joylar - odamlar yaxshi ovqatlanmay, gigiyenaga rioya qilmaydigan tor, sovuq, zax inshootlar. Bu - nafaqat qamoqxonalar, balki shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda ham shunday sharoitda yashaydiganlar talaygina.

Atrofda bemorlar ko‘p bo‘lsa, kasallik yuqishi muqarrormi?

Yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, infeksiya yuqishi - bu hali kasallik emas. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi kishida Mycobacterium tuberculosis bo‘lar ekan, lekin mikroblar har doim ham o‘zini namoyon qilmaydi. Silning organizmda bakteriya yashovchi faol shakli bilan kasallanish imkoni - 10 foiz.

Kimlar xavf guruhida?

Noqulay sharoitlarda yashovchi hamda immuniteti past kishilar. Bunday shart-sharoitlarda sil yashirin shakldan faol shaklga o‘tadi. Xavf guruhida:

1. Silning ochiq shakli bilan kasallangan bemorlarning qarindoshlari. Sabab — bakteriyalar bilan ko‘p aloqada bo‘lish.

2. Bolalar, keksalar, surunkali kasallikka yo‘liqqan kishilar. Ularning immuniteti kasallikning rivojlanishiga qarshilik qiladigan darajada kuchli bo‘lmasligi mumkin.

3. OIV-infeksiyali kishilar. Ularda kasallikning faol shakli mustahkam immunitetli kishilarga nisbatan 20-30 barobar tez rivojlanadi.

Sil kasalligi rivojlanayotgan mamlakatlarda, to‘laqonli ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bo‘lmagan joylarda keng tarqalgan.

To‘g‘ri ovqatlanish va sport silga qarshilik qilishga yordam beradi.

Silni qanday bilish mumkin?

Sil kasalligini tashxislash qiyin, chunki uni erta bosqichlarda nafas yo‘li kasalliklarining birortasi bilan adashtirish hech gap emas.

Erta bosqichdagi sil kasalligining belgilari:

1. Harorat 37–37,5 °C'gacha ko‘tariladi, yengil istimalash.

2. Holsizlik, tez charchash: hech nimaga kuch qolmaydi.

3. Vazn yo‘qotish. Bemor ishtahasiz bo‘ladi, sababsiz oza boshlaydi. Bolalardagi o‘sishning sekinlashishi ham  sil belgisi bo‘lishi mumkin.

4. Kuchli terlash, ayniqsa tunda.

5. Ko‘krak qafasida og‘riq turishi.

6. Haftalab ketmaydigan yo‘tal. Kasallik avj olganda balg‘amda qon ko‘rinadi.

Sil kasalligi belgilari asta-sekinlik bilan rivojlanadi, ularning barchasi bo‘lishi shart emas. Shuning uchun ham bolalarga mantu qilinadi, kattalar esa flyuorografiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu hatto kasallik o‘zini namoyon qilmaganda ham, uni aniqlash imkonini beradi.

Sildan qanday himoyalanish mumkin?

Infektsiyalardan himoyalanishning ikki usuli mavjud:

1. Nomaxsus - bu har qanday infeksiya profilaktikasida yordam beradigan usul. Sog‘lom hayot tarzi, odatiy gigena qoidalari, qulay yashash sharoiti. Hammaga odat bo‘lib ulgurgan uyga kirishingiz bilan qo‘llarni yuvish, xonalarni shamollatish, badantarbiya qilish va qomatni saqlash.

2. Maxsus - bu muayyan kasallik profilaktikasiga qaratilgan usul. Masalan, biror kasallikka qarshi emlash.

Emlash yordam beradimi?

100 foiz emas! Silga qarshi BTsJ vaksinasi mavjud. U infeksiya yuqishidan himoya qilmaydi, lekin murakkab holatlarga qarshilik qilishda yordam beradi. Xususan, u sil meningitining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq sil kasalligi bilan kurashda hujayra immuniteti muhim ahamiyatga ega, unga esa emlanishning aloqasi yo‘q.

BTsJ vaksinasi kasallikning eng og‘ir shakllari bilan og‘rimaslik va salbiy asoratlarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

Bu juda muhim, chunki silni har doim ham asoratlar rivojigacha davolab bo‘lmaydi. 2015 yilda dunyoning deyarli yarim million aholisida sil kasalligi qayd etilgan, ularga mashhur dori vositalarining aksariyati  yordam bera olmaydi. Bakteriyalarning qarshiligi oshgan sari kasallik ko‘payaveradi. Bunday holatlarda emlash - og‘ir vaziyatlarning oldini oluvchi eng yaxshi usul.

Unda Mantuning nima keragi bor?

Mantu reaksiyasi - bu organizmda sil kasalligining qo‘zg‘atuvchi bormi yoki yo‘q, bor bo‘lsa, jim yotibdimi yoki tashuvchisini kemirishni boshlaganmi - shuni ko‘rsatib beruvchi test sinovi.

Aniq tashxis qo‘yish uchun rentgenografiya yoki kompyuter tomografiyasidan o‘tish, bakteriyalarni aniqlash uchun tahlillar topshirish kerak bo‘ladi.

Sil aniqlansa, nima qilish kerak?

Alabatta, davolanish kerak, chunki bugungi kunda sil - hukm emas. Kasallik haqida ma'lumotga ega bo‘lish va bu haqida yaqinlarni xabardor etish, chunki bundan buyon siz - kasallik manbai bo‘lib, uni boshqa odamlarga yuqtirishingiz mumkin. Ehtimol, yaqinlaringiz orasida silga chalinganu bundan o‘zining ham xabari yo‘q kishilar bordir, zero hamma ham kasallikning belgilariga e'tibor qilavermaydi. O‘z vaqtida shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turish kasallikni erta bosqichlarida aniqlash va uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.

Mavzuga oid