Yangi davrdagi yangicha boshqaruv uslubi: Toshkentda hokimlarning yarmidan ko‘pi nega almashtirildi?
18-19 aprel kunlarida Toshkent shahridagi 11 tumandan 6tasida yangi hokimlar ish boshlagani ma'lum bo‘ldi. E'tiborli jihati, tumanlarda shu vaqtgacha yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan nomlar ish boshladi.
Xususan, Davlat raqobat qo‘mitasining sobiq raisi Davron Hidoyatov poytaxtning Chilonzor tumaniga, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan Baxtiyor Abdusamatov Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Dilmurod Turdiyev Yashnobod tumani hokimi bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Rahmonov Baxtiyor Sultonovich Sergeli tumaniga hokim bo‘ldi.
Ko‘p yillar davomida Mirzo Ulug‘bek tumani ma'muriyatini boshqargan Shavkatbek Ergashev esa Uchtepa tumaniga yangi rahbar sifatida tayinlandi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga kiruvchi Toshkent mexanika zavodining sobiq boshqaruv raisi — bosh direktor lavozimida ishlagan Shuhrat Po‘latov Mirobod tumanini boshqaradigan bo‘ldi.
Hozircha hokimlarning yoppasiga ishdan olinishiga rasmiy izohlar berilmayapti va avvalgi hokimlarning keyingi faoliyati haqida ham aniq ma'lumot aytilmayapti. Lekin tusmol qilish mumkinki, hokimlarning faoliyati qoniqarsiz baholanib, ishdan olinishida virtual qabulxona hamda xalq qabulxonalariga yo‘llanayotgan murojaatlar ko‘lami asosiy sabab bo‘lishi mumkin. Ya'ni, rahbarlar fuqarolarning murojaatlariga javoban e'tiborsizlik ko‘rsatilishi tufayli ishdan olinmoqda.
Ekspert Toshkent shahridagi tumanlar hokimlari yoppasiga almashtirilishi, vazirlik darajasidagi amaldorlarning quyi lavozimlarga tushirilishi borasida fikr bildirib o‘tgan.
U Toshkent shahrining rahbar kadrlari mamlakat hukumati darajasidagi kadrlar bilan boyitilayotganini e'tirof etgan.
«Masalan, Yunusobod, Chilonzor, Yashnobod tumanlari rahbarlari hukumat nomenklaturasidagi shaxslar. Bunday yondashuv tumanlarning hukumat resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi va shahar hokimligining nufuzini birmuncha susaytiradi», deydi u.
U shu bilan birgalikda yangi tayinlovlar o‘ziga xos «shtrafbat» ham bo‘lishi mumkinligini aytadi.
«Tumanlarga tayinlanayotgan hokimlar ilgari markaziy idoralarda rahbar bo‘lib, tarallabedod bo‘lib yurgan bo‘lsa, mamlakat rahbariyati ularning ko‘zini ochib qo‘yish maqsadida muammoli tumanlarga rahbar qilib yuborayotgan bo‘lishi mumkin», deya ehtimoliy sabablardan birini keltiradi ekspert.
«Uchinchidan, quyidan, ya'ni pastdan chiqqan rahbar uzoqqa boradi, bir narsani eplashi mumkin degan tushuncha. Yangi davrdagi kadrlar siyosatida aynan shu g‘oya yotibdi. Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarining tumanlarga yuborilishi ularning istiqbolda markaziy idoralarga rahbar bo‘lib kelishi uchun tramplin vazifasini bajarishi mumkin. Ya'ni ular sinovga tashlandi.
To‘rtinchidan esa shahar hokimi mamlakat rahbariyati oldida o‘z pozitsiyasini yo‘qotib borayotganligini ko‘rsatadi. Chunki qo‘l ostingdagilarning yoppasiga ishdan ketishi sening ko‘nglingni xotirjam qiladi, deyish noo‘rin.
Beshinchidan, Toshkentni katta o‘zgarishlar kutyapti, mamlakat rahbariyati bu yangiliklarni yangi komanda, «svejiy» kuchlar bilan joriy qilishni niyat qilgan bo‘lishi ham mumkin», deya xulosalarini bergan u.
Ayni vaqtda Toshkentning 5ta tumanida hokim o‘zgarmay turibdi. Bular — Shopo‘lat Asqarov (Bektemir tumani), Sherzod Kudbiyev (Mirzo Ulug‘bek tumani), Bahodir G‘oibnazarov (Olmazor tumani), Sarvar Mahametov (Yakkasaroy tumani) va Oybek Mirtemirov (Shayxontohur tumani).
Prezident shu haftada Olmazor tumaniga borishi kutilmoqda. Prezidentning Yunusobod va Chilonzor tumanlariga tashrifidan keyin rahbar xodimlar ishdan olingani ushbu tumanda ham shunday o‘zgarish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi.
Ba'zi manbalarga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligida ham o‘zgarish ro‘y berishi mumkin.
Mart oyida mamlakat prezidenti belgilangan vazifalar ijrosi, tizimdagi muammolar va sohalarning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazgan, majlisda Toshkent shahri hokimi, prokuror, IIB boshlig‘i hamda Soliq boshqarmasi rahbariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 2 oy muhlat berilgandi.
Voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Rahmonbek Usmonov ham ishdan olinishi yoki lavozimi tushirilishi, uning o‘rniga esa yana bir yuqori lavozimli amaldor tayinlanishi mumkin.
Mavzuga oid
15:00 / 03.04.2024
Hokimlar va futbol. Bozorov, Abdurazzoqov, Azimov chempionlik maqsadini qo‘ydi, Abdurahmonovga 10-raqamli libos topshirildi
12:58 / 29.01.2024
O‘zbekistonda yana 16 ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi
22:33 / 04.10.2023
Eng kam hokim almashgan viloyat – Namanganning barcha rahbarlari bitta suratda
15:56 / 21.09.2023