Jahon | 14:23 / 04.05.2017
24611
2 daqiqa o‘qiladi

Isfahondagi Naqshi Jahonda yer osti tunnellari topildi

Eronning Isfahon shahridagi Naqshi Jahon ansamblidan o‘rin olgan Imom masjidida olib borilgan qazish ishlari davomida tadqiqotchilar qadimgi yer osti tunnellariga duch kelishdi.

Foto: tabnak.ir

Eronning Isfahondagi milliy meros, hunarmandchilik va turizmni tashkillashtirish bo‘linmasi rahbari Faridun Allohiyoriyning aytishicha, yaqinda tarixiy Imom masjidida o‘tkazilgan qazish ishlari davomida to‘rt metr chuqurlikda tunnellarga duch kelingan. Bir paytlar bu tunellardan suv oqqan ekan, deb xabar beradi Financial Tribune nashri.

Arxeologlar uzunligi 12 metr va 34 metr bo‘lgan ikkita keng tunnelga, shuningdek, masjidning murakkab konstruksiyasiga mos qilib qurilgan boshqa kichik tunnellarga duch kelishgan.

Foto: tabnak.ir

Allohiyoriyning so‘zlariga ko‘ra, tunnellarning ochilishi Safaviylar sulolasi hukmronlik qilgan vaqtda (1501–1736) bunyod etilgan Naqshi Jahon maydoni ostida murakkab konstruksiya berkinib yotganidan dalolat beradi.

«Agar zaruriyat tug‘ilsa topilmani hujjatlashtirib, saqlab qo‘yish uchun tunellar sinchiklab o‘rganilmoqda», — dedi Isfahondagi madaniy meros tashkiloti rahbari.

Imom masjidi Isfahonning bosh maydoni — Naqshi Jahonda joylashgan. U XVII asrda barpo etilgan va YuNeSKOning butunjahon meroslari obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: tabnak.ir

Shoh masjidi nomi bilan ham mashhur bo‘lgan Imom masjidi — Erondagi mashhur me'morchilik yodgorligi hisoblanadi va 20 mingtalik riyol banknotalarida ham tasvirlangan. Uni qurish 1611 yilda boshlangan va 18 yil o‘tib tugallangan.

O‘zining hashamdor tashqi ko‘rinishi — yetti rangdan foydalangan koshinlar, kalligrafik bitiklar tufayli bu masjid Eronning eng mashhur osori atiqalaridan biri hisoblanadi va mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlarning obektiviga albatta tushadi.

Mavzuga oid