Jamiyat | 19:01 / 24.04.2017
18286
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarda chuqurchalar paydo bo‘lgan holatda kimga murojaat qilish kerak?

24 aprel kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbir davomida OAV vakillari o‘z savollari bilan murojaat qilishdi. Jurnalistlarning “Avtomobil yo‘llarida chuqurchalar paydo bo‘lgan holatda kimga murojaat qilish mumkin? Bu chuqurchalar qancha vaqt davomida bartaraf etiladi?” degan savoliga Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi xodimi quyidagicha javob qaytardi: “Yo‘llarda paydo bo‘ladigan chuqurchalar mavsumga qarab ta'mirlanadi. Agar chuqurcha qishda paydo bo‘lsa, tabiiyki, uni sement-beton bilan yopishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun, ular tegishli idoralar tomonidan sovuq asfalt-beton massalar, qora qorishmalar bilan ta'mirlanadi. Yo‘llarda chuqurchalarning paydo bo‘lishi oraliq ta'mirlash muddatiga bog‘liq. Agar yo‘llarda chuqurchalar paydo bo‘lsa, bu holat Avtomobil yo‘llari davlat idoralari tomonidan bir hafta mobaynida, ayrim hollarda esa, bir oydan ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida bartaraf etilishi lozim”.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Davlat qo‘mitasi prezidentning 2017 yil 14 fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgandi.

Mavzuga oid