Jamiyat | 21:15 / 01.05.2017
8892
4 daqiqa o‘qiladi

«Ishonch telefon»lari: murojaatlar asosan savdo va terminal bilan bog‘liq

Bugun O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imtiyoz va qulayliklar o‘zining samaralarini bermoqda, ushbu soha vakillarining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi yanada ortib bormoqda.

Biroq, bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z faoliyatini mavjud qonun talablari asosida olib borish va rivojlantirish o‘rniga turli xil qonunbuzarlik yo‘llari bilan o‘z daromadini oshirishni niyat qilgan «g‘irrom» tadbirkorlar ham afsuski uchrab turibdi.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2777-sonli qarorining mazmun-mohiyati va ushbu qarorga muvofiq joriy etilgan tartib-qoidalarni keng tushuntirish va sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ko‘zda tutilgan jazo choralari yuzasidan tegishli ogohlantirish hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazib borilayotganiga qaramasdan, ayrim nopok tadbirkorlar tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinmayotganligi fuqarolarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida davlat soliq xizmati organlarining «Ishonch telefon»lariga 3758 ta murojaat kelib tushgan.

Ushbu murojaatlarning aksariyatida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida savdo qoidalarining buzilganligi hamda to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda hisob-kitob «Terminal» apparatlari ishlatilmayotganligi, xarid cheki bermaslik holatlari qayd etilgan.

Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarga barham berish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tomonidan tashkil etilayotgan nazorat tadbirlari davomida «Ishonch telefon»lariga kelib tushayotgan murojaatlar o‘z tasdig‘ini topib, qoidabuzarliklarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, mazkur murojaatlar asosida 2017 yilning o‘tgan davri mobaynida birgina Toshkent viloyatidagi bozorlar va savdo komplekslarida jami 230 dan ortiq nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlar natijasida 79 ta holatda nazorat-kassa mashinasidan foydalanmaslik, 75 ta holatda savdo va xizmat ko‘rsatishdan tushgan naqd pul tushumini bank kassalariga topshirmaslik, 33 ta holatda to‘lov terminallari o‘rnatmaganlik va 2 ta holatda to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda tovar narxiga nisbatan ustama haq qo‘yish singari qoidabuzilishlar aniqlangan.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining Buxoro viloyat bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat markazidagi «Karvon» savdo kompleksi, «Markaziy» va «To‘qimachi» dehqon bozorlari hamda «Sitora» avtomobil bozorlarida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida 100 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektlarida tashkil etilgan qisqa muddatli nazorat tadbirlarida nazorat kassa mashinasidan xarid cheki bermaslik, 40 dan ortiq holatda to‘lov terminali o‘rnatmaslik, 100 ga yaqin holatda naqd pul tushumlarini yashirish orqali ularni bankka topshirmaslik hamda to‘lovlarni to‘lov terminali orqali qabul qilishda qo‘shimcha ustama qo‘yish va to‘lovni plastik karta orqali qabul qilishdan bosh tortish singari qonunchilik talablari qo‘pol tarzda buzilgani aniqlangan.

Mavzuga oid