O‘zbekiston | 09:26 / 27.04.2017
26108
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQShga soxta viza tayyorlash bilan shug‘ullangan tovlamachi ayol qo‘lga olindi

Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari AQShga chiqish uchun soxta viza tayyorlash bilan shug‘ullangan toshkentlik 59 yoshli Diloromxon Murodovani qo‘lga oldilar, deb yozmoqda Sputnik. 

U AQShga borishni mo‘ljallagan o‘zbekistonliklarga ma'lum haq evaziga viza bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilishini aytgan. Xususan, u fuqarolardan biriga uni 25 mayda Sietldagi konsertda qatnashuvchi musiqachi sifatida jo‘natib yuborishini aytib viza rasmiylashtirishni tezlashtirish uchun 5 ming dollar so‘ragan. Fuqaroning ishonchiga kirish uchun u "O‘zbekkonsert" davlat muassasasida tanishlari borligini aytgan.

"Tovlamachi 5 ming dollarni olayotganida qo‘lga olindi. Dastlabki surishtiruv paytida u o‘z aybiga iqror bo‘lmadi, biroq tezkor xodimlar tomonidan to‘plangan dalillar ko‘rsatilganidan so‘ng aybini to‘liq tan oldi. To‘plangan ma'lumotlarga qaraganda, Murodova shunday tovlamachilik yo‘li bilan boshqa fuqarolardan ham pul olgan", — degan MXX vakili.

Bosh prokuratura ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ayni vaqtda tovlamachi ayol va uning sheriklari amalga oshirgan qonunga xilof boshqa ishlar ham aniqlanmoqda.

Mavzuga oid